O‘zbekistonlik shaxmat ustasi, grossmeyster Nodirbek Abdusattorov navbatdagi g‘alabasiga erishdi.
Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyaning Malmyo shahrida o‘tkazilgan nufuzli TePe Sigeman 2024 turnirida birinchi o‘rinni egallab, g‘olib bo‘ldi.
U asosiy davrada 4,5 ochko to‘plab, Arjun Erigaysi (Hindiston, FIDE reytingi — 8, Elo balli — 2761) hamda Pyotr Svidler (Rossiya, 45, 2689) bilan bir xil ochko jamg‘argan holda peshqadam bo‘ldi.
Shundan so‘ng uch shaxmatchi o‘rtasida tay-breyk bahslari o‘tkazildi. Nodirbek Abdusattorov ikkala o‘yinda ham raqiblarini mag‘lub etdi va musobaqa chempionligini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Nodirbek Abdusattorovni ushbu g‘alaba bilan tabrikladi.
“Grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov navbatdagi g‘alabasiga erishdi! Shvetsiyaning Malmyo shahrida o‘tkazilgan nufuzli TePe Sigeman 2024 turnirida Nodirbek chempion bo‘ldi va O‘zbekiston #ChessNation ekanini yana bir bor isbotladi. Faqat oldinga, Nodirbek!” - deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
TePe Sigeman Chess Tournament musobaqasi har yili Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tadi. Shaxmatchilar sakkiz o‘yinchidan iborat bitta davra tizimida raqobatlashadi. Vaqt nazorati — 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yinning qolgan qismida yana 30 daqiqa va har bir harakat uchun 30 sekund qo‘shimcha.