Energetika islohotiga birinchi qadam qo‘yildi. Keyingi qadamlar qanaqa bo‘lishi kerak?

Iqtisodiyot 14:10 / 28.04.2024 31430

Avvaliga bu suhbatda ishtirok etish uchun Energetika vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nodirbek Po‘latov va vazirlik matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ham Kun.uz studiyasiga kelishgandi. Lekin intervyu boshlangach, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha tannarx qanday shakllangani borasidagi savoldan keyin vazirlik mas’ullari bu savollarga vazir yoki vazir o‘rinbosari darajasidagi mas’ullar javob berishi kerak degan fikrga keldi va studiyani tark etdi. Vazirlik matbuot kotibi yangi tariflar kuchga kirgunga qadar rahbarlar bilan intervyu tashkil qilib berilishini va’da qildi.

Shu sababli suhbat faqat Otabek Bakirov bilan kechdi.

– 16 aprel kungi qarorni qanday qabul qildingiz, hujjatda ko‘zda tutilgan yangiliklarga munosabatingiz qanaqa?

– 2018-2019 yildan keyin O‘zbekistonda katta islohotlar boshlangan paytda bu masala ko‘tarilishni boshlagan. Energetika islohotini o‘zimizga tasavvur qilsak, bozorga yaqinlashish uchun tariflar masalasi birinchi qadamda hal qilinishi kerak bo‘lgan masala edi. Energetika tariflari borasida 4-5 yil avval qanday fikrda bo‘lgan bo‘lsam, hozir ham shu fikrdaman. Tariflar masalasida qo‘yilgan qadam – to‘g‘ri qadam, undan boshqa alternativ mavjud emas, lekin bu qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning bittasi xolos. Undan keyin qo‘yiladigan qadamlar bor. Ularsiz biz reforma, islohotni boshladik desak xato bo‘ladi.

Bu qaror jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini xohlagandim, xohlaymizmi-yo‘qmi, og‘riqli masalalarni kun tartibiga qo‘yayotganda buni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish kerak. Jamoatchilikni eshitish, murakkab savollarga javob berish kerak bo‘ladi, chunki eng to‘g‘ri qonunlar jamoatchilik kelishuvi asosida qabul qilingan qonunlardir.

Ikkinchisi, 16 aprel kuni qaror qabul qilingach, qaror qabul qiluvchilar, xususan Energetika vazirligi xalqqa yuzlanadi, o‘zlari tushuntiradi, o‘tgan yil yuz bergan holatlar, xatolar haqida gapiriladi, kerak bo‘lsa mas’uliyatni olib, oldinda bizni kutayotgan istiqbol haqida ochiq-oydin gapiriladi, kommunikatsiya boshlanadi deb o‘ylagan edim, afsuski, unday bo‘lmadi. Lekin haliyam umid bor, energetika sohasidagi rahbarlar xalq bilan o‘rtada ishonch tiklanishi uchun muloqotni yo‘lga qo‘yishlariga umid qilaman.

Doim shok qarorlarni qabul qilganda, shok bir marta ro‘y berishi kerak deb aytaman. Ikki, uch martaga qoldirilgan shoklarning foydasidan ziyoni ko‘p bo‘ladi. Kasal qo‘lni bir martada kesib tashlash kerak, bemor og‘riqni ikki marta his qilmasligi kerak. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganda fikrimni bildirgan bo‘lardim. Masalaning bir qismini keyingi yilga qoldirmaslik kerak edi. Biz toki regulyatsiya qilinadigan bozorga yetgunimizgacha bir marta tariflar oshirilishi va masalaga nuqta qo‘yilishi hamda undan keyin bozor xatti-harakatlarini boshlash to‘g‘ri bo‘lardi.

Aslida bu savol Energetika vazirligi mas’ullari uchun edi. 2022 yil may oyida berilgan rasmiy ma’lumotda 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 800 so‘m, 1 kub metr tabiiy gazning tannarxi 1400 so‘m ekani aytilgan edi. Hozir bu miqdor mos ravishda 990 so‘m va 1961 so‘m ekani aytilyapti. 2 yil ichida elektr tannarxi 24 foizga, gaz tannarxi 40 foizga qimmatlashgan. Bu borada fikringiz qanday?

— Sizga boshqacharoq aytaman, O‘zi savol 2022 yil e’lon qilingan tannarx raqamlariga bo‘lishi kerak. O‘tgan yil e’lon qilingan raqamlarni ham biz ishonchli, mustaqil, aniq manbalardan olganimiz yo‘q. Tannarxni tinimsiz oshirishdan manfaatdor muassasalar bayon qilyapti bu raqamlarni. Tannarx haqida gap ketganda birinchi men aytadigan narsa – bu bo‘yicha hisob-kitoblar ochiq va shaffof bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, tannarx qanday shakllangani bo‘yicha hisob-kitoblarni tekshirish imkoniyati bo‘lishi kerak. Ularning bayonotlari biz hozir reallikda ko‘rayotgan, boshqa mutaxassislar aytayotgan raqamlarga mos kelmaydi.

Masalan, 60 foizdan ko‘proq gaz ishlab chiqaradigan “O‘zbekneftgaz” 21 martdan boshlab UzGasTrade'ga 600 so‘mdan sota boshladi. Agar gazning tannarxi bizga aytishganidek 2000 so‘m deb oladigan bo‘lsak, UzGasTrade boshqa gaz qazib chiqaruvchilar, shimolliklar, yoki xususiy operatorlardan gazni 3000-4000 so‘mdan sotib olayotgan bo‘lib chiqadi. Bu esa noqulay savollarni yuzaga keltiradi: qanday qilib gaz ishlab chiqaruvchidan 600 so‘mdan sotib olib, boshqa gaz ishlab chiqaruvchidan 6-7 barobargacha qimmat narxda gaz sotib olish mumkin? Ochig‘ini aytish kerak, bu yerdan korrupsiyaning hidi kelyapti. Tannarximizni belgilaydigan korrupsiya emasmi, bunaqa yuqori tannarxning ildizi korrupsiyaga borib taqalmaydimi degan savollar tug‘iladi.

O‘zi energetika islohoti deganda faqat narxlarni oshirishni tushunish noto‘g‘ri, bu iste’molchilarning ham kayfiyatini buzadi, qaror qabul qiluvchilarni ham boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Biz islohot deganda ochiqlik, shaffoflik, narxlar bozor sharoitida yoki mustaqil regulyatsiya nazorati ostida shakllanishini ko‘rishimiz kerak. Iqtisodchi sifatida ham, iste’molchi sifatida ham 2022 yildagi raqamlarga ham, 2024 yil aprel oyida e’lon qilingan raqamlarga ham ishonchim yo‘q. Bu ishonchni bizga berish uchun ma’lumotlarni ochiqlash kerak.

2022 yil yozida yagona gaz sotib oluvchi sifatida “UzGasTrade” AJ tashkil etilgan. Jamiyatning biror rahbari yoki rahbari nomidan harakat qiladigan mas’ullarning o‘zbekistonliklarga hisobot berganini ko‘rdingizmi? Men ko‘rmadim. Hozir O‘zbekistonda gaz narxi shakllanishi UzGasTrade'ga borib taqaladi. Biz shimoldan olayotgan gazimiz ham UzGasTrade tomonidan tasdiqlanadi, “O‘zbekneftgaz”, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilayotgan gaz ham shu kompaniya tomonidan taqsimlanadi. Men istagan narsalardan biri – UzGasTrade xalqning oldiga chiqishi, hisobot berishi kerak. 1 yildan ortiq hisobotlarini e’lon qilganini ko‘rmadik, budjetdan 20 trln so‘mdan ortiq subsidiyalar aynan UzGasTrade'ga ketadi.

— O‘tgan yil yoz oylarida, Rossiyadan gaz importi boshlanishidan avval energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiyadan sotib olinayotgan gaz narxi tijorat siri ekanini aytgandi. Qachon narx borasida savol berilsa, tijorat siri degan javobni olamiz. Odamlar gaz va svet uchun yuqoriroq narxda to‘lashga o‘tayotgan ekan, ular o‘zlari to‘layotgan narx qanday shakllanganini bilishga haqli. Shu nuqtayi nazardan ham, elektr toki uchun 990 so‘mlik, elektr energiyasi uchun 1961 so‘mlik tannarx qanday shakllangani ochiqlanishi kerak.

— Iste’molchi pul to‘layotgan narsasi uchun to‘laqonli axborot olishga haqli.

Bundan buyog‘iga nima bo‘ladi degan savolga iste’molchi sifatida nimani kutaman? Shu paytgacha biz maktab, bog‘cha, o‘qituvchilardan, pensionerlardan qisib, energetikani moliyalashtirib keldik. O‘zi mohiyati shu qisib kelingan, jabrdiyda sohalarning tiklanishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Menga yoqmagan holatlardan bittasi – mas’ullardan biri subsidiyalash davom etadi, ularning miqdori 21 trln so‘mdan 10 trlnga yaqin summaga tushadi degan fikrni bildirdi. Vaholanki, hozirgi shakllangan tariflar energetika tizimining to‘laqonli ishlashiga yetarli bo‘lishi kerak. Biz yillar davomida budjetimizga yuklama bo‘lib kelgan og‘irlikni endi ta’limga, pensionerlarga, inson resurslariga sarflashimiz kerak.

Xalqda narxning oshgani qoldi-ku, degan ishonchsizlik bo‘lmasligi uchun biz maktablardagi yuklamani pasaytira olamizmi? O‘qituvchilarning oyligini va’da qilingan darajaga yetkaza olamizmi?

— O‘tgan yili oktyabrdan boshlab biznes uchun tariflar bozor narxlariga yaqinlashtirilgandi. Shunga qaramay, 2023 yilda energetika sohasiga subsidiyalar anchaga oshdi. Yoki xarajatlarning oshishi asosan biznes uchun tariflar oshgungacha bo‘lgan avvalgi choraklarga taalluqlimi?

— Shu savolga javob berish uchun ham tizim shaffofligi kerak. UzGasTrade saytida ochiq ma’lumotlar sifatida har bir yirik bitim – Saneg'danmi, Lukoil'danmi, Epsilon'danmi, qanchadan sotib olayotganini ochiq qo‘yishi kerak. Xuddi shunaqa “Milliy elektr tarmoqlari” issiqlik stansiyalaridan, gaz porshenli stansiyalardan, quyosh, shamol stansiyalaridan qanchadan elektr sotib olayotganini ham qo‘yishi kerak.

“Milliy elektr tarmoqlari”dan “Hududiy elektr tarmoqlari”ga yetkazish xarajatlari qancha bo‘layotganini ochiq ko‘rsatish kerak. O‘zbekiston shunaqa unikal mamlakatki, Afrikada ham unaqa yomon vaziyat yo‘q, elektr energiyasi transportirovkasidagi yo‘qotish haddan ziyod yuqori. Rasmiylarning aytishicha, biz 25 foizgacha yo‘qotishlarga uchrayapmiz. 85 mlrd kub elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan bo‘lsak, 68 mlrd kubi iste’molchiga yetib boryapti. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi – bu yo‘qotishmi yoki o‘g‘rilikmi? Energetika bizda afsuski, yopiq tizim, hech kim chetdan kelib taftish o‘tkaza olmaydi, o‘rganolmaydi, IESlar yoqayotgan gaz rostdan yoqilyaptimi yoki yo‘qmi? Buni hech kim o‘rgana olmaydi. Faqat shaffoflik buni o‘rganishga yo‘l beradi. Men tarmoqlardagi gazning yo‘qotilishi 0,8-1 foiz bo‘lganda ham tushunardim. Rasmiylarning aytishicha, 1 mlrd kubdan ziyod gaz yo‘qotamiz, bu haddan tashqari yuqori raqamlar. O‘zi bu yo‘qotishmi yoki o‘g‘irlashmi?

Suhbatni to‘liq tarzda video orqali tomosha qiling.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: