O‘zbekistonda tug‘ilish kamaya boshladi

O‘zbekiston 15:19 / 18.03.2024 10502

O‘zbekistonda 2024 yilning yanvar-fevral oylarida 137 457 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan. Bu 2023 yilning tegishli davriga nisbatan 3 631 taga – 2,6 foizga kam. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, ayrim trendlar bu holat davom etishi mumkinligiga ishora qiladi.

Birinchidan, qayd etilgan nikohlar soni ikkinchi yil ketma-ket qisqarmoqda va 2023 yilda yangi davrdagi eng kam nikoh ro‘yxatga olingan (283,8 ming). Bundan kamroq ko‘rsatkich 2016 yilda qayd etilgan (275 ming).

Ikkinchidan, ajralishlar soni sun’iy byurokratik to‘siqlarga qaramay, 2023 yilda barcha davrlardagi maksimum – 49,2 mingga yetgan. Bu raqam mavjud reallikni ifodalamasligi va avvalgi yillardagi to‘siqlarning yumshatilishi effekti bo‘lishi ham mumkin.

Uchinchidan va bu eng asosiysi, daromadlarning o‘sishi keskin sekinlashgan. 2023 yilda jon boshiga real daromadlar o‘sishi pandemiya yilini hisobga olmasa, oxirgi 7 yildagi eng past ko‘rsatkichgacha sekinlashgan – 2,4 foiz. 5 ta hududda esa real daromadlar qisqargan”, deya yozdi iqtisodchi.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, yangi davrda tug‘ilishning keskin ortishi daromadlarning o‘sishi bilan yuqori korrelyatsiyada bo‘lib kelgan.

“Tug‘ilish dinamikasining uzoq muddatli trendi yana urbanizatsiya, gender chaqiriqlari, migratsiya, ertangi kunga ishonch kabi ko‘plab omillar ta’siri ostida shakllanadi”, deya yozdi u.

O‘zbekistonda yillik tug‘ilishlar soni 2018 yildan buyon uzluksiz o‘sib kelayotgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: