YeYaTT 500 nafar rossiyalik olim bilan hamkorlikni to‘xtatadi

Jahon 13:29 / 20.03.2024 4548

Yevropa yadroviy tadqiqotlar tashkiloti (YeYaTT) noyabr oyida «har qanday Rossiya tashkiloti bilan aloqador» 500 ga yaqin olimlar bilan hamkorlikni to‘xtatadi. Bu haqda 19 mart, seshanba kuni tashkilot rasmiy vakili Arno Marsole ma’lum qildi, deb yozadi RIA «Novosti».

Marsolening eslatishicha, YeYaTT endi Rossiyadan moliyalashtirish olmaydi. «Va biz kelajakda Katta adron kollayderidagi vazifalarni boshqa guruhlar o‘z zimmasiga olishiga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz», deya qo‘shimcha qildi u.

YeYaTT dunyodagi eng yirik yuqori energiya fizikasi laboratoriyasi bo‘lib, unga 23 ta a’zo davlat kiradi. Tashkilotning eng mashhur loyihasi Shveytsariya va Fransiya chegarasida joylashgan zarracha tezlatgichi Katta adron kollayderidir. 

Rossiya 2018 yilda YeYaTT a’zoligidan voz kechdi, ammo ular o‘rtasidagi yaqin hamkorlik davom etdi. 2022 yilning mart oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan so‘ng tashkilot Rossiyani kuzatuvchi maqomidan mahrum qildi va yozda 2024 yilda muddati tugaganidan keyin Moskva va Minsk bilan hamkorlik shartnomalarini yangilash niyatida emasligini bildirdi. 

Rossiya ilm-faniga kuchli zarba 

YeYaTT tajribalarida ishtirok etayotgan rossiyalik fizik, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan The Insider nashriga bergan intervyusida hamkorlik to‘xtatilishi Rossiyadagi eksperimental yuqori energiya fizikasining butun sohasi yo‘q qilinishini anglatishini aytdi. «YeYaTT - bu dunyoda bunday ilm-fan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona joy. Kollayder - yagona narsa. Foydalanish imkoni yo‘q bo‘lsa - ilm-fan yo‘q bo‘ladi», dedi u. 

The Insider suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, 500 ga yaqin olimlar «shunchaki Rossiya universitetlari va institutlari mutaxassislari». Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, YeYaTT bilan Dubnadagi Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (BYaTI)ning 600 ga yaqin olimlari ham ishlaydi. Manba ta’kidlashicha, YeYaTTning u bilan alohida kelishuvi bor, u ham nihoyasiga yetmoqda, ammo bu borada qaror hali qabul qilinmagan. 

Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, Moskva fizika-texnika instituti (MFTI) qoshidagi yuqori energiya fizikasi laboratoriyasi mudiri Tagir Aushev «Vedomosti» gazetasiga bergan sharhida munosabatlar uzilishining ilmiy zarari o‘zaro ta’sirga ega bo‘lishini aytdi, chunki rossiyalik mutaxassislar, unga ko‘ra, YeYaTT tajribalariga katta hissa qo‘shgan. 

Ko‘proq yangiliklar: