Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasida bo‘ldi.
Mahallalarda shakllangan kasb-hunarlarni rivojlantirib, drayverga aylantirish, shu orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Uychi tumanidagi Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalarida temirchilik shunday yo‘nalish.
2021 yilda bu yerda temirchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilib, xonadonlardagi usta-hunarmandlarga zarur sharoitlar yaratib berildi. Uch gektar maydonni egallagan majmua yo‘l, energiya, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Sanoat zonasida birinchi bosqichda 52 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Ustalar xomashyoni “Aziya metall prof” korxonasi va Toshkent metallurgiya zavodidan olib, temirdan darvoza, eshik, so‘ri, panjara va boshqa metall buyumlar ishlab chiqarmoqda.
Joylarda bu mahsulotlarga talab yuqori. Shu bois tadbirkorlar barcha viloyatlarda o‘z savdo uylari va ishlab chiqarish filiallarini ochgan. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarga 1,2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Ikkinchi bosqichda yana 45 ta loyihani amalga oshirish, 1 ming 330 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, yoshlarni va ishsiz fuqarolarni hunarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda mahallabay ishlash orqali ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
Sayxunobod tajribasi asosida 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga iqtisodiy idoralarning rahbar va mas’ul xodimlari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga 557 ming xonadondagi imkoniyatlarni o‘rgangan.
– Men Sayxunobodda “bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi” dedim. Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirish. Uychi tumani ham iqtisodiyoti og‘ir hudud. Ushbu tizim asosida ishsizlarga tomorqadan daromad topish, o‘z ishini ochish, qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish kerak, – dedi prezident.
Davlatimiz rahbari Qumtepa mahallasi markazida ham bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mazkur mahallada 5 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Xonadonlar metalni qayta ishlash, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Bu yil mahalla qiyofasi yaxshilandi. Mahalla idorasi uchun yangi bino qurildi. Barcha xonadonlar ichimlik suvi ta’minotiga ulandi. Ichki yo‘llar, elektr tarmoqlari ta’mirlandi. “Yashil makon” dasturi doirasida yo‘l bo‘ylariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mahallada tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, sport maydonchalari, tibbiyot punkti, kutubxona, oziq-ovqat do‘konlari hamda dorixonalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Yangi mahalla binosida Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi ham tashkil etildi. Bu yerda aholi va tadbirkorlar ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Prezident buni ma’qullab, davlat idoralari bilan bog‘liq masalalarni iloji boricha mahallalarning o‘zida hal etish zarurligini ta’kidladi.