«Roskosmos» «Soyuz»ning XKSga uchirilishi nima sababdan bekor qilinganini ochiqladi

Jahon 12:13 / 22.03.2024 4037

Qozog‘istondagi Bayqo‘ng‘ir kosmodromida 21 mart, payshanba kuni «Soyuz MS-25» kosmik kemasi bilan «Soyuz-21a» raketasining uchirilishi avtomatika ishlab ketgani sababli so‘nggi daqiqada bekor qilindi. «Soyuz» uch kishilik ekipaji bilan Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga uchishi kerak edi.

«Roskosmos» rahbarining aytishicha, uchirish kimyoviy quvvat manbayi kuchlanishi pasayishi tufayli bekor qilingan. «Ishga tushirishdan oldingi tayyorgarlikning yakuniy bosqichida g‘ayritabiiy holat yuzaga keldi va butun protsedura to‘xtatildi. Sababi aniqlandi. Hozir biz davlat komissiyasining yig‘ilishida kimyoviy tok manbayida bosim kamayib ketgani hodisaga sabab bo‘lganligini aniqladik», - dedi Borisov.

Parvozning favqulodda bekor qilinishi 

«Soyuz» Moskva vaqti bilan soat 16:21 da uchishi kerak edi, biroq translatsiya paytida uchirish avtomatik ravishda bekor bo‘lgani e’lon qilindi. Kema bortida rossiyalik Oleg Novitskiy, belaruslik Marina Vasilevskaya va amerikalik Treysi Dayson bo‘lgan. Start 23 mart ertalabga qoldirildi. 

Bu - Rossiyada boshqariladigan kosmik kema bilan raketa uchirilishining oxirgi daqiqada bekor qilinishi bo‘yicha birinchi hodisa. AFP voqeani «yillar davomida kam moliyalashtirish, korrupsiya mojarolari va 2023 yil avgustida «Luna-25» Oy zondi yo‘qotilishi kabi muvaffaqiyatsizliklar bilan qiynalayotgan Rossiya kosmik dasturining navbatdagi muvaffaqiyatsizligi» deb atadi. 

Kema ekipaji

Novitskiy uchun yaqinlashib kelayotgan parvoz to‘rtinchi bo‘ladi. Hammasi bo‘lib, u orbitada 531 kun 6 soat 58 daqiqa bo‘ldi. Kosmonavt uch marta ochiq koinotga chiqdi va u yerda 22 yarim soat qoldi.

Vasilevskaya - «Belavia» aviakompaniyasida styuardessa va instruktor. Boeing va Embraer ekipajlari bilan uchadi. Kosmosga parvoz qilish uchun tanlov doirasida u 3 ming nafar boshqa da’vogar qizni ortda qoldirdi va koinotga chiqqan birinchi Belarus fuqarosiga aylanadi.

Amerikalik Treysi Dayson - kimyo fanlari doktori (PhD), atmosfera kimyosi sohasida ilmiy ish bilan shug‘ullangan. U 1998 yilda NASA astronavti uchun nomzodga aylandi. Birinchi parvozini 2007 yilda amalga oshirgan. 

Parvoz dasturi

Novitskiy va Vasilevskaya orbitada 12 kun bo‘lib, keyin amerikalik Loral O'Xara bilan birga «Soyuz MS-24» kosmik kemasida Yerga qaytishi kerak edi. Treysi Dayson sentabrda rossiyalik kosmonavtlar Oleg Kononenko va Nikolay Chub bilan «Soyuz MS-25» kosmik kemasida qaytishi rejalashtirilgan.

Joriy parvoz «Roskosmos» va NASA Amerika kosmik agentligi o‘rtasida tuzilgan XKSga o‘zaro parvozlar to‘g‘risidagi kelishuv doirasida Rossiyaning «Soyuz MS» kosmik kemasidagi uchinchisi bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: