Dunyoning atigi yetti mamlakatida havo sifati JSST tavsiyalariga javob beradi 

Jahon 20:48 / 19.03.2024 12653

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan belgilangan havo sifati standartlariga dunyoning faqat yettita davlati javob beradi. Shveytsariyaning IQAir kompaniyasi tahlilchilari 2023 yil uchun havo sifati bo‘yicha yillik hisobotida shunday xulosaga keldi. 

Hisobotni tayyorlash uchun olimlar 134 mamlakatdagi 7812 ta joyda joylashgan 30 mingdan ortiq kuzatuv stansiyalari ma’lumotlarini tahlil qilib, havodagi PM 2.5 zarrachalarining tarkibini o‘rganishdi. Bu sanoat jarayonlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish va avtomobil chiqindilari oqibatida havoga chiqadigan mayda aerozol zarralari. Ularning tabiiy manbalariga o‘rmon yong‘inlari yoki qum bo‘ronlari kiradi. 

Bu zarrachalar o‘zining juda kichik o‘lchami tufayli tabiiy biologik to‘siqlar bilan ushlanmaydi, balki qon tizimiga kirib, organizmda to‘planib, ko‘plab patologik sharoitlarni, jumladan, astma, saraton, insult va o‘pka kasalliklarini keltirib chiqaradi va og‘irlashtiradi. 

JSST tavsiyalariga muvofiq, xavfsiz hayot uchun zarrachalarning o‘rtacha yillik darajasi kubometr uchun 5 mikrogramdan oshmasligi kerak. 

IQAir tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, 2023 yilda bu tavsiyalarga faqat yetti mamlakat - Avstraliya, Grenada, Islandiya, Mavrikiy, Yangi Zelandiya, Finlandiya va Estoniya javob bergan. Agar alohida shaharlar olinsa, ularning atigi 9 foizida havo sifati me’yorida bo‘lgan. 

Havosi eng ko‘p ifloslangan davlatlar - Bangladesh (1 kubometr uchun 79,9 mikrogram, JSST tavsiyalaridan 30 baravar yuqori), Pokiston (73,7 mikrogram) va Hindiston (54,4 mikrogram) bo‘ldi. 

O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich kubometr uchun 28,6 mikrogram (JSST tavsiyalaridan qariyb 6 baravar yuqori), Rossiyada 10 mikrogram, Ukrainada - 8,6, AQShda - 9,1, Germaniyada - 9, Xitoyda - 32,5 mikrogramni tashkil etdi. 

Eng ifloslangan 50 ta shaharning 42 tasi Hindistonda bo‘lib, ularning ba’zilarida PM 2,5 darajasi JSST ko‘rsatmalaridan 20 baravar ko‘p bo‘lgan. Boshqa eng ifloslangan shaharlarning aksariyati Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan. Shu bilan birga, IQAir ko‘plab Afrika mamlakatlarida havo ifloslanishi bo‘yicha ishonchli ma’lumotlarga ega emasligini ta’kidlaydi. 

Finlyandiyaning Kuusamo shahri havo sifati bo‘yicha dunyodagi eng toza shahar bo‘lib chiqdi. 

The Guardian nashrining ta’kidlashicha, har yili dunyo bo‘ylab yetti million odam havo ifloslanishi ta’siridan nobud bo‘ladi - bu OITS va bezgakdan ko‘proq. Ushbu o‘limlarning aksariyati rivojlanayotgan mamlakatlarda, asosan isitish, yoritish va ovqat pishirish uchun ekologik toza bo‘lmagan yoqilg‘idan foydalanish tufayli sodir bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: