Shavkat Mirziyoyev grossmeyster Nodirbek Abdusattorovning yutuqlarini e’tirof etdi

Sport 15:52 / 21.03.2024 24011

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston yoshlarining xalqaro fan olimpiadalarida, madaniyat va san’at, IT va sport yo‘nalishlaridagi nufuzli tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lib kelayotganini e’tirof etdi.

“Birgina misol. Navqiron sportchilarimiz o‘tgan yili Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonning ushbu musobaqalardagi rekordini yangiladilar”, – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda mashhur shaxmat grossmeysteri – Nodirbek Abdusattorov Praga xalqaro turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahondagi eng kuchli to‘rtta shaxmatchining biriga aylanganini eslab o‘tdi.

“Kelinglar, shu ulug‘ ayyom kunda barchamiz astoydil niyat qilaylik: Nodirbekka tez kunlarda Vatanimizga jahon shaxmat tojini olib kelish nasib etsin! Sen bunga albatta qodirsan, Nodirbek o‘g‘lim! Butun el-yurtimiz sendan shu buyuk g‘alabani kutmoqda”, – dedi prezident.

“Eng quvonarlisi, bunday yuksak marralarni zabt etishda qizlarimiz ham o‘g‘lonlarimizdan qolishmayapti. Xususan, iste’dodli qizimiz Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha Peruda bo‘lib o‘tgan jahon kubogi o‘yinlarida O‘zbekiston sporti tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yana bir mahoratli qizimiz Shahina Yigitaliyeva esa Paraosiyo o‘yinlarida nayza otish bo‘yicha oltin medalga sazovor bo‘lib, mazkur musobaqalar rekordini yangiladi.

Aziz sportchi farzandlarim, sizlarni oldinda g‘oyat muhim va ulkan sinov – Parij Olimpiadasi va Paralimpiya o‘yinlari kutmoqda. Jahonning eng zo‘r sportchilari bellashadigan ana shu musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimizga qo‘sha-qo‘sha medallar, yutuq va sovrinlar olib kelasiz, deb ishonaman. Barchangizga g‘alaba yor bo‘lsin!” – ta’kidali davlat rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: