Mbappe hal qilolmadi, «Chelsi» o‘yinida yana mojaro. Kun o‘yinlari

Sport 13:14 / 28.04.2024 10459

Angliya: «MYu» yana g‘alabani qo‘ldan chiqardi, «Liverpul» taqdirga tan berdi

«Vest Hem» – «Liverpul» – 2:2
Gollar:
1:0 – 43 Bouen, 1:1 – 48 Roberson, 1:2 – 65, avtogol Areolya, 2:2 – 77 Antonio.
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Ogbonna, Zuma, Emerson, Souchek (Uord-Prouz, 74), Lukas Paketa, Alvares, Quddus, Bouen, Antonio.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 79), van Deyk, Kuansa, Roberson, Endo (Nunes, 79), Mak Allister, Gravenberx, Elliott, Dias (Saloh, 79), Gakpo.
Ogohlantirishlar: Endo (30), Mak Allister (90+5).

Hafta o‘rtasida boy berilgan derbi amalda «Liverpul»ni chempionlik poygasidan chiqarib yuborgandi. Navbatdagi o‘yinning birinchi bo‘limi ham qizillar bunga ko‘nganini ko‘rsatib turdi. Uning mantiqiy yakuni Boeunning goli bo‘ldi, u tanaffus arafasida burchak zarbasidan keyin hisobni ochdi va samaradorlik bo‘yicha klub rekordini takrorladi. Unga qadar «Vest Hem» safida APLning bir mavsumida faqatgin Paulo Di Kanio 16 ta gol urgan.

Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan jarima maydoni markazida paydo bo‘lgan Roberson muvozanatni tikladi. Mehmonlar bosimni kuchaytirishda davom etishdi va bu safar korner Gakpoga muvaffaqiyat keltirdi. Niderlandiyalik hujumchining zarbasidan keyin to‘p Ogbonna, Souchek va Areolya orqali darvoza to‘riga borib tushdi.

Fransuz darvozabon o‘yin davomida «bolg‘achilar»ni muntazam ravishda qutqarib turdi, yakunda esa jamoa Antonioning sa’y-harakatlari bilan hisobni yana tenglashtirdi. Yurgen Klopp esa yana omadsizlik haqida gapirishi mumkin: Londondagi o‘yindan keyin «Liverpul» darvoza ustuni yoki to‘siniga yo‘llangan zarbalar soni bo‘yicha top-5 ligalarda yaqqol yetakchi. Shanba kungi o‘yindan keyin bunday zarbalar soni 24 taga yetdi, birinchi bo‘limda Diasning zarbasidan keyin to‘p ustunga tekkandi, o‘yin oxirida esa Elliot to‘sinni nishonga oldi. Zaxiradan maydonga tushishi arafasida murabbiy bilan tortishgan Saloh esa ajoyib qarshi hujumni noaniq pas bilan to‘xtatib qo‘ydi.

«Manchester Yunayted» – «Byornli» 1:1
Gollar:
1:0 – 79 Antoni, 1:1 – 87, penalti Amduni.
«Manchester Yunayted» – Onana, Uan-Bissaka, Maguayr, Kazemiro, Diogu Dalot, Maunt, Eriksen (Amrabat, 81), Brunu Fernandesh, Maynu (Maktominey, 65; Maunt, 90), Antoni, Garnacho, Hoylund (Diallo, 65).
«Byornli» – Murich, Assinon, O`Shi, Estev, Vitino, Kallen, Berge, Odober, Foster, Fofana (Amduni, 57), Bruun Larsen (Gudmundsson, 72).
Ogohlantirishlar: Odober (42), Antoni (43), Kallen (60), Estev (90+2).

«MYu» shunday vaziyatda qoldiki, Kazemiro himoya markazida o‘ynashi hech kimni ajablantirmayapti. «MYu»ning jarohat olib safdan chiqqan himoyachilarini sanash – yangilik emas, bu ro‘yxatdagilarni futbol muxlislari shusiz ham bilishadi (Martines, Varan, Lindelyof, Shou, Evans, Kambval). Kadrlar masalasidagi bunday vaziyat ten Hag uchun sinov bo‘lmoqda, uning keyingi mavsumda ham ishlashi savol ostida turibdi.

«MYu» bu o‘yinni ancha ishonchli boshladi. Brununing zarbasi ustunga tegdi, Garnacho esa penalti ishlashga juda yaqin edi. Ammo bo‘lim oxirida ligada qolish uchun kurashayotgan «Byornli» o‘yinini kuchaytirdi. Mehmonlarda ikkita qulay vaziyat yuzaga keldi, ammo Onana «MYu»ni qutqardi. Jumladan yakkama-yakka vaziyatda ham.

Bu vaqt oralig‘ida «MYu» o‘z uyida Chempionshipga qarshi o‘yinda to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlikni boy berib qo‘ydi. Lekin ten Hag jamoasiga bu mavsumda pozitsion hujumlardan ko‘ra qarshi hujumlarda gol urish osonroq bo‘lmoqda. Va tanaffusdan keyin «MYu» darhol tashabbusni o‘ziga qaytarib oldi.

«Byornli» darvozasi qarshisida vaziyat ortidan vaziyat yuzaga kela boshladi. Ikkinchi bo‘lim boshida Antonining o‘zi ikkita vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Braziliyalik hujumchi avvaliga darvozabon hududidan turib aniq zarba bera olmadi, keyingi hujumda esa yakkama-yakka vaziyatni barbod qildi.

Ten Hag almashtirishlar qilishga kirishdi: Hoylundni o‘yindan oldi va Dialloni maydonga tashladi. Natijada himoyalanish vaqtida Brunu hujumda qoldi, to‘pga egalik qilinayotganda esa hujum markazida goh Dialo, goh Brunu yoki yana boshqa kimdir paydo bo‘ldi. Lekin bu bilan mezbonlarda golli vaziyatlar ko‘payib qolmadi. Ammo «MYu» aynan shu tarkibda gol urdi. «Byornli» futbolchisi Bergi jarima maydoni yaqinida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Antoni yana bir marta yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Bu safar «MYu» vingeri o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi va Angliya chempionatining bu mavsumidagi ilk golini 35-turga kelib nishonladi.

Braziliyalik futbolchi umuman olganda yomon o‘yin o‘tkazdi, ammo hisobni ochish unga nasib etdi. Onanada esa buning aksi bo‘ldi. U butun o‘yin davomida qutqardi, ammo o‘yin oxirida darvozaga penalti «olib keldi». 85-daqiqa o‘tib borayotganda «MYu» himoyachilari juda yomon o‘ynadi, Kazemiro va Uan Bissaka bir-birini tushunmay qoldi, darvozabon esa havodagi to‘pga intilib Amdunining boshiga tirsak bilan zarba berib yubordi. Bosh arbitr folni payqamay qolgandi, ammo VAR ishga tushib, hakamga xabar berdi. Jabrlanuvchining o‘zi 11 metrlik nuqtadan hisobni tenglashtirdi.

O‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida «MYu» ham penalti so‘radi, ammo maydondagi hakam ham, VAR hakamlari ham bunga asos ko‘rishmadi. «MYu» barcha turnirlar doirasida so‘nggi olti o‘yinda mag‘lubiyatga uchramayapti, lekin bu o‘yinlarda birgina g‘alabaga erishgan. Jarohatlanganlar safiga esa Maktominey ham qo‘shildi, ikkinchi bo‘lim davomida maydonga tushgan shotlandiyalik yarimhimoyachi 90+2-daqiqada maydonni tark etishiga to‘g‘ri keldi.

«Qizil iblislar» endi beshinchi o‘rinda borayotgan «Tottenhem»ni quvib yetishi dargumon, hozirgi oltinchi o‘rinni esa boy berib qo‘yishi ham mumkin. «Byornli» esa durang tufayli 17-o‘rinda borayotgan «Everton»ni ochkolar soni bo‘yicha quvib yeta olmaydigan bo‘ldi.

«Aston Villa» – «Chelsi» 2:2
Gollar:
1:0 – 4, avtogol Kukurelya, 2:0 – 42 Rojyers, 2:1 – 62 Madueke, 2:2 – 81 Gallaher.
«Aston Villa» – Martines (Olsen, 46), Kesh, Pau Torres, Konsa, Din, Beyli (Diyego Karlos, 75), Makginn, Tilemans (Diabi, 27; Duran, 83), Duglas Luis (Iroegbunam, 75), Uotkins, Rojyers.
«Chelsi» – Petrovich, Chaloba, Tiago Silva (Disasi, 90), Badyashil, Kukurelya, Gallaher, Mudrik (Kazadei, 90), Palmer, Kaysedo, Madueke, Jyekson.
Ogohlantirishlar: Duglas Luis (49), Kaysedo (49), Rojyers (64), Beyli (66), Mudrik (82), Tiago Silva (87), Madueke (90+10), Badyashil (90+10).

Hafta o‘rtasida «ko‘klar» «Arsenal»dan yirik hisobda mag‘lub bo‘lib (0:5), Pochettinoning bu «Koul Palmer» futbol klubi emas, «Chelsi» futbol klubi ekani haqidagi so‘zlarini isbotlay olishmagandi. «Aston Villa» bilan o‘yinda londonliklar yetakchisi safga qaytdi. Palmer o‘yinni to‘liq o‘tkazdi, ammo natijani boshqa yetakchi futbolchi ta’minladi. G‘alaba qozonilmagan bo‘lsa-da, shunga yaqin kelindi.

Kukurelya beshinchi daqiqadayoq gol urdi. Ammo o‘z jamoasi darvozasiga. «Villa» oddiy kombinatsiya uyushtirdi, ammo «ko‘klar» himoyasi bu vaziyatni nazorat qila olmadi: Din hujumga qo‘shildi va jarima maydoni markazida turgan Makginnga to‘p yetkazib berdi, shotlandiyalik futbolchi to‘pni ispaniyalik himoyachining tizzasiga tekkizgan holda darvoza to‘riga kiritdi.

Odatda birminghemliklar hisobni ochgan o‘yinlarda raqiblar vaziyatni o‘zgartirishi juda qiyin bo‘ladi. Gol o‘tkazilganidan 10 daqiqa o‘tib  Jyekson xatolar ustida ishlaganini namoyish etdi va Kaysedoning uzatmasidan keyin birga-bir vaziyatdan foydalandi. Ammo yana «Chelsi»ning omadi kelmadi: VAR kichik ofsayd qayd etdi.

«Aston Villa» to‘pni topshirdi va to‘liq himoyaga yotdi. 28-daqiqada Tilemans jarohat oldi — bu esa londonliklarga xavfli hujum uyushtirishga imkon berdi. Ammo Kukurelyaning qarama-qarshi qanot tomon uzatmasidan Jyekson foydalana olmadi — to‘p ustunga tegdi.

Bo‘lim oxirida mezbonlar ikkita vaziyatga ega bo‘ldi. Birinchisida Uotkinsning zarbasidan keyin Petrovich mehmonlarni qutqardi, ikkinchi vaziyatda mehmonlarning tezkor qarshi hujumida yana Kukurelya ishonchsiz harakat qildi, u o‘ziga kelgan to‘pni ikki bor qaytardi, ammo to‘p undan yana raqibga qaytib bordi va Rojyers hisobdagi farqni oshirdi.

Ikkinchi bo‘limda «Chelsi» o‘yinni kuchaytirdi va ketma-ket vaziyatlar yaratdi, ulardan birida Madueke bilyard uslubidagi zarba bilan hisobni qisqartirdi. Bu hujumda Gallaher va Palmer ham katta ish bajarishdi. Agar Nonining zarbasi o‘xshamaganida, arbitr Makginning Gallaherga qo‘polligi uchun penalti qo‘yishi ham mumkin edi.

Keyin yana sardor jonbozlik ko‘rsatdi. Gallaher qarshiliksiz jarima maydoniga kirib bordi va kuchli zarb bilan to‘pni to‘qqizlikka joyladi. Emerining himoyaviy futboli birinchi bo‘limda ish bergandi, ikkinchi bo‘limda esa raqib bosimiga dosh bera olmadi.

Londonliklar kuchli bosim o‘tkazganiga qaramay, qoida bo‘yicha g‘alaba golini ura olishmadi. Avvaliga hali avvalgi formasiga qayta olmagan Palmer yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Disasi Badyashilning uzatmasidan keyin darvozani ishg‘ol etdi. Hakam avvaliga maydon markazini ko‘rsatgandi, ammo videotakrordan keyin Benua uzatma berishdan oldin raqib himoyachisini turtgan deb topdi va golni bekor qildi. 

Statistika «Chelsi» ancha ustunlik qilganini ko‘rsatdi Darvozaga zarbalar soni bo‘yicha: 21-9 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 5-4), o‘yin vaqtining 72 foiz qismida to‘pga egalik, kutilgan gollar (xG) bo‘yicha 0,87 ga qarshi 1,37. «Ko‘klar» kutilgan gollar ko‘rsatkichi bo‘yicha APLda beshinchi o‘rinda ekani bejiz emas. Endi futbolchilar vaziyatlardan foydalanish ustida ishlashi lozim.

«Chelsi» «Arsenal»ga qarshi o‘yindagi 0:5 hisobidan keyin xarakter ko‘rsatdi. Pochettino shogirdlari hamon yevrokuboklarga yo‘llanma uchun kurashni davom ettirmoqda. 

«Tottenhem»dan uzoqlashib olish imkoniyatini boy bergan Unai Emeri keyingi hafta o‘rtasida «Chelsi» «shporlar»dan ham ochko olishidan umid qiladi. Yoki ular oldinroq — «Arsenal» bilan yakshanba kuni kechadigan derbida qoqilishidan.

Ispaniya: Simeone bahordagi asosiy o‘yinida g‘alaba qozondi

«Las-Palmas» – «Jirona» 0:2
Gollar:
0:1 – 26 David Lopes, 0:2 – 57, penalti Dovbik.
«Las-Palmas» – Vales, Marvin, Suares (Munir, 63), Koko, Marmol, Sinkgraven (Kardona, 63), Moleyro, Xavi Munos (Benito Ramires, 81), Rodriges, Perrone (Fabio Gonsales, 78), Sandro Ramires (Kardona, 63).
«Jirona» – Gassaniga, Erik Garsiya, Blind, David Lopes, Migel Guterres, Yan Kouto (Portu, 70), Aleish Garsiya, Errera (Martines, 89), Martin (Solis, 89), Savio (Torre, 80), Dovbik (Tsigankov, 70).
Ogohlantirishlar: Dovbik (37), Errera (39), Marmol (45+4), Yan Kouto (69).

So‘nggi oylarda o‘z uyida barqaror ravishda g‘alaba qozonadigan «Jirona» safar o‘yinlarida shunday barqarorlik bilan yutqazayotgandi. Kataloniyaliklar «Las-Palmas» maydoniga ketma-ket beshta safar uchrashuvidagi mag‘lubiyatli seriya bilan tashrif buyurgandi, ammo bu safargi raqib 10 fevraldan buyon umuman g‘alaba qozonmagandi. Yakunda ikki bo‘limda bittadan gol urgan Michel Sanches jamoasi ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Bir hafta oldin «Jirona» yevrokubokdagi ishtirokini kafolatlagandi. Endi jamoa kamida «Barselona»ning dushanba kungi o‘yini yakuniga qadar ikkinchi o‘rinda qoladi. Hozirda «Jirona» to‘plagan ochkolar soni 71 taga yetgan va bu la liga tarixida 33 turdan keyin Ispaniyaning «katta uchligi»ga («Real», «Barsa», «Atletiko») kirmaydigan jamoalari uchun eng yaxshi natija hisoblanadi.

«Atletiko» – «Atletik» 3:1
Gollar:
1:0 – 15 De Paul, 1:1 – 45 Uilyams, 2:1 – 52 Korrea, 3:1 – 80, avtogol Unai Simon.
«Atletiko» – Oblak, Molina (Rikelme, 67), Ximenes, Ermoso, Vitsel, Koke, De Paul (Aspilikueta, 82), Lorente (Saul, 82), Korrea (Barrios, 77), Grizmann, Lino.
«Atletik» – Unai Simon, Vivian, Yyeray Alvares (Errera, 66), Paredes, Lekue, Prados, Ruis de Galarreta (Vesga, 69), Sanset (Berenger, 66), Uilyams, Uilyams (Raul Garsiya, 81), Guruseta (Muniain, 66).
Ogohlantirishlar: De Paul (5), Sanset (59), Paredes (71), Ermoso (90+3), Grizmann (90+4).

To‘rtinchi o‘rin uchun kurash butun mavsum davom etdi, «Atletiko» hozirga qadar beshinchi o‘rindan uzoqlashib keta olmadi. Ammo madridliklar ta’qibchi bilan o‘yin boshida o‘ziga xos sovg‘aga ega bo‘lishdi, raqib himoyachisi to‘pni uzoqlashtirishga urinib, De Paulning oyoqlari ostiga tashlab berdi, qolaversa rikoshet darvozabon Unai Simonni ilojsiz qoldirdi. Shu bilan birinchi bo‘lim oxirida Grizmann ham xatoga yo‘l qo‘ydi va tezkor qarshi hujumda Guruseta to‘pni Ximenesning oyoqlari orasidan o‘tkazib, hisobni tenglashtiruvchi golni urgan Niko Uilyamsni qulay vaziyatga chiqardi.

Diyego Simeone tanaffusda kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirdi va Korrea ikkinchi bo‘lim boshida yana madridliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. So‘nggi o‘n daqiqalik boshlanganida esa Samuel Lino intrigani yo‘q qildi. Simon to‘pni qaytargandek edi, ammo u avvaliga ustunga borib, keyin darvozabonning yelkasi orqali to‘rga borib tushdi. Basklar shu tariqa Chempionlar ligasi orzusi bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keldi. Aprel oyi boshida Bilbaoga uzoq kutilgan sovrinni olib kelgan Ernesto Valverde keyin ikki o‘yinda durang qayd etdi, Madriddagi mag‘lubiyatdan keyin esa to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farq olti ochkoga yetdi.

Italiya: «Milan» oradagi farqni saqlab qoldi

«Yuventus» – «Milan» 0:0
«Yuventus» – Shchensni, Bremer, Gatti, Danilo, Vea (Makkenni, 71), Kambiyazo, Kostich (Kiyeza, 63), Rabio, Lokatelli, Yildyz (Miretti, 82), Vlahovich (Milik, 62).
«Milan» – Sportello, Gabbiya, Tiav, Florensi, Loftus-Chik (Dzeroli, 82), Pulishich (Chukvueze, 83), Adli (Bennaser, 62), Reynders, Musa (Bartezagi, 82), Rafael Leau, Jiru (Okafor, 71).
Ogohlantirish: Musa (45+1).

Boshqa yillarda bu o‘yin markaziy bahsga aylangan bo‘lardi. Ammo hozirda vaziyat shundayki, Turindagi o‘yindan alohida narsa kutish o‘rinsiz. «Milan» hozirgi ikkinchi o‘rinni boy berishi dargumon, Stefano Pioli mavsum yakunida iste’foga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabarlar esa nafaqat murabbiyni, balki futbolchilarni ham asabiylashtirmoqda. Italiya vakillari keyingi mavsumda YeChLda beshta kvotaga ega bo‘lishi ma’lum bo‘lgach, «Yuventus» uchun yo‘llanma naqd bo‘ldi. «Keksa sinioralar» uchun hozirda Italiya Kubogi finali muhimroq, ammo shanba kungi o‘yinda aynan mezbonlar g‘alabani ko‘proq xohladi.

Faqat istakning o‘zi yetarli emas. «Milan» o‘yin oxirida darvoza tomon yetti bor aniq zarba yo‘llanganiga qaramay, durangni ushlab qoldi. Rossonerilar so‘nggi yigirma yillikda faqat ikki marta raqib o‘zidan ko‘proq zarba yo‘llagan o‘yinlarda darvozasi daxlsizligini saqlay olgan. Bu durang milanliklarga «Yuventus»dan besh ochkolik farqni saqlab qolish imkonini berdi. Endi ikkinchi o‘rinni kim egallashi deyarli aniq. Darvozabon Sportiyello o‘yin qahramoniga aylandi, u ham Rabioning zarbasi qarshisida ojiz qolganida esa Tshau to‘pni chiziq ustida to‘xtatib qoldi.

Germaniya: Keynning dubli va «Bayyer»ning xarakteri

RB «Leypsig» – Borussiya D 4:1
Gollar:
0:1 – 20 Sancho, 1:1 – 23 Openda, 2:1 – 45+2 Sheshko, 3:1 – 46 Simakan, 4:1 – 80 Baumgartner.
RB «Leypsig» – Gulachi, Simakan (Xenrixs, 52), Orban, Lukeba, Raum, Shlager (Kampl, 88), Olmo, Aydara (Zayvald, 88), Simons, Openda (Klostermann, 88), Sheshko (Baumgartner, 70).
«Borussiya» D – Kobel, Hummels (Zyule, 52), Shlotterbek, Ryuerson (Mukoko, 71), Brandt, O‘zjan (Bayno-Gittens, 63), Nmecha, Volf, Adeyyemi (Roys, 46), Fyullkrug, Sancho.
Ogohlantirishlar: Simakan (37), Sancho (37), Shlotterbek (76).

«Borussiya»ni Chempionlar ligasi yarimfinaliga chiqqani uchun olqishlash mumkin, ammo Edin Terzich jamoasi bu safar ham chinakamiga hal qiluvchi o‘yinda ortga chekindi. Bir yil oldin Dortmund so‘nggi turda myunxenliklarga «Kumush tovoq»ni berib yuborgandi. Endi esa «asalarilar» keyingi mavsumda asosiy yevrokuboksiz qolishi 99 foizga aniq. Bir foizlik imkoniyat — «quloqli» sovrinni yutish orqali yo‘llanmaga ega bo‘lishdir.

Leypsigdagi o‘yin — hozirgi «Borussiya»ning holatini yaqqol ko‘rsatib berdi. Avvaliga bir yarim oydan buyon gol urmagan Sancho chiroyli zarba bilan «to‘qqizlik»ni aniq nishonga oldi. Va keyin darhol gol o‘tkazib yubordi, bu gol Havi Simonsda ham, Opendada ham ofsayd qayd etmagan VAR aralashuvi bilan hisobga olindi. Keyin esa bo‘lim oxiri va ikkinchi bo‘lim boshi — mehmonlar uchun shunchaki dahshatga aylandi. Tanaffus arafasida Sheshko jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim esa «Leypsig» «3 ga 1» ko‘rinishidagi qarshi hujumga chiqib ketishi bilan boshlandi, bu hujum to‘p maydonning ikkinchi qismida autdan to‘p tashlab berilishi bilan uyushtirilib, himoyachi Simakan uchinchi golni urishi bilan yakunlandi. Ikki yil muqaddam «Borussiya»dan ishdan haydalgan Marko Roze o‘ziga xos qasos oldi. Endi uning jamoasi beshinchi o‘rin bilan farqni besh ochkoga yetkazmoqda.

«Bavariya» – «Ayntraxt» F 2:1
Gollar:
1:0 – 9 Keyn, 1:1 – 23 Ekitik, 2:1 – 61, penalti Keyn.
«Bavariya» – Noyyer, Dayyer, de Ligt (Kim Min Je, 46), Mazraviy (Devis, 69), Gerreyru (Zvonarek, 81), Goretska, Laymer (Pavlovich, 28), Kimmih (Tel, 69), Myuller, Shupo-Moting, Keyn.
«Ayntraxt» F – Trapp, Buta (van de Bek, 77), Kox, Tuta, Pacho, Dina-Ebimbe (Nkunku, 70), Gyotse (Larsson, 77), Sxiri (Chendler, 88), Marmush, Knauff, Ekitik (Baoyya, 70).
Ogohlantirishlar: Kox (60), Sxiri (62), Gyotse (63).

Juma kuni o‘ynagan va klasikodagi bilan solishtirganda to‘qqiz futbolchini almashtirgan «Real»dan farqli o‘laroq «Bavariya» bunday rotatsiyaga yo‘l qo‘ya olmasdi. Birinchi navbatda resurslar yetarli jmas, Myunxen klubi lazaretidagi futbolchilar soni to‘qqiz nafarni tashkil etmoqda. Shunday ekan, «Ayntraxt»ga qarshi o‘yinda safdagi futbolchilarning eng yaxshilarini tushirishga to‘g‘ri keldi. Jumladan Keynni ham, uning ikki goli kuchli raqibga qarshi o‘yinda g‘alabani ta’minladi. Harri bundesligadagi ilk mavsumidayoq o‘zi qarshi o‘ynagan 17 raqibdan 16 tasining darvozasini ishg‘ol etdi. 1967 yilda bu borada turnir rekordini o‘rnatgan Gerd Myuller ham barcha raqiblarga gol ura olmagan. «Bavariya»ning hozirgi to‘purari esa avvalroq Aylton va Levandovski takrorlagan (ikki bor) natijani takrorladi.

«Bayyer» – «Shtutgart» 2:2
Gollar:
0:1 – 47 Fyurix, 0:2 – 56 Undav, 1:2 – 61 Adli, 2:2 – 90+6 Andrix.
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 89), Ta (Inkapie, 46), Tapsoba, Kossunu, Grimaldo (Stanishich, 89), Hofmann (Virts, 74), Andrix, Palasios, Adli, Shik (Bonifase, 74).
«Shtutgart» – Nyubel, Stergiu (Mvumpa, 81), Anton, Ito, Mittelshtedt, Karazor, Fyurix (Ruo, 81), Miyo (Daud, 74), Leveling, Girassi, Undav (Jon Vu Yen, 74).
Ogohlantirishlar: Palasios (31), Undav (41), Kossunu (42), Andrix (58), Miyo (69), Xabi Alonso (70), Mittelshtedt (77), Inkapie (83).

Xabi Alonso umidsiz ko‘ringan vaziyatlarda ham chiqish yo‘lini topmoqda. Yevropa Ligasida «Qorabog‘»ga qarshi ikki o‘yinda ham 0:2 hisobidan chiqib ketib, bir durang va bir g‘alabaga erishgandi (2:3, 2:2). «Bayyer» mag‘lubiyatsiz seriyasini shunday saqlab qoldi va Yevropa rekordini yangi cho‘qqilarga ko‘tardi. Hozirda bu nuqta 46 o‘yinga yetdi. Yevropa ligasi chorakfinalida «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda Frimpong 89-daqiqada hisobni tenglashtirgandi. Bir hafta oldin Dortmundda kechgan o‘yinda esa Stanishich qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada gol urgandi.

Endi bundesligada istalgan raqib bilan o‘yinda ustunlik qila oladigan «Shtutgart» bilan o‘yinda «Bayyer» ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Ishning yarmi tezda bajarilgandi — Adli tezkor javob gol urdi. Keyin esa voqealar rivoji qiziq kechdi. Kossunning hisobni tenglashtiruvchi goli ofsayd tufayli bekor qilindi va agar  Gradetski asosiy vaqt oxirida Girassining yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytarmaganida bu safar hech qanday qutulib qolish bo‘lmasdi. Qo‘shimcha daqiqalarning oltinchisi o‘tib borayotganida esa Virsning jarima zarbasidan keyin raqib himoyasida palapartishlik yuzaga keldi va Andrix hisobni tenglashtirdi. Endi jamoa Yevropa Ligasida «Roma»ga qarshi o‘yinlarda seriyani davom ettirishga harakat qiladi.

Fransiya: Mbappe sehrgar emas

«PSJ» – «Gavr» 3:3
Gollar:
0:1 – 19 Operi, 1:1 – 29 Barkolya, 1:2 – 38 Ayyu, 1:3 – 61, penalti Ture, 2:3 – 78 Hakimi, 3:3 – 90+5 Gonsalu Ramush.
«PSJ» – Navas, Hakimi, Markinos (Shkrinyar, 62), Danilu Pereyra, Lukas Beraldo, Vitinya, Zair-Emeri, Dembele (Mbappe, 46), Asensio (Li Kan In, 46), Barkolya (Meyulyu, 46), Kolo-Muani (Gonsalu Ramush, 62).
«Gavr» – Dema, Nego, Loris, Salme, Sangante, Operi, Ture, Targallin (Kuzyayev, 82), Ayyu (Keshta, 71), Kazimir (Juju, 82), Sabbi (Al-Hojam, 90).
Ogohlantirishlar: Zair-Emeri (74), Mbappe (90+3), Sangante (90+7).

Albatta, hozirgi vaziyatda «PSJ» Chempionlar ligasini e’tiborga ustuvorlik beradi, shuning uchun Mbappe yana o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi. Luis Enrike xavfli hududdagi «Gavr» jiddiy muammo tug‘dirishiga ishonmasdi va sardorni o‘yin oxirida chempionlikni nishonlash uchun tushirishni mo‘ljallagandi. Ammo Qatar millionlari davridagi o‘ninchi chempionlikni shu davrdagi 700-o‘yinda nishonlashning imkoni bo‘lmadi.

Mbappeni esa g‘alabani nishonlashga emas, o‘yinni qutqarish uchun tushirishga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, Danilu Pereyraning jarima maydoni ichidagi o‘ng‘aysiz harakatini ko‘rib chiqqan VAR parijliklar darvozasiga penalti belgiladi va hisob 1:3 ko‘rinishiga keldi. Ikkita gol farqini yo‘qqa chiqarish Gonsalu Ramushning xizmatlari bilan bo‘ldi, portugaliyalik hujumchi avvaliga Hakimiga assistentlik qildi, qo‘shimcha daqiqalarda esa Li Kan Inning uzatmasidan keyin muvozanatni tikladi. Muddatidan oldingi chempionlikni rasmiylashtirish uchun esa g‘alaba qozonish talab etilardi. Endi «PSJ» yakshanba kuni «Monako» Lionda g‘alaba qozona olmasagina divanda o‘tirib chempion bo‘lishi mumkin.

Kun statistikasi

  • Ismoil Kartal «Fenerbahche»ning ikki mavsumda ham «Beshiktosh»ga qarshi derbilarda g‘alaba qozongan 1-murabbiyi bo‘ldi.
  • Igor Tudor «Latsio»ning so‘nggi 65 yillikdagi dastlabki uchta uy uchrashuvida ham g‘alaba qozongan 2-murabbiyi bo‘ldi.
  • «Nyukasl» «Sheffild Yunayted»ga qarshi ikki o‘yinda 13 gol urdi (8:0, 5:1). Bu APLda bir mavsumning o‘zida bir jamoa ikkinchi jamoaga ko‘p gol urishi bo‘yicha rekord hisoblanadi.
  • «Bayyer» himoyachisi Grimaldo 13 golli uzatma bilan leverkuzenliklar tarixidagi eng yaxshi assistentlik ko‘rsatkichini qayd etdi — bunday hisob 2004/05 yillar mavsumidan boshlab yuritilgan.
  • 21 ta uy uchrashuvini mag‘lubiyatsiz o‘tkazish — «Benfika»ning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yaxshi natijasi.
  • «Atletiko» barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda 22 ta uy uchrashuvida g‘alaba qozondi. Klub rekordini takrorlash uchun yana bitta o‘yin qoldi.
  • «Shtutgart» forvardlari Girassi (25), Undav (18) va Fyurix (8) jami 51 gol urishdi. Bu shvablar tarixidagi eng yaxshi hujum triosiga aylandi, bu uchlik Bobich, Elber va Balakovning 1996/97 yillar mavsumidagi natijasini hozirning o‘zida ikkitaga yaxshiladi.
Ko‘proq yangiliklar: