Husiychilar yangi hamkorlar izlamoqda: bu Rossiya va Xitoy bo‘ladimi?

Jahon 21:11 / 19.03.2024 12976

— Rossiya va Xitoyning husiylar bilan hamkorligi nima uchun muhim va haqiqatan ham hamkorlik o‘rnatilganiga oid dalillar bormi?

Farhod Karimov: — Husiylar G‘arbga, xususan, AQSh va Buyuk Britaniyaga qarshi chiqayotgan kuch sifatida namoyon bo‘lyapti Yaqin Sharqda. Kundan kunga bu masala jiddiylashib boryapti, husiylar esa o‘ziga hamkor qidiradi bunday vaziyatda. Hamkorlarni kuchaytirish va ko‘paytirish maqsadida husiylar o‘tgan yil oxiri va yanvar oyida Qizil dengizdagi Isroilga va unga aloqador bo‘lgan kemalarni o‘tkazmasligini ma’lum qilgandi. Shunda hamkor bo‘lgan Rossiya va Xitoy kabi davlatlarning kemalariga tegmaymiz degandi. Lekin Rossiya ham, Xitoy ham pozitsiya bildirmagan bunda. BMT Xavfsizlik kengashida bunday husiylarning Qizil dengizdagi harakatlarini qoralagan ham edi.

Husiylar o‘ziga hamkor qidirar ekan, Rossiya va Xitoyning G‘arbga nisbatan pozitsiyasi aniq: an’anaviy tarzda G‘arbning raqiblari hisoblanadi. Bu ikki davlatda G‘arbga nisbatan prinsiplari bor. G‘arb, AQShning har qanday harakatlari qoralanadi, to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekani keyingi masala, prinsipial jihatdan shunday, ayniqsa, Rossiyada shunday. Husiylar mana shunday unumli foydalanmoqchi va bizning shunday qudratli hamkorlarimiz bor, deyapti. Rossiya va Xitoyning bu boradagi pozitsiyasi u darajada kuchli emas, agar rostdan husiylar tomonida bo‘lganda yanvar oyidagi AQSh va Britaniyaning husiylarga zarba berish rezolyutsiyasida e’tiroz bildirgan bo‘lardi.

Xitoy bu hududda urush holati bo‘lishidan manfaatdor emas, chunki uning G‘arbga boruvchi asosiy marshruti Qizil dengiz orqali o‘tadi. Xuddi shunday Rossiyaning bu yerdan o‘tadigan yuklari strategik ahamiyatga ega. Sanksiyalar ostida Rossiya neftini ko‘pchilik olmayapti, asosan Hindiston olyapti, unga esa Qizil dengizi orqali o‘tadi. Husiylar hujum qilmasa ham, hududning harbiylashishi bu kalimalarni to‘xtatib qo‘yadi. Ya’ni Rossiya ham, Xitoy ham manfaatdor emas, shunchaki geosiyosiy raqib nuqtai nazaridan AQSh va Britaniyaning husiylarga nisbatan pozitsiyalarini yoqlamayapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya va Xitoyning kemalariga tegmayotganini hamkorlikka dalil desa bo‘ladi. Husiylarning o‘zligi va qarashini tahlil qilish kerak. Arab dunyosida aksilyahudiylar kayfiyati kuchli, mana shu aksilyahudiylik kayfiyati aksilamerikachilik kayfiyatiga juda tez konvertatsiya bo‘ladi. Husiylar shia bo‘lgani uchun Eronga yo‘nalish oladi va asosiy ittifoqchi, homiy sifatida Eronni ko‘radi. Arab va musulmon dunyosidagi aksilyahudiylik, Eron va shialardagi mintaqa arab davlatlariga nisbatan ishonchsizlik — bularning hammasi husiylarga kelganda kristallashadi. Bu guruhning bayonotlari kristallashgan geosiyosiy va geomafkuraviy ahamiyatga ega.

Dunyoda kuchlar nisbati to‘g‘risidagi tasavvurlar izchil o‘zgarib boryapti. AQShning dunyodagi tartibotiga qarshi chiqayotgan asosiy ikki davlat Xitoy va Rossiya. Rossiya buning uchun hattoki yirik urushlar boshladi. Husiylar aytyaptiki, dunyoda yangi tartibot shakllanishi kerak, geosiyosiy sahnadan AQSh va G‘arb yiqilishi kerak va bu jarayonda Rossiya, Xitoyga yo‘nalish olganmiz, deyapti. Husiylar Rossiya va Xitoyning kemalariga, loyihalariga zarar berishdan juda ehtiyot bo‘lyapti, to‘liq shakllangan geosiyosiy proyeksiya deyish mumkin.

— Husiychilar o‘z bayonotida BRIKS davlatlari bilan ham hamkorlik qilayotganini da’vo qilishgan. BRIKS a’zolarini husiychilar borasida yakdil deyish mumkinmi?

Farhod Karimov: — Yakdil emas. Bu yerda husiylar o‘ziga nisbatan emas, G‘azodagi holat bo‘yicha olyapti. Biz shu tomondamiz, biz turgan tomonda mana shu kuchlar, BRIKS xam bor, deyapti.

BRIKSda faqat Rossiya va Xitoy emas, boshqalar ham bor. Xususan, Hindistonning pozitsiyasi bu borada boshqacha. Hindiston Qizil dengizda raqobatchisi bo‘lgan Xitoy o‘tib ketmasligidan xavotirda, Xitoy qatori u ham Qizil dengizdan foydalanadi: neft importi va Yevropaga mahsulot o‘tkazishda. Ya’ni husiylar Rossiya va Xitoy bilan kelishib, Qizil dengizni nazoratga olsa, G‘arb bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Hindiston uchun minus bo‘ladi. Shuning uchun husiylar hujum boshlagandan beri biz Qizil dengizdagi kemalarimiz xavfsizligini oshiramiz, kerak bo‘lsa, harbiy mavjudligimizni ko‘paytiramiz, deyishyapti. Shu nuqtai nazardan qaralsa, husiylar borasida BRIKS davlatlarining pozitsiyasi bir xil emas, Rossiya va Xitoy ham pozitsiyasini ochiq aytgani yo‘q. Hindiston Qizil dengizdagi har qanday kemalarning daxlsizligini ta’minlash tarafdori. Shuning uchun BRIKS davlatlari yakdil bo‘lib husiylarni qo‘llaydi deb bo‘lmaydi.

Husiylar va BRIKS bir bo‘ldi, degani so‘zdan boshqa narsa emas. BRIKS harbiylashgan tashkilot emas, shunchaki G‘arbga nisbatan tiyib turish mexanizmi sifatida shakllanayotgan infrastruktura. Bu tashkilot ittifoq yo harbiy strategiyaga ega emas. Bunday bo‘lishi xam qiyin, chunki raqobatchi davlatlar bor tarkibda, Xitoy va Hindistonning bo‘lishi bu tashkilot harbiylashishiga imkon bermaydi. Husiylarning bu bayonotlari G‘arbni ogohlantirish, qo‘rqitishga urinish motividan o‘tolmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: — BRIKS – global geoiqtisodiy loyiha, asosiy maqsadi dollar hokimiyatini zaiflashtirish. Ya’ni BRIKS G‘arbning iqtisodiy qudratiga nisbatan qarshi kuch sifatida biz uchun qadrli degan pozitsiya bildiryapti husiylar.

— Kollektiv G‘arb uchun husiylarning bayonoti nimani anglatadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Sovet ittifoqi qulagach, shundan keyin dunyoda bir qutblilik paydo bo‘ldi, Klinton davrida yuqori nuqtaga chiqdi. Bugun dunyoda ko‘p qutblilik shakllanish jarayonida, shunday vaziyatki, ko‘p qutblilik ham, bir qutblilik ham deb bo‘lmaydi hozir. Lekin bugun Vashingtonning aytgani aytgan, degani degan bo‘layotgani yo‘q. Ekspertlar aytadiki, bugun davlatlar Vashington bosimidan qo‘rqmay qo‘ydi. Masalan, NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Vashingtonga yoqmaydigan loyihalarni ayta oladi, qolgan davlatlarda ham shunday, YeIda ma’lum bir ziddiyatlar bor. Husiylar mana shu bir qutblilik tugab, ko‘p qutblilik bo‘lishi kerak, deydi.

50-80 yillarda AQSh Lotin Amerikasi davlatlarining ichki ishlariga haddan tashqari ko‘p aralashgani sabab bu davlatlarda aksilamerikachilik kayfiyati kuchayib ketgan va AQShga ishonishmaydi. Dunyoda ko‘p qutblilik shakllanishi kerak va bu jarayon ketyapti. Lekin bu borada AQShga raqib bo‘lgan davlatlar Markaziy Osiyoning ikki tomonidagi Rossiya va Xitoy. Bu davlatlar tarixan Markaziy Osiyoni mustamlaka qilgan yoki tahdid solgan va solayotgan davlatlar xam shu ikki davlat. Ikki qutblilikning ijobiy tomonlari bor, lekin biz — Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy va siyosiy mustaqillik masalasini ham yodda tutishimiz kerak.

— AQSh, Britaniya kabi davlatlar bu bayonotlarni qanchalik jiddiy qabul qiladi?

Farhod Karimov: — Bu bayonotni G‘arb jiddiy qabul qilayotgani yo‘q, rasmiy munosabat bildirilmadi. Husiylarning pozitsiyasi oldindan ma’lum edi, Rossiya va Xitoy kemalariga hujum qilmayotganini ham oldindan bilardi.

Ikkinchi masala ham bor. Rossiya sanksiyalar ostida yashirin yo‘l bilan bayroqsiz tankerlar bilan tashiyapti yuklarini. Husiylar shu tankerlarga tegishmayapti, bitta holatdan tashqari shunday bo‘lib kelyapti. Bu ma’lumotlarni husiylarga kim beryapti, degan masala bor. Hamma bilyaptiki, qandaydir hamkorlik bor. Shuning uchun G‘arb buni yangilik sifatida qabul qilayotgani yo‘q. Bu bayonot umumiy, geosiyosiy muhit yaratish uchun bo‘lyapti. Bayonot husiylarning o‘zining gapi emas, boshqalarning ta’siri ham bor. Boshqa hududlardagi geosiyosiy jarayonlarga ta’sir qilish, vaziyat jiddiylashyapti, asosiy moliyalashtirishni Yevropadan bu yoqqa olish kerak, degan chorlov desa ham bo‘ladi. Umuman, nol qiymatga ega bayonotdan boshqa narsa emas.

— Husiylarga karshi Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hamkorlikda yangi urush ehtimoli bormi?

Kamoliddin Rabbimov: — Hozirgi paytda bu ehtimol kam. Saudiya husiylar bilan ko‘p kurashdi, lekin natija bo‘lmadi. Husiylar Yaman aholisining uchdan bir qismi bilan oziqlanadi, ularga armiya kerak bo‘lsa, bu aholi ularni qo‘llaydi. Qolaversa, Eron kabi qo‘llovchilar ham bor. Saudiya husiylar bilan kelishgan, shu sabab husiylar Saudiyaga hujum qilmaydi. Saudiya bu kelishuvni buzmoqchi emas. Ko‘p millionli aholi jalb qilingan partizanlik urushida yengish qiyin. Buning uchun ommaviy qirg‘in qilish mumkin xolos, lekin humanitar, siyosiy, geosiyosiy oqibatlari juda yomon bo‘ladi. Baydenning o‘zi Saudiyani husiylarga qarshi harbiy operatsiyalari uchun qattiq tanqid qilgan edi. Saudiya, BAA yoki boshqa davlatlar husiylarga qarshi juda qimmat turuvchi, holsizlantiruvchi harbiy kompaniya olib borish niyatida emas. Moliyaviy, harbiy qudrati yetmasligi uchun emas, boshqa tomonlar ham bor. Bugun husiylar arab, musulmon dunyosida Falastinga yaqinroq bo‘layotgan, Falastin uchun Isroil, G‘arbga qurol ko‘tarayotgan davlat sifatida ham ko‘riladi. Biror fenomen oppoq yoqi to‘la qora bo‘lmaydi, husiylarning zararli tomonlari ko‘p, lekin Falastinni himoya qilyapti, degan tomondan ijobiy qabul qilinuvchi tomonlari ham bor.

Farhod Karimov: — Husiylar Falastin tarafida turib amaliy harakat qilayotgani uchun arab, musulmon dunyosi uchun boshqacha statusga ega bo‘lyapti. Ya’ni arab hamjamiyati o‘z hukumatlaridan husiylar bilan boshqacha munosabatda bo‘lishni talab qilyapti. Mintaqadagi yagona amaliy harakat qilayotgan kuch ular. Shu omillar Fors ko‘rfazi arab davlatlarini husiylarga nisbatan harbiy operatsiyalar qilishdan tiyyapti. Har bir narsaning chegarasi ham bor. Husiylarning xarakatlari Fors ko‘rfazi arab davlatlarining tashqi siyosati va iqtisodiyotidagi chegarani buzib o‘tgani yo‘q. Yil boshida husiylar sabab neft narxi ko‘tarildi, lekin yana o‘z joyiga tushdi. Agar shu tendensiya davom etganda, Fors ko‘rfazi arab davlatlari husiylarga nisbatan harbiy harakat qilishni o‘ylab ko‘rgan bo‘lardi. Yoki butunlay Qizil dengiz kemalar uchun yopilsa, shunda bu narsa o‘rtaga chiqishi mumkin. Ehtimoli umuman yo‘q ham deyolmaymiz. Fors ko‘rfazi arab davlatlarini Yevropa bilan bog‘lovchi asosiy hudud shu. Husiylar sabab bu hudud nazorati boshqa davlatlar nazoratiga o‘tib ketishidan ham manfaatdor emas, ayniqsa, Qatar va BAA. Boshqa siyosiy kuchlar aralashib, Qizil dengiz geosiyosiy bosim ostida qolsa, Fors ko‘rfazi arab davlatlari harakat boshlashi mumkin.

— Arab davlatlari jamiyatida husiylarga nisbatan munosabat 7 oktyabrgacha va undan keyin qanday bo‘lyapti?

Farhod Karimov: — O‘zgarish bor. Yamanni shialar nazorat qilayotgani uchun arab davlatlarida unga nisbatan yakdil qarash bor edi. 7 oktyabrdan keyin arab hamjamiyati falastinliklarga yordam berishni so‘radi, shu vaziyatda husiylar chiqdi o‘rtaga. Arablarda ham, butun dunyo musulmonlarida ham qarash o‘zgardi. Lekin hukumatlar pozitsiyasida o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: