Qozog‘iston Yevroda o‘ynamaydi, Ukrainada yana bir qadam qoldi

Sport 15:41 / 22.03.2024 25003

Qozog‘iston tanaffusga qadar 4 ta javobsiz gol o‘tkazib yubordi

Gretsiya — Qozog‘iston 5:0
Gollar:
Bakasetas (9, penalti), Pelkas (15), Ioannidis (37), Kurbelis (40), Tapalov (87, avtogol). 
Gretsiya – Vlaxodimos, Boldok (Rota, 67), Xatsidiyakos (Retsos, 46), Mavropanos, Tsimikas, Bakasetas (Buxalakis, 74), Mantalos, Kurbelis, Pelkas (Yakumakis, 64), Masuras, Ioannidis (Konstantelias, 64).
Qozog‘iston – Shatskiy, Kairov (Tapalov, 46), Yerlanov, Bistrov, Marochkin, Vorogovskiy, Chesnokov (Zuyev, 68), Beysebekov (Sadibekov, 46), Astanov (Orazov, 46), Zaynutdinov, Samorodov (Aymbetov, 77).
Ogohlantirishlar: Vorogovskiy (17), Xatsidiyakos (30), Sadibekov (54), Orazov (67), Yerlanov (68).

Qozog‘iston milliy jamoasining Yevro tomon shov-shuvli yurishi ayanchli yakunlandi. «Lochinlar» Millatlar ligasi tufayli qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘lishgandi, ammo bu yo‘lda Gretsiya to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Qozog‘istonliklar «ellinlar»ga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmasdan, yirik hisobda yutqazishdi.

Magomed Adiyev muhim o‘yin arafasida milliy jamoaning asosiy futbolchilaridan biri — himoyachi Nurali Alipni yo‘qotgandi. «Zenit» futbolchisining sariq kartochkalari ko‘payib ketgandi, natijada murabbiy Erlanov — Marochkin — Bistrov uchligidan iborat sxema tanladi.

Gustavo Poyyetda esa tarkib borasida jiddiy muammolar yo‘q edi — asosiy tarkibdagi chap qanot himoyachisi Yannulis yo‘qligida uning o‘rnini «Liverpul» vakili Tsimikas egalladi, Niderlandiyaning AZ klubida to‘p surayotgan to‘purar hujumchi Pavlidis zaxirada qoldirildi, uning o‘rnini «Panatinaikos» vakili Ioannidis egalladi.

Greklarning eng sermahsul hujumchisi zaxirada qolgani osiyoliklarni qutqara olmadi. 7-daqiqadayoq Kairov jarima maydoni ichida Dimitriosga qarshi qo‘pollik ishlatdi, penaltini esa Bakasetas ishonchli tarzda ijro etdi. Ammo bu hali muammolarning boshlanishi edi — 15-daqiqada mezbonlar qozoqlar mudofaasini parokanda qildi va Pelkas qanotdan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga mixladi.

Lekin greklar ikki goldan keyin ham xotirjamlikka berilmadi, Qozog‘iston esa, aksincha, nursiz o‘yin ko‘rsatishda davom etdi — ahyon-ahyonda uyushtirilgan hujumlar xavfli tus olmadi. Mezbonlar esa ortiqcha kuch sarflamasdan hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. 37-daqiqada Ioannidis Masurasning uzatmasidan uchinchi golni urdi; 40-daqiqada burchak to‘pidan keyin Kurbelis o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Adiyev tanaffusda kerakli so‘zlarni topa olgandi, chunki tanaffusdan keyin Qozog‘iston butunlay boshqacha o‘ynay boshladi. Shunchalikki, 20 daqiqa davomida to‘pga egalik qilindi, bu oraliqda zarbalar bo‘yicha hisob qozoqlar foydasiga 8:2 ko‘rinishini oldi — mehmonlar taslim bo‘lishmagandi.

Ammo bu yordam bermadi. Mehmonlar baribir gol urishdi, ammo o‘z darvozasiga. Tapalov bosh bilan to‘pni noto‘g‘ri tomonga yo‘naltirdi va bitta ham javob goli ura olmagan qozog‘istonliklar og‘riqli mag‘lubiyatga ko‘nishdi.

Jamoa o‘z tarixida Yevropa chempionati saralashidagi eng yaxshi ishtirokini o‘tkazib, Daniya, Slovakiya va Finlandiya kabi kuchli raqiblarni mag‘lub etdi, ammo tarixiy muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Ukraina 85-daqiqaga qadar hisobda ortda edi, ammo finalga chiqdi

Bosniya va Hersegovina — Ukraina 1:2
Gollar:
Matviyenko (57, avtogol) — Yaremchuk (85), Dovbik (88). 
Bosniya va Hersegovina – Shehich, Dedich (Chivich, 68), Kolashinats, Hajikadunich, Ahmedhojich (Kovachevich, 82), Gazibegovich, Tsimirot, Hayradinovich (Pyanich, 82), Krunich (Rahmanovich, 90), Jyeko, Demirovich.
Ukraina – Lunin, Konoplya, Matviyenko, Zabarniy, Mikolenko, Zinchenko (Malinovskiy, 76), Zubkov (Gutsulyak, 76), Mudrik, Sudakov, Brajko (Yaremchuk, 81), Dovbik (Taloverov, 90).
Ogohlantirishlar: Kolashinats (9), Matviyenko (16), Gazibegovich (26), Konoplya (58), Ahmedhojich (79), Yaremchuk (90+1), Kovachevich (90+4).

Bu safargi Yevro saralashi formulasi g‘alati vaziyatni yuzaga keltirdi. Tarkibida Edegor va Holand kabi yulduzlar bo‘lgan Norvegiya, shuningdek Isak va Kulusevski bilan Shvetsiya kuzdayoq Germaniya yo‘llanmasidan umid uzgandi. Lekin saralash bosqichida atigi bir ochko olgan Estoniya o‘tish o‘yinlariga o‘tdi. Saralash bosqichida 10 o‘yindan yettitasida yutqazib, faqat Lixtenshteynni ortda qoldirgan Bosniya ham pley-off bosqichida ishtirok etdi. Barchasi Millatlar ligasi tufayli, ushbu turnirda o‘z guruhida yaxshi qatnashgan Estoniya va Bosniya Yevro uchun ikkinchi imkonga ega bo‘lishdi.

Ukraina milliy jamoasi ham asosiy turnirga yo‘llanma uchun ikkinchi imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo jamoa klassik saralash orqali ham yo‘llanma olishga yaqin kelgandi: Sergey Rebrov jamoasini so‘nggi turda Milanda durang ham qoniqtirgan bo‘lardi, ammo italyanlar qiyinchiliksiz 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va raqibni o‘tish o‘yinlariga yubordi. 12 jamoa ishtirokidagi mini-turnir yarimfinalida esa Ukraina aynan Bosniyaga ro‘baru bo‘ldi.

Bosniyaliklarda muvaffaqiyat qozonish imkoniyati u qadar yuqori emasdi, ammo qur’aga ko‘ra ular ukrainlarni o‘z uyida qabul qiladigan bo‘ldi. Tabiiyki, mezbonlar hech qanaqa ochiq futbol taklif etishmadi, Savo Miloshevich jamoasi maksimal darajada raqib o‘yinini buzishni maqsad qilgandi va ular amalda buni uddalashdi.

Ukrainlar tarkibida jarohat olgan Tsigankov yetishmadi, ammo «Jirona» vingerisiz ham hujum chizig‘i kuchli edi: Mudrik, Sudakov, Dovbik va Zubkov tezkorlik evaziga vaziyatlar yaratishi mumkin edi, ammo bosniyaliklar himoyada bo‘sh hududlar qoldirishmadi. Bolqon vakillari chuqur himoyalanishdi va raqibga to‘p bilan uzoq muomila qilish imkonini berishmadi.

Shu tufayli o‘yin zerikarli va og‘ir tus oldi, ammo bu bosniyaliklarni mutlaqo tashvishga solmasdi. Ular vaziyatdan maksimum natija chiqarishga harakat qilishdi va ma’lum ma’noda birinchi bo‘limni raqibdan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazishdi. Ukrainlarda tanaffusga qadar birorta yaqqol vaziyat yuzaga kelmadi va hatto biror zarba darvoza sohasiga bormadi, mezbonlar esa ikki bor golga juda yaqin kelishdi.

Miloshevich asosiy e’tiborni standart vaziyatlarga qaratgandi: Bosniyaning burchak va jarima zarbalari xavfli tus oldi. Tanaffusdan keyin mehmonlar faolroq o‘ynay boshlashdi. Ammo birinchi bo‘limda xato qilishdan qo‘rqib, ehtiyotkorona o‘ynagan ukrainlar baribir xatoga yo‘l qo‘yishdi.

Barchasi burchak zarbasidan boshlandi: Bosniya birinchi urinishda natija chiqara olmadi, ammo ikkinchi temp muvaffaqiyat keltirdi. Dedich to‘pni pastlatib uzatdi, Mikolenko esa to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi.

Bu vaziyatda Xadjikadunich juda aqlli harakat qildi. Hujum vaqtida ofsayd holatida ekanini bilgan futbolchi tezda o‘rnidan turib, ortga qaytdi, bu epizod Mikolenkoni ham chalg‘itdi.

Miloshevich darhol «avtobus qo‘ydi». Bungacha ham kamdan kam hujum uyushtirgan Bosniya urilgan goldan keyin o‘z jarima maydoniga qamalib olishdi. Va ukrainlar uzoq vaqtgacha bunga chora topa olmadi.

Bolqonliklar g‘alabani saqlab qolish uchun barcha zarur vositalarga egaligini anglagan holda, doimiy ravishda vaqt cho‘zishdi. Ammo ular ikkinchi golni urishi va barcha masalani oldinroq hal qilib qo‘yishi ham mumkin edi: 83-daqiqada zaxiradan o‘yinga tushgan Pyanich to‘pni Demirovichga qulay qilib yetkazib berdi, ammo Lunin mehmonlarni qutqarib qold.

O‘yin taqdirini Yaremchuk zaxiradan tushishi hal qildi: «Valensiya» hujumchisi avvaliga Konoplining uzatmasidan keyin muvozanatni tikladi, bir necha daqiqa o‘tib Dovbikni golli assist bilan ta’minladi. Ukraina 85-daqiqada ham mag‘lubiyatga uchrayotgandi, ammo tezda barchasini o‘zgartirib yubordi.

Qolgan vaqtda esa ruhiy ustunlikka ega bo‘lgan mehmonlar g‘alabani saqlab qolishdi. Ammo bu vazifa to‘liq uddalanmadi: seshanba kuni ular Yevro yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi bahsda maydonga tushadi — bu o‘yin shu kuni Isroilni yirik hisobda taslim etgan (4:1) Islandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Gurjistonliklar tarixiy muvaffaqiyatga yaqinlashdi

Gurjiston — Lyuksemburg 2:0
Gollar:
Zivzivadze (40, 63).
Gurjiston – Mamardashvili, Kakabadze, Kashiya, Kverkveliya, Dvali, Kiteyshvili, Kochorashvili (Kankava, 86), Chakvetadze (Kvekveskiri, 77), Shengeliya (Tsitaishvili, 72), Zivzivadze (Kvilitaya, 86), Mikautadze (Davitashvili, 77).
Lyuksemburg – Moris, Bonert, Yans, Shano, Mahmutovich (Muratovich, 90), Pintu (Martins, 42), Martins Pereyra, Barreyro, Olesen (Till, 77), Rodrigesh (Korats, 90), Borjyes Sanches (Kurchi, 77).
Ogohlantirishlar: Zivzivadze (21), Pintu (24), Rodrigesh (54), Barreyro (66), Kvekveskiri (78), Martins (82), Martins Pereyra (87), Kankava (87), Kashiya (90+2), Bonert (90+2).
Chetlatish: Shano (56).

Gurjistonliklar diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmagan Kvaratsxeliyasiz ham ustunlik qilishdi. Lyuksemburg birinchi bo‘limda o‘ta nursiz o‘yin ko‘rsatdi va darvoza tomon birorta zarba yo‘llamadi. Mezbonlar safida esa birgina Zivzivadze avval darvoza ustunini mo‘ljalladi, keyin esa hisobni ham ochdi: to‘p burchakdan o‘yinga kiritilganda Olesen bosh bilan yaxshi o‘ynay olmadi va to‘pni Buduning oyog‘iga tashlab berdi, u esa yuqori yaqin burchakni aniq nishonga oldi.

Ikkinchi bo‘limda Lyuksemburg qarshi hujumda ilk imkoniyatdayoq darvozani ishg‘ol etdi. Ammo keyin hakam golni bekor qildi va shu bilan bir vaqtda mehmonlar himoyachisi Shanoni maydondan chetlatdi. Lyuksemburgliklar himoyachisi golli hujum boshlanishidan oldin Moris Mikautadzeni so‘nggi umid foli bilan yiqitgani ma’lum bo‘ldi. Bu epizodlar orasida tanaffus yuzaga kelmagandi va shu tufayli arbitr faqat gol urilganidan keyingina takroriy vaziyatni ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ldi. Keyinroq Zivzivadze Shengeliyaning uzatmasidan dubl rasmiylashtirdi va shu bilan o‘yin masalasi hal bo‘ldi.

Uels yana Yevroga chiqmoqchi

Uels — Finyalyandiya 4:1
Gollar
: Bruks (3), Uilyams (38), Jonson (47), Jyeyms (86) — Pukki (45). 
Uels – Uord, Robers, Devis, Rodon, Mifem, Uilyams, Ampadu, Uilson (Broudhed, 90), Bruks (Mur, 61), Jyeyms, Jonson (Jyeyms, 73).
Finlyandiya – Gradetski, Alxo (Niskanen, 87), Tenxo, Ivanov, Peltola, Shyuller (Kayrinen, 73), Kamara, Lud (Antman, 73), Xokans, Pukki (Yyensen, 78), Poxyanpalo (Chellman, 78).
Ogohlantirishlar: Lud (22), Tenxo (50), Jyeyms (54), Uilson (65), Xokans (68), Mifem (74), Mur (90+5).

Pley-offning nisbatan teng kuchli bo‘lib ko‘ringan juftligida tezkor gol urildi. Ammo hisob bunday osonlik bilan ochilishi aldamchi tasavvur edi. Finnlar umidsiz holatda emasdi va bir necha bor javob goliga yaqin kelishdi. Shu bilan birga, ikkinchi gol o‘tkazib yuborilishi ham mumkin edi, ammo Jonson jarima maydonida bo‘sh sherigini topa olmadi va to‘pni darvoza to‘rining tashqi tomoniga qarata tepdi. Bo‘lim oxirlarida Uilyams Uilsonning tovon orqali bergan pasidan keyin ikkinchi golni ham urdi, ammo bir necha daqiqa o‘tib Pukki javob qaytardi, tajribali hujumchi Poxyanpalo pas uzatayotganda himoyachilar ortida ochildi va sovuqqonlik bilan to‘pni yaqin burchakka yo‘naltirdi.

Faqat intriga uzoq saqlanib qolmadi — ikkinchi bo‘lim boshida «ajdarlar» standart vaziyatda uchinchi golni urishdi. Uzatma, ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurashdagi ustunlik, Bruksning to‘pga yana bir teginishi va Jonsonning bir metr masofadan urilgan goli — haqiqiy britancha klassika. Devisning goli ofsayd tufayli bekor qilinishi esa hech narsani o‘zgartirmadi. Finnlar boshqa javob qaytara olmadi, o‘yin oxirida esa himoyachining qo‘pol xatosi Deniyel Jyeyms maydon markazidan chopib borib, o‘yinga mantiqiy yakun yasashiga olib keldi.

Budapeshtdagi drama

Isroil — Islandiya 1:4
Gollar:
Zahavi (31, penalti) — Gvyudmundsson (39, 83, 87), Traustason (42).
Isroil – Glazer, Dasa, Migel Vitor, Goldberg, Revivo, Kinda (Safuri, 62), Perets (Abu-Fani, 71), Kanixovskiy (Glux, 46), Zahavi, Turgeman, Halayli (Abada, 71).
Islandiya – Valdimarsson, Paulsson, Ingason, Gretarsson, Torarinsson, Sigurdsson (Anderson, 78), Traustason (Youhannesson, 63), Haraldsson, Villumsson (Torsteynsson, 46), Gvyudmundsson, Ouskarsson (Gudyonsen, 62).
Ogohlantirish: Zaxavi (73).
Chetlatish: Revivo (73).

Isroil harbiy mojaro boshlanganidan buyon uy uchrashuvlarini Vengriyadagi betaraf maydonda o‘tkazmoqda, jamoa bu yerda hali umuman g‘alabaga erisha olmagan. Saralash bosqichi guruh o‘yinlari doirasida Shveytsariya bilan so‘nggi daqiqalarda hisob tenglashtirilgan bo‘lsa (1:1), ruminlar bilan o‘yinda kuzgi saralash o‘yinlarigacha ikki yil davomida milliy jamoa safida o‘ynamagan 36 yoshli Zahavining tezkor goli ochko olish uchun yetarli bo‘lmagandi (1:2).

Payshanba kungi o‘yinda ham isroilliklar hisobni ochishdi. Lekin Zahavi o‘zi ishlagan va aniq bajargan penaltiga Islandiya uch daqiqa ichida standart vaziyatlardan ikki gol urish bilan javob qaytardi. Gvyudmundsson jarima zarbasini shunday ijro etdiki, Glazer to‘pga yetgan bo‘lsa-da, golning oldini ololmadi. Traustason esa burchakdan uzatilgan to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi.

Balki, o‘z muxlislari bilan to‘la bo‘lgan tribunalar qarshisida isroilliklar o‘yinni qutqarib qolish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lgan bo‘lardi, Buxarestda esa keraksiz vaziyatdagi qizil kartochka isroilliklarning rejalarini buzib yubordi — Revivo maydon markazida oddiy vaziyatda to‘p o‘rniga raqibni tepdi.

Isroil kutilmaganda yana bir imkonga ega bo‘ldi. Arbitr monitorga borib islandiyalik himoyachi jarima maydoni ichida qo‘l bilan o‘ynaganini tasdiqladi, ammo Zahavining asablari dosh bermadi. Jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar ikkinchi 11 metrlik zarbani xato yo‘lladi, buning ortidan Gvyudmundsson het-trik nishonladi. Endi Islandiyani ukrainlarga qarshi hal qiluvchi bahs kutmoqda.

Bir darvozaga o‘yin

Polsha — Estoniya 5:1
Gollar:
Frankovski (22), Zelinski (50), Petrovski (70), Mets (74, avtogol), Shimanski (77) — Vetkal (78). 
Polsha – Shchensni, Davidovich, Bednarek, Kiver, Frankovski (Kesh, 46; Puxach, 56), Zalevski, Zelinski (Shimanski, 72), Petrovski (Moder, 73), Slish, Levandovski, Sviderski (Buksa, 72).
Estoniya – Xeyn, Paskochi, Klavan, Tamm, Mets, Kallaste (Pikk, 67), Soomets (Aynsalu, 82), Vetkal, Palumets (Poom, 67), Tamm (Xussar, 31), Yurgens (Lepik, 67).
Ogohlantirishlar: Paskochi (15), Puxach (60).
Chetlatish: Paskochi (27).

Polyaklar o‘z vaqtida saralash turnirlari qiroli deb hisoblanardi, ammo bu safar barchasi ancha murakkab kechmoqda. «Oq burgutlar» besh turdan keyin atigi olti ochko olishgach, Fernandu Santush iste’foga chiqarildi, uning o‘rniga yoshlar jamoasi murabbiyi Mixal Probej tayinlandi. O‘tish o‘yinlarida polyaklarga qulay raqib tushdi va Estoniya bilan uchrashuv kutilganidek bir tomonlama harakat tashkil etilgan uchrashuvga aylandi.

Boltiqbo‘yi jamoasi saralash turnirida juda yomon qatnashgandi — bir durang va yetti mag‘lubiyat, to‘plar nisbati 2-22! Va estonlar jamoasi faqat Millatlar ligasida o‘z guruhidagi eng yaxshi natijaga ega bo‘lgan jamoa bo‘lgani tufayligina qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘ldi. Ammo jarohatlar girdobida qolgan jamoaga 38 yoshli Klavanning qaytishi ham yordam bermadi, estoniyaliklar o‘zi Polshaning vazifasini yengillashtirib berishdi. Kallaste oddiy vaziyatda Frankovskiga hisobni ochishga qo‘yib berdi, Paskochi esa 27-daqiqadayoq ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi.

Faqat birinchi bo‘lim kichik hisobda yakunlangani ajablanarli edi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Zelinski Zalevskining uzatmasini darvozaga yo‘lladi. Estoniyaliklar yana ma’lum vaqt chidab berishdi, ammo baribir hisob yirik ko‘rinish oldi. Endi polyaklarni Uelsga qarshi hal qiluvchi bahs kutmoqda.

26 mart kungi final uchrashuvlarida quyidagi jamoalar o‘zaro o‘ynaydi:

Gurjiston — Gretsiya
Uels — Polsha
Islandiya — Ukraina

Ko‘proq yangiliklar: