Sirdaryoda yong‘in sodir bo‘lgan uydan qotillik alomatlari bilan ayol va ikki bolaning jasadi topildi

Jamiyat 14:48 / 28.04.2024 34644

Sirdaryo tumanida yong‘in sodir bo‘lgan xonadondan qotillik alomatlari bilan uch kishining jasadi topilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

Hodisa 2024 yil 27 aprel kuni soat 02:55 larda Sirdaryo tumanidagi uylarning birida sodir bo‘lgan. Yong‘indan keyin tekshirib ko‘rilganda uydan ayol kishi va voyaga yetmagan ikki nafar bolaning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Jinoyatni fosh etish maqsadida prokuratura hamda ichki ishlar organlarining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tuzilgan tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘rilgan zarur choralar natijasida gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a”, “j” bandlari ( ikki va undan oshiq shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilib, sodir etilgan hodisa sabablari aniqlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: