AQSh Adliya vazirligi Apple kompaniyasini smartfonlar bozorini monopollashtirishda aybladi

Jahon 23:02 / 21.03.2024 5854

AQSh Adliya vazirligi va 16 shtat bosh prokurorlari Apple Inc kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlikda ayblab, sudga murojaat qildi. 

Da’vo arizasida aytilishicha, Apple smartfonlar va smartfon ilovalari bozoridagi ustun mavqeidan foydalanib, iste’molchilarning iPhone bilan qurilmalarini almashtirish yoki boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda. 

«Apple smartfonlar bozoridagi monopol mavqeini nafaqat raqobatchilardan o‘zib ketgani, balki monopoliyaga qarshi federal qonunlarni buzgani uchun ham saqlab turibdi. Biz Apple iste’molchilarga ham, ishlab chiquvchilarga ham zarar yetkazadigan raqobatga qarshi xatti-harakatlar strategiyasini qo‘llayotganini da’vo qilamiz», dedi AQSh bosh prokurori Merrik Garland. 

Apple kompaniyasi da’voni rad qilmoqda va bu odamlar kutgan texnologiyalarni yaratish qobiliyatiga putur yetkazishini ta’kidlamoqda. 

«Bu hukumatga odamlar uchun texnologiya rivojini qattiq nazorat qilish imkoniyatini berib, xavfli pretsedent yaratadi», deyiladi Apple bayonotida. 

AQSh Adliya vazirligi so‘nggi 14 yil ichida Apple kompaniyasiga qarshi monopoliyaga qarshi qonunbuzarliklar yuzasidan ikki marta sudga murojaat qildi, biroq u kompaniyani bozordagi hukmron mavqeini noqonuniy ravishda manipulyatsiya qilishda birinchi marta ayblamoqda. 

Da’vo ortidan 21 mart kuni Nyu-York birja savdolarida Apple aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi. Biroq, oxirgi 12 oy ichida ularning qiymati 8,3 foizga oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: