Manchesterda fantastika, «Barsa» «Atletiko»ni yakson etdi. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 13:14 / 18.03.2024 29044

Angliya: «MYu» — Angliya kubogi yarimfinalida

«Manchester Yunayted» — «Liverpul» 4:3
Gollar:
Maktominey (10), Antoni (87), Reshford (112), Diallo (120+1) — Mak Allister (44), Saloh (45+2), Elliott (105).
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Varan (Diallo, 85), Lindelyof (Maunt, 105), Uan-Bissaka (Maguayr, 71), Fernandesh, Maktominey, Maynu (Eriksen, 80), Garnacho, Reshford, Hoylund (Antoni, 71).
«Liverpul» – Kelleher, Gomes (Tsimikas, 101), van Deyk, Kuansa, Roberson (Bredli, 76), Endo, Soboslai (Elliott, 72), Mak Allister, Saloh (Gakpo, 77), Dias (Klark, 114), Nunes.
Ogohlantirishlar: Mak Allister (31), Fernandesh (45), Gomes (60), Kelleher (109), Diallo (116).
Chetlatish: Diallo (120+2).

Prinsipial uchrashuv

Yurgen Klopp uchun hozirda har bir o‘yin — so‘nggi o‘yinlar turkumidan. APLda Pep Gvardiola bilan so‘nggi to‘qnashuv ortda qoldi, «Arsenal» va «Liverpul» o‘rtasida ham bu mavsumda boshqa o‘yin bo‘lmaydi. Ammo ligada hali masalan «Everton»ga qarshi derbi va boshqa qo‘shnilar — «Manchester Yunayted»ga qarshi aprel oyida o‘tkaziladigan klassika bor.

Yakshanba kuni ham «Liverpul» «Old Trafford»ga safar qilib, bir yil oldin «Enfild»da uchralgan 0:7 hisobidagi mag‘lubiyat alamini unutmagan «qizil iblislar»ga qarshi kubok uchrashuvida maydonga tushdi.

Albatta, hozir qandaydir anomal hisob haqida gap bo‘lishi mumkin emas: birinchidan, jamoalar Manchesterda o‘ynashdi, ikkinchidan esa «MYu» bu mavsumda Liverpulda durang o‘ynay oldi va umuman olganda bu yil o‘tgan yil bahoriga qaraganda yaxshiroq holatda.

Maktomineyning goli

Mehmonlar o‘yin oldidan jiddiy tarzda kuchaygandi: Saloh nihoyat to‘liq tiklandi va 1 yanvardan buyon ilk bor milliy turnirda boshlang‘ich tarkibda tushdi. Misrlik futbolchi 9-daqiqadayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo Darvinning uzatmasini darvozaga yo‘naltira olmadi.

Shunga qaramay, «Yunayted» o‘yinni raqibga qaraganda kuchliroq boshladi. Erik ten Hag «Liverpul»ning o‘ng qanotiga bosim o‘tkazishga urg‘u qaratdi, bu hududga mehmonlarning chap qanot himoyachisi Jo Gomes majburan o‘tkazilgandi. «Qizil iblislar» gol urish uchun ilk qulay imkoniyatdan foydalana olishmadi — Kelleher Reshfordning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ldi. Ikkinchi urinish esa gol bilan yakunlandi: «Liverpul» darvozaboni Garnachoning zarbasidan keyin yana to‘pni qaytargandi, ammo Maktomineyga to‘sqinlik qiladigan futbolchi topilmadi.

«MYu» o‘yini tushunarli edi: mezbonlar ongli ravishda to‘pni «Liverpul»ga topshirib, himoyachilarni pressing qilish va qarshi hujumlar uyushtirishga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, mezbonlar mudofaa chizig‘i ancha ichkarida joylashdi, shu tufayli maydon markazida katta bo‘shliqlar yuzaga keldi.

Maynu va Maktomineyning o‘zi katta hududlarni yopishga harakat qildi, ammo raqib safida Angliyaning eng kuchli yarimhimoyachilari jamlangani tufayli bu vazifani uddalash juda qiyin edi.

Tanaffus arafasidagi burilish

«Liverpul» o‘z o‘yinini topib olish uchun anchagina vaqt sarfladi. Qaysidir pallada Kelleher darvozasi atrofida bosim susaydi, ammo 35-daqiqada «Old Trafford» yana suron soldi: Maktominey dubl uchun o‘ta qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Shotlandiyalik futbolchi 11 metrlik nuqta hududidan zarba berdi, ammo Kelleher o‘zini ko‘rsatdi.

Bu vaziyat «Liverpul» futbolchilarini sergaklantirdi. Ko‘p o‘tmay Endo darvozani ishg‘ol etdi, ammo gol Salohdagi ofsayd holati tufayli bekor qilindi, 44-daqiqada esa Mak Allisterning goliga arbitrda hech qanday e’tiroz yo‘q edi, to‘p Maynuga tekkan holda rikoshet orqali darvoza to‘riga yo‘naldi .

Qiyin o‘tgan birinchi bo‘limdagi durang hisob «Liverpul» uchun juda yaxshi hisob bo‘lardi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda vaziyat mehmonlar uchun yanada qulayroq ko‘rinish oldi: Onana Nunesning zarbasidan keyin to‘pni Salohning oyoqlari ostiga qaytardi va qizillar yetakchisi jamoani hisobda oldinga olib chiqdi.

Mehmonlar xotirjamlikka berilishi

Tanaffusda Klopp futbolchilariga raqibning nisbatan bo‘sh nuqtalarini ko‘rsatib berdi, ikkinchi bo‘limda mehmonlar birinchi bo‘limdagidan faolroq harakat qila boshladi. Agar birinchi bo‘lim qahramoni Kelleher bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisida — Onana. «Yunayted» darvozaboni bir qancha qiyin zarbalarni qaytardi — Darvin, Soboslai, Diasning. 79-daqiqada «Liverpul» 5 ga 2 ko‘rinishidagi qarshi hujumdan foydalana olmadi — bu epizodda mersisaydliklar chorakfinal masalasini hal etishi kerak edi, ammo ish zarbagacha ham yetib bormadi.

«MYu» esa tanaffusdan keyin kuchsizroq ko‘rindi va o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek tuyula boshladi. Mezbonlarda o‘yinni qutqarish uchun resurslar katta emasdi: hisob 1:2 holatida ten Hag himoyaga Maguayrni hamda doim tanqid qilib kelinadigan, bu mavsumda faqat kubok o‘yinida bitta gol urgan Antonini tushirdi. Ammo aynan shu o‘zgarish ish berdi: 87-daqiqada braziliyalik vinger raqib jarima maydoni ichida barchadan ildamroq harakat qilib hisobni tenglashtirdi.

«Liverpul» esa voqealar bunday tus olishini kutmagandi: Klopp yarimfinal masalasi hal bo‘ldi deb hisoblab, Saloh, Soboslai va Roberson kabi futbolchilarini maydondan olib ulgurgandi. Shunga qaramay, jamoada overtaymdan qutulib qolish uchun ham imkoniyat bo‘ldi: Elliottning ayyorona zarbasi ustunga tegdi. Ammo qo‘shimcha daqiqalardagi so‘nggi so‘z baribir «MYu»ga qoldi: hakam hushtagi chalinishiga bir necha soniya qolganida Reshford Kelleher bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo olis burchakni aniq nishonga ololmadi.

Voqealarga boy overtaymlar

Kubok o‘yinlarida qo‘shimcha vaqt odatda rasmiyatchilikka aylanadi va jamoalar penaltilar seriyasiga tayyorlanadi. Ammo bu safar bunday bo‘lmadi: «MYu» ilk 15 daqiqalikda «Liverpul» darvozasi atrofida kuchli bosim uyushtirdi, ammo golni mehmonlar urishdi: Elliottga ham rikoshet yordam berdi.

Oxirgi bo‘limda esa manchesterliklar kamida bitta gol urishi talab etilardi va «Yunayted» bor kuch va hissiyotlarini shu daqiqalarga sarflashga qaror qildi. Gol esa baribir urildi: Reshford nihoyat Kelleherni dog‘da qoldirdi.

