O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi o‘z missiyasini yakunladi

O‘zbekiston 14:05 / 23.03.2024 4725

O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov Saudiya Arabistonidagi diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Qirollik rasmiylari bilan o‘tgan xayrlashuv uchrashuvlarida so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlari sezilarli darajada faollashgani ta’kidlangan. 

2022 yil 17-18 avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tarixiy davlat tashrifi bo‘lib o‘tgan. Davlat rahbari 2023 yil 19 iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan qirollikda bo‘lgan.

Ushbu tashriflar tufayli qisqa vaqt ichida ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlangan. Bunga Savdo, iqtisod, investitsiyalar, fan, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari bo‘yicha O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining uchta yig‘ilishi hamda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchta davrasi o‘tkazilgani ham hissa qo‘shgani ta’kidlangan. 

Ayni paytda Toshkent shahrida Tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi, 2025 yilda esa “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti bo‘yicha davlat rahbarlari sammitiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

“Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Ikki mamlakatda O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari ishtirokida navbatma-navbat 8 ta biznes-forum o‘tkazildi. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashining 3 ta yig‘ilishi – Buxoro, Toshkent va Ar-Riyozda muvaffaqiyatli o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyasi 30 mlrd dollardan ortiqni tashkil etadi. 2-3 may kunlari bo‘lib o‘tadigan 3-Toshkent xalqaro investitsiya forumida Saudiya Arabistoni biznesining faol ishtiroki kutilmoqda.

Ulug‘bek Maqsudov elchi lavozimida 2018 yilning may oyidan beri ishlab kelayotgandi. U bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi O‘zbekistonning doimiy vakili ham bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: