FXX terrorchilarning Ukraina bilan “aloqalari bo‘lgani”ni bildirdi

O‘zbekiston 14:35 / 23.03.2024 40662

Idoraning ma’lum qilishicha, jinoyatchilar teraktdan keyin Rossiya–Ukraina chegarasiga qarab harakatlangan, ular “Ukraina tomonida tegishli aloqalarga ega bo‘lgan”.

RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanning so‘zlariga ko‘ra, gumondorlar Ukraina chegarasiga 100 km qolganda qo‘lga olingan. U jinoyatchilarni ular mamlakatni tark etishidan oldin qo‘lga olgani uchun maxsus xizmatlarga tashakkur bildirgan. Avvalroq Ukraina tomoni bu teraktga aloqadorligini rad etgandi.

Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteynning ma’lum qilishicha, gumondorlar foydalangan “Reno” avtomobili tunda Bryansk oblastining Karachevski tumanida, Xatsun qishlog‘i atrofida topilgan. Mashina organ xodimlarining buyrug‘iga qaramay to‘xtamasdan harakatlanishda davom etib, yashirinishga uringan. Ta’qib davomida otishma ro‘y bergan, “Reno” ag‘darilib ketgan. Jinoyatchilardan biri shu joyda qo‘lga olingan, boshqalari o‘rmonga yashiringan, keyinchalik ikkinchi gumondor ushlangan. Deputat bu ma’lumotlarni e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay Tergov qo‘mitasi va FXX jami 11 kishi ushlanganini ma’lum qildi.

Foto: Duma deputati Aleksandr Xinshteynning Telegram-kanali

TASS axborot agentligi Rossiya maxsus xizmatlariga tayanib bergan xabarga ko‘ra, AQSh tomoni terakt ro‘y berishi xavfi haqida avvalroq Rossiya tomonini ogohlantirgan. Biroq, nashr manbasiga ko‘ra, bu ma’lumot umumiy xarakterda bo‘lib, unda aniq tafsilotlar bo‘lmagan.

AQSh va yana 6 ta g‘arb davlatlari Rossiyada terakt sodir etilishi mumkinligi haqida RF hududida bo‘lib turgan o‘z fuqarolarini ikki hafta oldin ogohlantirgan, bu haqdagi bayonotlarda xunrezlik yaqin ikki kunda ro‘y berishi mumkinligi aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: