“Haydovchidan bir necha marta tezlikni oshirmasligini so‘radik” – Buxorodagi maktab o‘quvchilari bilan bo‘lgan avtohalokat tafsilotlari

O‘zbekiston 17:20 / 23.03.2024 30549

18 mart kuni Buxoro viloyati Kogon tumanida maktab o‘quvchilarini teatrga olib ketayotgan avtobus tartibga solingan chorrahada beton qoruvchi mashina bilan to‘qnashdi . Hodisa vaqtida avtobusning orqa o‘rindiqlarida bo‘lgan bolalar (ularning ahvoli ancha yaxshi) Kun.uz muxbiri bilan suhbatda voqea tafsilotlarini gapirib berdi. O‘quvchilarning aytishicha, 18 mart kuni 5 ta sinf sinf o‘quvchilari taqsimlanib, 2 ta avtobusga chiqarilgan. Jami 140 kishidan oshiq o‘quvchi bo‘lgan. Avtobuslarda 60-70 nafardan o‘quvchi bo‘lgan. Taxminan 10:25 larda avtobus harakatlanishni boshlagan.

Haydovchining tezligi baland edi. Avtobusdagi ko‘pchilik buni sezib, haydovchidan bir necha marta tez haydamaslikni so‘radik. Shu orada yon tomonimizga kelib nimadir urildi. Bu juda tez bo‘ldi, nima bo‘lganini tushunolmay qoldik. Oyog‘im og‘riyotganini sezdim, keyin hamma chiqishni boshladi. Men ham chiqdim. Telefon va sumkamni ham olib chiqishga ulgurdim. Sog‘lar, yura oladiganlar hammasi bir amallab avtobusdan chiqdik. Keyin portlab ketishi mumkinligidan qo‘rqib, tezroq avtobus yonidan uzoqlashishga harakat qildik. Lekin avtobus portlamadi. Keyin darrov orqamizga qaytib, chiqolmayotganlarga yordam berdik. 10-12 kishi ichkarida qolib, chiqolmadi, qolganlar yordamsiz o‘zlari chiqishdi”, – deb hikoya qilib berdi 5-IDUMning 9-sinf o‘quvchisi Mironshoh Jumayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, avtohalokat paytda bir o‘g‘il bola vafot etgan. O‘quvchilar bir-birlari bilan xabarlashib turishganini, ko‘pchilikning ahvoli yaxshi ekanini aytishdi. Voqea guvohlaridan yana birining aytishicha, beton qoradigan mashinaning yonida bo‘lgan yana bir yo‘lovchi vafot etgan. Lekin buni shifokorlar tasdiqlamadi.

Avtohalokatdan keyin tarqalgan videolarda beton qoradigan mashina harakatlanayotgan tomondagi svetoforning chiroqlari yonmagani ko‘ringan edi.

Biz ham yuk mashinasi tomondagi svetoforning ishlamaganini videolardan ko‘rdik. Avtobusning orqa o‘rindig‘ida o‘tirganimiz uchun avtobus harakatlanayotgan yo‘ldagi svetoforning chiroqlari yonib-yonmayotgani bizga ko‘rinmadi. Yuk mashinasi avtobusning oldiga kelib urilganidan keyin, ag‘darilib ketib, avtobusni turtib yubordi ”, – deydi 11-sinf o‘quvchisi.

Voqea haqida gapirishni boshlasam, o‘sha daqiqalar ko‘z oldimda kelib, ko‘nglim aynib, qusishni boshlayapman. Stress ta’siri hali mendan ketgani yo‘q. Qayta- qayta aylanyapti”, – deydi Mironshoh Jumayev. 

11-sinf o‘quvchisi Asadbek Hamidov ham voqeani umuman eslashni xohlamasligini, faqat yo‘qolgan telefonlari topilishini xohlashini aytdi.

O‘sha paytda 2-3 bolaning telefoni yo‘qolgan. Shularning topilishini xohlardik. O‘zimning ham 2 ta telefonim yo‘qoldi. Avtobus kelib urilganda qo‘limda edi, keyin nima bo‘ldi bilmayman”, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Hamidov.

Shuningdek, oldinroq maktab o‘quvchilari teatrga olib borilayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Kun.uz suhbatlashgan o‘quvchilarning aytishicha, o‘quvchilar teatrga borishni istamagan.

Dars vaqti hamma borishi kerak deb bizni ham olib chiqishdi”, – deydi bir o‘quvchi.

Kun.uz bolalarning sog‘lig‘i haqida ma’lumot olish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali rahbari Muhsin Rajabov bilan suhbatlashdi. Unga ko‘ra, 18 mart kuni 16 nafar bemor tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Qolgani Kogon tumanidagi tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilgan. Kogon tumanidagi bemorlarga javob berilib, 3 nafari Buxoro tez tibbiy yordam bo‘limiga ko‘chirilgan. Hozir o‘quvchilarning ahvoli yaxshi. Avtobusda bo‘lgan bir nafar o‘qituvchining qovurg‘asi singan va u reanimatsiya bo‘limida saqlanyapti. Shifokor beton qoradigan mashinaning haydovchisiga javob berilgani, avtobus haydovchisining o‘mrov suyagi singani uchun davolanayotganini qo‘shimcha qildi.

Muxsin Rajabov

T.O. voqea joyida vafot etgan, bir nafar qiz og‘ir ahvolda kelgan edi. Uni saqlab qolish uchun hamma ishni qildik. Sinmagan joyi qolmagan, jarohatlari og‘ir edi. Toshkentdagi shifokorlar bilan telemeditsina o‘tkazdik. Uni yo‘qotganimiz uchun o‘zim depressiyaga tushdim”, – deydi Muhsin Rajabov.

Markaz rahbari, shuningdek, o‘quvchilarning jiddiy muammosi yo‘qligi, ularga tez orada uylariga ketishga ruxsat berilishini ma’lum qildi.

Faqat stress bo‘lgani uchun ushlab turibmiz. 80 foiz bolaga javob bersak bo‘ladi. 3 nafari davolanishi kerak. Ular bilan psixolog va nevropatolog ham ishlayapti. Ozgina og‘riq bo‘lsa ham o‘sha narsani ko‘z oldiga keltirishyapti, shuning uchun ularni saqlashga majburmiz”, – deydi shifokor Xushmamad Arabov.

Xushmamad Arabov

Bolalar bilan ishlagan psixolog Lobar Sattorova ular qo‘rquvda ekani, bir bola u bilan birga kelayotgan sinfdoshining o‘limiga guvoh bo‘lgani uchun qattiq stressda ekanini aytdi. “Kogonda 19 kishi bilan, Buxoro shahar shifoxonasida esa 4 nafar bola bilan ishladim. Ular bilan yana 1 oygacha ishlayman”, – dedi u.

Tolibxo‘ja Jamolov, bolalar shifokori

Kun.uz ayrim bemorlarning oila a’zolari bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq ular javob bermaslikni afzal ko‘rishdi. 

Bobur Muhammedov, bolalar travmatologi

Eslatib o‘tamiz, mazkur voqea yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi ayrim mansabdorlarga “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” holati bo‘yicha alohida jinoiy ish ochilganini ma’lum qilgan.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: