Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qilgan butunjahon shaxmat Olimpiadasida 22 sentabr kuni yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyevdan iborat jamoa 11-turda Fransiya jamoasini mag‘lub etdi - 2,5:1,5. Oxirgi bahslarda Abdusattorov, Sindarov va Yoqubboyev o‘z bahslarida durangga imzo chekishdi, Vohidov esa o‘z raqibidan ustun kelib, jamoa g‘alabasini ta’minladi.
Erkaklar jamoasi:
O‘zbekiston - Fransiya 2,5 : 1,5
Nodirbek Abdusattorov - Maksim Vashe-Lagrav 0,5 : 0,5
Nodirbek Yoqubboyev - Eten Bakrot 0,5 : 0,5
Javohir Sindarov - Loren Fressinet 0,5 : 0,5
Shamsiddin Vohidov - Maksim Lagarde 1:0
Natijada O‘zbekiston hisobidagi ochkolar soni 17 taga yetdi. Parallel bahsda AQSh Xitoyni mag‘lub etdi va mazkur uch jamoada bir xil - 17 tadan ochko jamg‘arildi. Shundan keyin qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga qaraldi, turnir davomidagi raqiblari umumiy reytingda nisbatan yuqoriroqda joylashgani tufayli AQSh ikkinchi o‘ringa joylashdi va kumush medallarga erishdi, O‘zbekiston esa bu borada Xitoyni ortda qoldirib, bronza medallarga ega chiqdi.
Turnir davomida yutqazmagan, 10 uchrashuvda g‘alaba qozonib, faqat O‘zbekistonga qarshi hal qiluvchi bahsda durangga erishgan Hindiston esa 21 ochko bilan birinchi bo‘ldi.
Shuningdek, 4-taxtada o‘ynagan shaxmatchilar orasida Shamsiddin Vohidov eng yaxshi natija qayd etib (10 imkoniyatdan 8 ochko to‘plagan), birinchi o‘rinni egalladi. U turnir davomida biror bahsda yutqazmadi va bir necha bor hal qiluvchi ochkolari bilan jamoani qutqardi.
1-taxtada esa Nodirbek Abdusattorov (11 imkoniyatdan 9 ochko) faqat hindistonlik Gukeshdan ortda qolib, kumush bilan kifoyalandi.
Sobiq jahon chempioni, rossiyalik Vladimir Kramnik bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston jamoasi turnirning dastlabki turlarida Trinidad va Tobago (3,5:0,5), Misr (3,5:0,5) va Xorvatiya (3,5:0,5) vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo to‘rtinchi turda Vetnam vakillariga imkoniyat boy berildi (1:3). Keyingi turlarda Moldova (3,5:0,5), Isroil (2,5:1,5), Ukraina (3:1) va Serbiya (2,5:1,5) taslim etildi. Ammo to‘qqizinchi turda Hindistonga qarshi hal qiluvchi bahsda durang qayd etildi - turnir jadvalida ikki ochkolik farq bilan peshqadam bo‘lib turgan hindistonliklarning to‘rt vakili ham durang uchun o‘ynadi va maqsadiga erishdi. Shundan keyin amalda O‘zbekiston Hindistonga yetib olishi qiyinlashib ketdi, 10-turda Xitoydan mag‘lubiyatga uchralgach (1,5:2,5), kuchli uchlikda qolish ham muammo bo‘lib qolgandi. Ammo yakunda amerikalik shaxmatchilarning g‘alabasi O‘zbekiston jamoasiga qo‘l keldi.
Qizlar jamoasi esa so‘nggi turda turkiyalik raqiblar ustidan g‘alaba qozondli, umumiy reytingda 12-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston - Turkiya 2,5 : 1,5
Afro‘za Hamdamova - Ekaterina Atalik 0:1
Nilufar Yoqubboyeva - Betul Kemre 1:0
Umida Omonova - Gulenay Aydin 0,5 : 0,5
Nodira Nodirjonova - Xayale Isgenderova 1:0.
Bu g‘alaba evaziga O‘zbekiston ayollar jamoasi jamoaviy bahslarda 12-o‘rinni egallagan holda o‘zbek ayollari shaxmatida tarix yozishdi. Bu borada ham Hindiston ayollar jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Qozog‘iston 2-o‘rin, AQSh ayollar jamoasi esa uchlikni band etdi.
5-taxtada dona surgan Nodira Nodirjonova 2-o‘rin va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston vakillari butunjahon shaxmat Olimpiadasining amaldagi chempioni sanalardi. Endi bu nom Hindistonga o‘tdi. 2026 yilgi olimpiadaga esa Toshkent mezbonlik qiladi.