Qumqo‘rg‘onda sel talafotlarini bartaraf etishga Surxondaryo viloyatidagi barcha tumanlardan yordam chaqirildi

O‘zbekiston 10:14 / 24.03.2024 24236

Bundan bir necha kun oldin Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida kuchli yog‘ingarchilik ortidan sel oqib aholi xonadonlarini sel bosgandi.

Jumladan, Elobod mahallasida 2 ta ichki ko‘chada joylashgan 47 ta, Azlarsoy mahallasi hududidagi 5 ta ichki ko‘chada joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar joylar ichkarisiga kirgan.

Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Azlarsoy mahallasidagi 56 ta xonadondan 210 nafar va Elobod mahallasidagi 32 ta xonadondan 150 nafar aholi xavfsiz hududda joylashgan yaqin qarindoshlarining uylariga vaqtincha ko‘chirilgan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Qumqo‘rg‘on tumanining sel-suv toshqinlaridan talafot ko‘rgan Elobod, Yangishahar, Bog‘aro va Azlarsoy mahallaridagi 61 ta ko‘cha shahar, viloyatdagi barcha tumanlar hamda korxona va tashkilotlarga biriktirilgan.

Hududlardan 10 mingga yaqin hasharchi, 200 dan ortiq yuk mashinalari, 100 ga yaqin maxsus transport vositalari, 50 ta motopompa vositalari jalb qilingan.

23 mart holatiga 130 dan ortiq xonadon loyqa suvlardan tozalangan, 12 km ichki yo‘llarga qum-shag‘al to‘kilgan, 3 mingdan ortiq obekt hamda 2,5 mingga yaqin suv hovuzlari dezinfeksiya qilingan.

Aholi qaramog‘idagi 100 dan ortiq chorva mollari xavfsiz hududlarga o‘tkazilib, veterinariya xizmati ko‘rsatilgan. Tozalangan va tartibga keltirilgan ko‘chalar bo‘ylab, 1 mingdan ortiq, mavsumga mos daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.

“Ayni vaqtda FVB, IIB, Milliy gvardiya boshqarmalari boshliqlari, shahar va tumanlar hokimlari rahbarligida biriktirilgan ko‘chalar bo‘ylab, tozalash-ta’mirlash, obodonlashtirish, ko‘chalarni tartibga keltirish va daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: