Andijon viloyati Andijon tumanining 24-maktabi yangi jihozlar olish uchun “Tashabbusli budjet” loyihasiga kiritilgan. Ayni paytda bu tashabbusning to‘plagan ovozlari soni bo‘yicha tumanda ikkinchi o‘rinda bo‘lib turishiga maktab o‘qituvchilarining hissasi katta – ular ovoz yig‘ishga jalb etilmoqda.
Majburiy ovoz yig‘ishdan norozi bo‘lgan boshlang‘ich sinf ustozlaridan biri Kun.uz'ga murojaat qildi.
“O‘tgan yillarda ham "Open budjet" uchun ovoz yig‘ganmiz, lekin bu yildan direktorimiz Sarvar Nasriddinov shunaqa oshirib yuboryapti. Har birimizga 3 ta hali sim-karta ochilmagan pasportni topib, sim-karta sotib olib, ovoz berishni yoki pul yig‘ib berishimizni talab qilyapti. Hademay, maktabga “ovoz berdingmi?” deb chaqiraveradi”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan pedagog.
O‘qituvchi taqdim etgan skrinshotlarda sinf rahbarlari o‘z sinfidagi har bir o‘quvchi soniga 5 tadan, sinf rahbarligi yo‘q fan o‘qituvchilari esa umumiy 30 ta ovoz to‘plashi kerakligi aytiladi.
“Masalan, 30 nafar o‘quvchisi bor sinf 150 ta ovoz to‘plashi kerak. Hozirdan reja boshlandi. Bugungacha to‘planganlari o‘tdi, hozirdan start ketdi. O‘quvchilar soni va rejasi yuborilyapti.
1-4-sinflar Sayfullayev Oyatilloga, 5-8-sinflar Azizov Abdulazizga, 9-11-sinflar Azimov Avazbekka kunlik hisobini yuborasiz”, deyiladi maktab xodimlari uchun tashkil etilgan Telegram-guruhidagi xabarda.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, maktab direktori Sarvar Nasriddinov ta’lim maskanida tovuqxona ham tashkil qilgan hamda o‘qituvchi va o‘quvchilardan tovuq olib kelishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 1 fevraldan kuchga kirgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni shakllantirish hamda taqdim etishni talab qilish, ularning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash taqiqlangan.