Moskvada - 10 yildan ortiq vaqt ichidagi eng yirik terakt. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 08:09 / 23.03.2024 67691

Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Holl»da harbiy libosdagi shaxslar «Piknik» guruhi konserti arafasida avtomatdan odamlarni o‘qqa tutdi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 60 kishi halok bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi 115 nafar jabrlanuvchi shifoxonalarga yotqizilgani, shundan besh nafari bolalar ekanini ma’lum qilgan. Otishma boshlangan mahalda zalda olti mingga yaqin tomoshabin bo‘lgan bo‘lishi mumkin — «Piknik» konserti uchun barcha chiptalar sotib bo‘lingandi. Odamlar «Krokus Siti Holl»ni tark etayotganida u yerda bir necha portlashlar sodir bo‘lgan. Binoda yong‘in boshlangan, uning tomi amalda butunlay qulab tushgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt to‘g‘risida ish ochgan. Vladimir Putinga ro‘y bergan hodisa haqida «ilk daqiqalardayoq» xabar berildi, degan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Otishma «Piknik» guruhining Moskva chekkasidagi «Krokus Siti Holl»dagi konserti arafasida boshlandi.

RIA Novosti muxbiri xabariga ko‘ra, parterga kamuflyajda bo‘lgan kamida uch kishi bostirib kirib, avtomat quroldan o‘t ocha boshlagan. Shundan keyin, ular granata yoki yondiruvchi shashka uloqtirgan, natijada yong‘in boshlangan. Zaldagi odamlar polga yotishgan, 15–20 daqiqa o‘tib u yerni emaklagan holda tark etishga kirishishgan.

Konsertga kelgan va omon qolganlardan biri «Novaya gazeta Yevropa» nashri bilan suhbatda otishma konsert boshlanishi arafasida, ikkinchi va uchinchi qo‘ng‘iroqlar oralig‘ida ro‘y berganini aytgan. U foyeda avtomatdan sidirg‘asiga o‘t ochilganini eshitgani, shundan keyin qo‘riqchilar odamlarni zaldan sahna orqali chiqara boshlaganini aytgan. Otishma vaqtida ayrim tomoshabinlar hali paltolarini garderobga topshirayotgandi.

Guvohlar «Moskva 24» nashriga boloxonada o‘tirishgani va otishma ovozlarini eshitishganini gapirib berishgan. Ular ikkinchi qavatdan tusha boshlashganida allaqachon zalda ham odamlarni ota boshlashganini tushunishgan. Boshqa guvohlar, o‘q ovozi kelishi bilan polga yotishgani, ammo barcha yuqoriga chiqayotganini ko‘rgach, ular ham ko‘tarila boshlaganini aytishgan. «Barcha tomondan otishardi, shunchaki hamma yoqdan», — degan guvohlardan biri.

Otishma oqibatida kamida 60 kishi halok bo‘lgan. Rossiya tergov qo‘mitasi kamida 40 kishi halok bo‘lgani haqida ma’lum qilgan, 115 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Qurbonlar va yaradorlar soni hali ortishi istisno etilmayapti.

«Ostorojno, novosti» telegram-kanali harbiy libosdagi kamida uch kishi holl burchaklarida yashirinishga uringan odamlarni yaqin masofadan tutib o‘qqa tutayotgani aks etgan videolarni namoyish etgan. Voqea joyida bo‘lgan Msk1 muxbiri o‘ldirilganlarning jasadlari ko‘chalarda yotgani haqida xabar qilgan.

Moskva oblasti sog‘liqni saqlash vazirligi «Krokus Siti Holl»dagi teraktdan keyin jabrlanganlar ro‘yxatini e’lon qildi — unda 146 kishi aks etgan. Moskva bo‘yicha bolalar ombudsmani Olga Yaroslavskaya teraktda bolalar ham jabrlanganini ma’lum qilgan.

Keyinroq sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko jabrlanganlardan 115 nafari shifoxonaga yotqizilgani, katta yoshli 60 kishi og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qildi. Jabrlanganlar orasida besh bola bor. Baza telegram-kanali qurbonlar soni hali ortishi mumkinligi, chunki bino to‘liq tekshirib chiqilmaganini xabar qilgan.

Terakt vaqtida zalda olti mingdan ortiq kishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin — «Krokus Siti Holl» konsert zali 6200 tomoshabinni sig‘dira oladi, «Piknik» konserti uchun chiptalarning barchasi sotib bo‘lingandi. TASS xabariga ko‘ra, musiqachilarning o‘zi jarohatlanmagan. 

Keyinroq guruh direktori Yuriy Chernishevskiy musiqachilar jamoa a’zolaridan biri bilan bog‘lana olmayotgani haqida xabar qildi. U binoni tark etgan-etmagani — noma’lum.

«Krokus Siti Holl»da otishma ortidan portlash ro‘y bergan. Guvohlar yong‘in chiqqach, kompleks tomi qulay boshlaganini aytishgan. Baza telegram-kanali binoda 100 ga yaqin kishi qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Ayrimlar bino yerto‘lasida yashiringan, yana bir guruh odamlar to‘rtinchi qavatda bloklanib qolgan bo‘lishi mumkin.

Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar binodan 100 nafar atrofidagi odamni evakuatsiya qilgan. TASS muxbiri tom qismida yordam kutayotgan odamlar borligini xabar qilgan. Birinchi portlash ortidan yana bir portlash ovozi eshitilgan.

Maxsus topshiriqli bo‘linma «Krokus Siti Holl»ni shturm qilgan. Voqea joyiga trevoga bo‘yicha SOBR (Maxsus tezkor javob qaytarish otryadi) va OMON (Maxsus topshiriqli mobil otryad)ning Moskva bo‘linmalari yetib kelgan.

SOBR jangchilari «Krokus Siti Holl» atrofida
Foto: «Moskva» agentligi

Msk1 telegram-kanali xabariga ko‘ra, binoga kamida uchta guruh kirgan. Shu vaqtda binoning yuqori qavati yong‘in tufayli qulay boshlagan. Taxminan bir soat o‘tib «Krokus Siti Holl» tomi to‘liq qulab tushgan.

Otishma kamuflyaj kiygan kamida uch kishi tomonidan uyushtirilgan. Tergov qo‘mitasi «Krokus»dan olgan videoda hujum qilganlar tomonidan qoldirib ketilgan avtomat, ko‘plab gilza va patronlarni ko‘rish mumkin.

Operativ xizmatlar otishmada ikki nafardan besh nafargacha kishi ishtirok etganini aytmoqda. Yana bir guvoh Mash telegram-kanaliga binoga «soqolli bo‘lgan kamida besh kishi» bostirib kirganini aytgan. «Tayyorlangan va o‘qitilgan jangarilardek harakat qilishdi. Binoga kirish vaqtida qo‘riqchilar hamda eshik oldida turgan odamlarni o‘ldirishdi. Keyin asosiy kirish joyini bloklashdi», — degan u.

Mash telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, qo‘riqchi kirishda sumka va kiyimlarni tekshirmagan, metallodetektorlar esa o‘chirilgandi.

Moskva vaqti bilan soat birda RIA Novosti «Krokus Siti Holl»ga hujum qilgan terrorchilar oq rangli «Reno» avtomobilida yashiringanini xabar qildi — mashina fotosuratini namoyish etdi.

Ushbu terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan, bu haqda CNN telekanali va Reuters agentligi terrorchi guruhga aloqador Amaq axborot agentligiga tayanib xabar qilgan.

Rybar telegram-kanali bu xabar feyk bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, guruh yoki uning mintaqaviy filiallarining resurslarida hech qanday bayonot yo‘qligini bildirgan. 

Shu bilan birga, amerikalik mulozimlar The New York Times bilan suhbatda terrorchi guruh bayonoti haqiqiyligini aytishgan. CBS News ham Amaq agentligi bayonotiga havola berib, AQShda IShIDning javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani to‘g‘risidagi bayonotini tasdiqlovchi razvedka ma’lumotlari borligi va bu bayonotga shubha qilishga asos yo‘qligini aytgan anonim mulozimning so‘zlarini keltirgan.

Vladimir Putinga «Krokus Siti Holl»dagi terakt to‘g‘risida xabar berilgan, degan prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinga «ilk daqiqalardayoq» hisobot yetkazilgan.

Putin sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova va Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev bilan, shuningdek FXX, IIV, Tergov qo‘mitasi hamda Rosgvardiya rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Putin bosh vazir o‘rinbosari Golikova orqali jabrlanganlarga sog‘liq tilagan. Hodisadan yetti soat o‘tganidan keyin ham uning o‘zi hali chiqish qilmadi.

RIA Novosti agentligining rutyub sahifasida Putinning murojaati anons qilingandi. Keyin translatsiya o‘chirib yuborildi; RIA Novosti matbuot xizmati havola «texnik xatolik tufayli paydo bo‘lgani»ni bildirdi.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev «terrorchilarni yoppasiga qatl etish va ularning oilalarini qatag‘on qilish»ga chaqirdi. «Agar bu terrorchilar Kiyev rejimiga aloqadorligi aniqlansa, ularga va ularning g‘oyaviy ilhomlantiruvchilariga boshqacha munosabatda bo‘lish imkonsiz. Ularning barchasi topilib, terrorchilar sifatida shafqatsizlik bilan yo‘q qilinishi kerak. Jumladan, bunday qattollikni uyushtirgan davlatning rasmiy shaxslari bilan qo‘shib. Qonga — qon», — deya yozgan Medvedev.

Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin «Krokus Siti Holl»dagi hodisani «qo‘rqinchli fojia» deb atadi. «Qurollangan banditlar qo‘lidan himoyasiz odamlar halok bo‘ldi va jabrlandi», — deb yozgan Volodin. U «bu mudhish teraktni sodir etgan razillar yo‘q qilinishi lozimligi»ni ta’kidlagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova jahon hamjamiyatini «butun insoniyat ko‘z o‘ngida ro‘y bergan qonli terakt»ni qoralashga chaqirdi.

Tergov qo‘mitasi terakt haqidagi modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ombudsman Tatyana Moskalkova ham otishmani terakt deb atagan. Moskva meri Sergey Sobyanin dam olish kunlari Moskva shahrida rejalashtirilgan barcha sport, madaniyat va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilinganini ma’lum qildi. Rossiyaning boshqa hududlarida ham shanba va yakshanba kunlariga mo‘ljallangan ommaviy tadbirlar ham birin-ketin bekor qilinmoqda. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev voqea joyiga borib, operativ shtab tashkil etilganini ma’lum qilgan.

FXX maxsus xizmatlar «Krokus Siti Holl»dagi «voqealar munosabati bilan barcha zarur choralar ko‘rilayotgani»ni bildirgan.

Rosaviatsiya Moskva aeroportlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi. Poytaxtdagi to‘rtta aeroport yo‘lovchilardan ertaroq kelishni so‘ragan. Shuningdek, Rossiya temiryo‘llarida ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Yevroittifoq «Krokus Siti Holl»dagi teraktni qoraladi. «Yevropa ittifoqi Moskvadagi „Krokus Siti Holl“da sodir etilgan terakt haqidagi xabarlardan karaxt holatiga tushdi. Yevroittifoq tinch aholiga qarshi har qanday hujumni qoralaydi. Bizning xayollarimiz — Rossiyaning [ushbu teraktdan] jabrlangan fuqarolari bilan», — degan YeIning xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha vakili Peter Stano.

Shuningdek, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va qator mamlakatlarda ham terakt qoralanib, ushbu davlatlarning tashqi ishlar vazirliklari jabrlanganlarga hamdardlik bildirdi. Oq uy ham voqea joyidan olingan kadrlarni «qo‘rqinchli» deb atab, qurbonlar va jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.

AQSh 8 mart arafasida Moskvada terakt ehtimoli haqida ogohlantirgan, o‘z fuqarolariga yaqin 48 soat ichida odamlar to‘plangan joylarga borishdan tiyilishni tavsiya etgandi. Amerika elchixonasi «ekstremistlar shaharda odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga, jumladan konsertlarga hujum qilishni rejalashtirayotgani» to‘g‘risidagi «xabarlarni kuzatib borayotgani»ni ma’lum qilgandi.

Surishtiruvchi Xristo Grozevning aniqlik kiritishicha, AQSh elchixonasi Rossiya maxsus xizmatlari Afg‘onistondagi IShID bilan aloqador bo‘lgan IShID-Xuroson guruhi terakt tayyorlayotgani haqida «aniq dalillar» olgani haqida ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni amerikaliklar tomonidan taqdim etilgan ma’lumot «yetarlicha aniq emas» deb javob qaytargan. Shundan keyin, Grozevning qayd etishicha, Rossiyada baribir «IShID uyalarining ayrim a’zolari» hibsga olingan. «Ya’ni FXX baribir kimlarni hibsga olishni aniqlab oldi va bu ishga kirishdi», — degan Grozev. 

The New York Times manbalari mart oyida AQSh IShID-Xuroson bo‘linmasi Moskvaga hujum qilishni rejalashtirgani haqidagi razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritgani haqida aytishgan. Amerikalik rasmiylardan biri IShID a’zolari «Rossiyada faol harakatlanayotgani»ni aytgan. 

Otishmadan keyin Oq uydagilar terakt tayyorlangani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishmaganini ma’lum qildi.

Ukrainadagilar teraktga aloqadorlik to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etishmoqda. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak Ukraina «Krokus Siti Holl»dagi hodisaga «hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqligi»ni ma’lum qildi.

Ukraina bosh razvedka boshqarmasi teraktni «Rossiya maxsus xizmatlarining Putinning topshirig‘i bilan rejalashtirilgan va qasddan uyushtirilgan provokatsiyasi» deb baholadi. «Uning maqsadi — Ukraina bo‘ylab yanada qattiqroq zarbalar yo‘llash hamda Rossiyada to‘liq safarbarlikni oqlash», — deyiladi boshqarma bayonotida.

Ukraina tomonida turib jang qilayotgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» ham teraktga aloqadorligini rad etgan. «Rossiyaga ozodlik» legioni hodisada «Putinning terrorchi rejimi»ni ayblagan. «Biz Kreml diktaturasining bu kabi ko‘rinishlariga Putin hokimiyatga kelgan ilk kunlardayoq guvoh bo‘lganmiz va navbatdagi qonli provokatsiya hayratlanarli emas. Terakt tayyorlangan. Uning mediada qanday yoritilishi ham», — deyiladi legion bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: