YeI Bosniya va Hersegovina bilan muzokaralarni boshladi

Jahon 10:12 / 22.03.2024 2359

Yevropa Ittifoqi kengashi Bosniya va Hersegovinani (BvH) qabuli bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. Bu haqda 21 mart, payshanba oqshomida Yevropa Ittifoqi ikki kunlik sammitining birinchi kunida YeI kengashi raisi Sharl Mishel ma’lum qildi. «Tabriklaymiz! Sizning joyingiz - Yevropa oilasida, - deb yozdi Mishel ijtimoiy tarmoqda. - Bugungi qaror sizning YeIga boradigan yo‘lingizdagi asosiy qadamdir. Endi Bosniya va Hersegovina oldinga borishini ta’minlash uchun mashaqqatli mehnat davom etishi kerak».

Avvalroq, 12 mart kuni Yevrokomissiya (YeK) BvHda yevrointegratsiyaning yangi bosqichiga o‘tish tarafdori bo‘lgan edi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen shu kuni Strasburgda aytganidek, Bolqon davlati Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida «ta’sirchan qadamlar» qo‘ydi va Bryussel muzokaralar boshlanishidan oldin qo‘ygan shartlarni bajardi. «Bosniya endi bizning tashqi va xavfsizlik siyosatimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda, bu geosiyosiy inqiroz davrida juda muhim», - dedi Yevrokomissiya rahbari. Bundan tashqari, u noqonuniy migratsiya, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash, shuningdek, turli etnik guruhlarni yarashtirish choralari haqida gapirdi. 

BvHning Yevroittifoqqa yo‘li 

Yevropa Ittifoqi Bosniya va Hersegovinaga 2022 yil dekabrida a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomini berdi. Qarorni e’lon qilgan Sharl Mishel buni ushbu Bolqon respublikasi aholisi uchun «signal» deb atadi. Shu bilan birga, nomzod maqomining berilishi «yangi hokimiyatdan islohotlar kutilayotganidan dalolat beradi», dedi Mishel va Bryussel Sarayevodan korrupsiyaga qarshi kurash, davlat boshqaruvida yaxshilanishlarni kutayotganini ta’kidladi. 

Bosniya va Hersegovina 2016 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan. Biroq, Yevropa komissiyasi unga nomzod maqomini faqat 2022 yil oktyabr oyida berishni tavsiya qildi. 2023 yil dekabrida YeI yetakchilari Sarayevo bilan muzokaralar mamlakat Bryussel mezonlariga muvofiqligi zaruriy darajaga yetganida boshlanishiga qaror qildi. Asosiy e’tibor demokratiya va samarali davlat boshqaruvi, shuningdek, qonun ustuvorligi va inson huquqlari tamoyillariga rioya etishga qaratildi.

YeIni kengaytirish siyosati 

Bertelsman jamg‘armasining Sharqiy Yevropa bo‘yicha eksperti Miriam Kosmel mart oyi boshida DW bilan suhbatda Ursula fon der Lyayyen 2029 yilgacha Yevrokomissiya rahbari bo‘lib qolsa, uning ehtimoliy ustuvorliklari haqida izoh berib, u YeIni kengaytirish niyatida ekanini aytdi. Bunda nafaqat Ukraina, balki Moldova, shuningdek, G‘arbiy Bolqon davlatlariga nisbatan kengayish rag‘batlantiriladi. 

«Yevropa Ittifoqining kengayishi mavzusi uning uzoq muddatli moliyaviy bazasini shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi», dedi Kosmel. U Bryusselning bunday siyosatini Rossiya manfaatlariga zid deb talqin qilmasligini ta’kidladi: «To‘g‘rirog‘i, bu Yevropa Ittifoqining shaxsiy manfaatlari, agar u to‘g‘ri konsepsiya bilan amalga oshirilsa, kengayish orqali yaxshiroq himoyalanadi». 

«Fon der Lyayyen 2019 yilda YeK rahbari lavozimini egallaganida aynan shu haqida gapirgan edi: ishning geostrategik yo‘nalishi, «kulrang zonalar» va Yevropa Ittifoqiga qo‘shni davlatlarga nisbatan noaniqlikka chek qo‘yish istagi», deb eslatadi mutaxassis. 

Ko‘proq yangiliklar: