Amerika razvedka idoralari Aleksey Navalniyning o‘limida Rossiya rahbariyatining aloqadorligi haqida dalillar topa olmadi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib yozdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi, Milliy razvedka direktori idorasi va Davlat departamentining razvedka bo‘limi Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Navalniyni o‘ldirishga buyruq bermagan» degan xulosaga kelgan. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
Qayd qilinishicha, Navalniy o‘limi «Putinning yangi muddatga qayta saylanishiga soya solgan». Shu bilan birga, razvedka ma’lumotlari Putinning Aleksey Navalniy o‘limidagi aybini inkor etmasligi ta’kidlanmoqda.
Nashrning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar tegishli ma’lumotlarni Yevropa razvedka idoralariga yetkazgan.
Avvalroq, Vladimir Putin saylovoldi shtabida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarga Navalniyning qamoqda o‘limidan sal oldin uni «G‘arb davlatlarida qamoqda o‘tirgan ba’zi odamlarga» almashtirish taklif qilinganini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, «taklif beruvchining gapini oxirigacha eshitmasdan bunga rozi bo‘lgan». Putin ilgari surgan yagona shart «Navalniy Rossiyaga hech qachon qaytmasligi» bo‘lgan.
16 fevral kuni Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugi Federal jazoni ijro etish xizmati (FJIEX) Navalniyning koloniyada o‘lganini e’lon qildi. Departamentga ko‘ra, «Navalniy sayr paytida o‘zini yomon his qilgan, deyarli darhol hushini yo‘qotgan».
FJIEX xizmati xabarida aytilishicha, «qamoqxona tibbiyot xodimlari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan va tez yordam brigadasi chaqirilgan». «Barcha zarur reanimatsiya choralari ko‘rilgan, biroq ijobiy natija bermagan. Shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari mahkumning o‘limini tasdiqlashgan». Biroq, uning jasadi faqat 24 fevral kuni yaqinlariga topshirildi.
Navalniy sud qaroriga ko‘ra, ekstremistik guruh yaratish jinoiy ishi bo‘yicha 19 yillik qamoq jazosini Yamalo-Nenets avtonom okrugining Xarp qishlog‘idagi IK-3 qamoqxonasida o‘tayotgan edi. Bungacha u bir qator boshqa jinoyatlar, jumladan, firibgarlik uchun ham sudlangan.