Maguayr va Maktomineyda ham gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, ammo o‘yin qahramoni kutilmaganda 21 yoshli ivuarlik Diallo bo‘ldi. Overtaymning so‘nggi daqiqalarida aynan u Garnacho bilan birgalikda qarshi hujumga chiqib ketdi va «Yunayted»ga g‘alaba keltirdi. Afrikalik futbolchi golni nishonlash chog‘ida futbolkasini yechgani uchun ikkinchi sariq kartochka olgani ham mezbonlar g‘alabasiga to‘sqinlik qila olmadi.

«Liverpul» o‘z muvaffaqiyatiga erta ishonib yuborgan o‘yinida yutqazdi. Klopp so‘nggi mavsumida sovrinlar borasida poker qilmasligi aniq, «MYu» esa 0:7 hisobi uchun qisman bo‘lsa-da qasos oldi.

«Chelsi» — «Lester» 4:2
Gollar:
Kukurelya (13), Palmer (45+1), Chukvuemeka (90+2), Madueke (90+8) — Disasi (51, avtogol), Mavididi (62).
Aniq ijro etilmagan penalti: Sterling (26).
«Chelsi» – Sanches, Gyusto, Chaloba, Disasi, Kukurelya (Chiluell, 90+1), Gallaher, Mudrik (Chukvuemeka, 78), Palmer, Kaysedo, Sterling (Madueke, 86), Jyekson.
«Lester» – Stolyarchik, Vestergor, Fas, Doyl, Ndidi (Koudi, 78), Uinks, Dyuzberi-Holl, Chouduri, Mavididi (Jastin, 75), Fatau (Akgyun, 63), Daka.
Ogohlantirishlar: Mavididi (67), Koudi (90+6).
Chetlatish: Doyl (73).

Angliya Kubogi bu mavsumni sovrinsiz yakunlamaslik uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lgan «Chelsi» birinchi bo‘limdan keyinoq yarimfinal yo‘llanmasini cho‘ntagida his qila boshladi. Jyekson debyutdayoq golli hujum uyushtirdi va o‘zidan qulayroq vaziyatda turgan Kukurelyani pas bilan ta’minladi. Keyin esa Sterling vaziyatlarni ko‘kka sovurishga kirishdi va hatto o‘zi ishlagan penaltidan ham foydalana olmadi.

Lekin bo‘lim oxirida Palmer urgan navbatdagi gol ham g‘alaba uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin edi. Ikkinchi bo‘limda «Lester» chempionship yetakchisi sifatidagi maqomini eslab qoldi va tezda ikkita javob goli yo‘lladi. «Tulkilar» yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Jyeksonni to‘xtatib qolgani uchun Doyl chetlatilganidan keyin ham o‘yin sur’atini tushirmadi. Ammo o‘yinning oxirgi daqiqalarida Palmerning jarima maydoni ichiga tovoni bilan uzatgan shedevr pasidan keyin Chukvuemeki g‘alaba golini urdi, yana biroz o‘tib Madueke «Lester»ni uzil-kesil taslim qilish uchun «to‘qqizlik»ni aniq nishonga oldi.

Endi Angliya kubogi yarimfinalida Pochettino shogirdlari «Siti», «MYu» «Koventri» bilan o‘ynaydi, final yo‘llanmasi uchun bahslar 20-21 aprel kunlari «Uembli»da o‘tkaziladi.

«Vest Hem» — «Aston Villa» 1:1
Gollar:
Antonio (29) — Zaniolo (79). 
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Zuma, Mavropanos, Emerson (Kressuell, 84), Souchek, Lukas Paketa (Uord-Prouz, 84), Alvares, Quddus, Bouen, Antonio (Jonson, 66).
«Aston Villa» – Martines, Konsa, Langle (Kesh, 46), Pau Torres, Moreno (Din, 63), Beyli, Tilemans, Duglas Luis, Uotkins, Duran (Diabi, 46), Rojyers (Zaniolo, 63).
Ogohlantirishlar: Tilemans (70), Alvares (83), Zaniolo (83), Quddus (86), Duglas Luis (86), Mavropanos (87).

Yakshanba kuni APL doirasidagi yagona o‘yin uch kun oldin Yevropa Ligasida gollar yomg‘iri («Vest Hem» «Frayburg» darvozasiga 5 ta, «Aston Villa» «Ayaks»ga 4 ta javobsiz gol yo‘llagandi). Jamoalarda yakshanba kungi o‘yin uchun ham hissiyotlar yetarli ekani ma’lum bo‘ldi. Durang natija yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoalarning ikkisini ham qoniqtirmasdi, «Vest Hem» esa bu natijadan ko‘proq norozi bo‘lishga haqli edi. Sababi — «bolg‘achilar»ning ikki goli inobatga olinmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida, hisob mezbonlar foydasiga 1:0 ekanida VAR Antonioning ikkinchi golini bekor qildi, shundan keyin «Aston Villa» hisobni tenglashtirdi.

Qo‘shib berilgan daqiqalarning oltinchisida esa videoassistentlar mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor emasligini bildirib, bosh arbitrni monitorga taklif etishdi. Referi esa shubhalarni tasdiqladi va Souchek qo‘l bilan o‘ynagani uchun golni bekor qildi. Natijada Devid Moyyes jamoasi oltinchi o‘rindagi «MYu»ga yaqinlashib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi, Zaniola zaxiradan tushib urgan gol esa mehmonlarga beshinchi o‘rindagi «Tottenhem» bilan oradagi farqni uch ochkoga yetkazish imkonini berdi. Lekin shu turda yutqazgan «shporlar»da bitta zaxira o‘yini ham bor.

Ispaniya: yana Feliks

«Atletiko» — «Barselona» 0:3
Gollar:
Feliks (38), Levandovski (47), Lopes (65).
«Atletiko» – Oblak, Molina, Savich, Reynildu, Vitsel, De Paul (Saul, 66), Barrios, Lorente (Koke, 58), Rikelme (Korrea, 58), Morata (Depay, 46), Lino (Grizmann, 46).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Fort (Kasado, 82), Serxi Roberto (Romeu, 77), Gundo‘g‘an, Fermin Lopes (Martines, 82), Rafinya (Yamal, 61), Feliks (Roke, 77), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Kunde (33), De Paul (46), Savich (61), Barrios (89). 
Chetlatish: Molina (90+3).

Boshqa istalgan vaziyatda bu uchrashuv dam olish kunlarining eng yorqin afishasiga da’vogarlik qilgan bo‘lardi, ammo «Atletiko» va «Barselona»ning hozirgi holatida bu o‘yin ancha kamtarroq ko‘rinadi. Kataloniyaliklar maksimum ikkinchi o‘rin uchun kurashmoqda, madridliklar esa kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini «Atletik»dan qaytarib olish talab etilardi.

Shunday ekan, natija ko‘proq mezbonlar uchun muhimroq edi. Va kutilganidek o‘yin «matraschilar»ning faolligi bilan boshlandi. Ammmo birinchi davrada bo‘lgani kabi «Barselona» tomonidan ijaraga olingan Joau Feliks o‘z klubini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Gundo‘g‘an va Levandovskining kombinatsiyasidan keyin portugaliyalik hujumchi qulay pozitsiyadan aniq zarba berdi. U birinchi davrada golini katta xursandchilik bilan nishonlagan bo‘lsa, poytaxtdagi o‘yinda o‘z hissiyotlarini tiydi. Xavi esa hissiyotlarini tiya olmadi va avvaliga sariq kartochka, tanaffus rafasida qizil kartochka olib, zaxira o‘rindig‘ini tark etdi.

Umuman olganda, bosh murabbiy yo‘qligi «Barselona» o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmadi. Mezbonlar safida Grizmann maydonga tushishi ham vaziyatni o‘zgartirmadi va ikkinchi bo‘lim boshida Levandovski olis burchakni aniq nishonga oldi. Polshalik hujumchi keyinroq Fermin Lopesning golida pas muallifiga aylandi. Diyego Simeone la ligada yil boshidan buyon ilk bor mag‘lubiyatga uchradi, kataloniyaliklar esa Xavi mavsum yakunida ketishini aytganidan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti.

Italiya: «Inter» ochko yo‘qotdi

«Yuventus» — «Jyenoa» 0:0
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Kin, 82), Danilo, Bremer, Gatti, Kostich (Ayling, 59), Lokatelli, Makkenni (Rabio, 58), Miretti (Vea, 78), Kiyeza (Yildiz, 59), Vlahovich.
«Jyenoa» – Jozep Martines, Spens, Bani (Chittadini, 85), Vaskes, de Vinter, Badel (Boxinen, 85), Frendrup (Strotman, 69), Gudmundsson (Malinovskiy, 70), Retegi (Ankeyye, 79), Vitinya, Messias.
Ogohlantirishlar: Danilo (39), Kambiyazo (58), Vitinya (65), Vlahovich (90+2).
Chetlatish: Vlahovich (90+3).

So‘nggi yetti turda faqat bir g‘alabaga erishgan va ikkinchi o‘rinni boy bergan «Yuventus» futbolchilari mavsumning hal qiluvchi qismida diqqatni jamlab o‘ynashi uchun bazaga ko‘chib o‘tdi. Ammo «Jyenoa»ga qarshi o‘yinda buning samarasi ko‘zga tashlanmadi. Birinchi bo‘limda jamoa xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Tanaffusdan keyin turinliklarning o‘yini yaxshilangan bo‘lsa-da, yaqqol vaziyatni ancha vaqt kutishga to‘g‘ri keldi.

Ayling-Junior kutilmaganda uzoq masofadan zarba yo‘llaganida to‘p avvaliga himoyachiga, keyin ustunga tegib maydonni tark etdi. Keyin bosh bilan zarba bergan Vlahovichga bir necha santimetr aniqlik yetishmadi. Ushbu serbiyalik Kambiyazoning darvozabon hududiga yetkazib bergan pasini ham golga aylantira olmadi, Moyze Kinning zarbasi ustundan qaytgan o‘yindagi eng xavfli vaziyat bo‘ldi. Jamoaga omad yetishmayotgandek edi, ammo o‘yin davomida darvoza sohasiga aniq borgan atigi ikkita zarba — bunaqasi mavsumda faqat «Inter»ga qarshi o‘yinda kuzatilgandi — dahshatli darajada yomon ko‘rsatkich. Vlahovich qizil kartochka olgani esa «Keksa sinioralar»dagi muammolarni yaqqol ko‘rsatib berdi.

«Verona» — «Milan» 1:3
Gollar:
Noslin (64) — Ernandes (44), Pulishich (50), Chukvueze (79).
«Verona» – Montipo, Santonz, Davidovich (Manyani, 57), Koppola, Kabal (Ruben Vinagre, 76), Lazovich (Mitrovich, 57), Duda, Serdar (Silva, 46), Folorunsho (Sviderski, 57), Suslov, Noslin.
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori (Ker, 84), Kalulu (Gabbiya, 46), Ernandes, Loftus-Chik (Musa, 66), Binnosir, Pulishich (Jiru, 66), Reynders, Leau, Okafor (Chukvueze, 74).
Ogohlantirishlar: Serdar (6), Tomori (30), Ernandes (45), Reynders (87).

«Milan» esa bunday sovg‘adan foydalandi va ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. Rossonerilarning barcha turnirlar qo‘shib hisoblangandagi qatorasiga beshinchi g‘alabasi tomon yo‘lni Ernandes ochib berdi. Fransuz himoyachisining jarima maydoniga to‘p uzatishga urinishi muvaffaqiyatsiz chiqqandi, ammo to‘p unga ikki bor qaytib keldi va u dribling bilan jarima maydoniga kirib bordi va o‘tkir burchakdan aniq zarba yo‘lladi. O‘yinning ikkinchi bo‘limi esa Pulishich qaytarilgan to‘pni darvozaga joylab qo‘yishi bilan boshlandi. «Verona» yana uzoq masofadan gol urganiga qaramay (jamoa 6 gol bilan bu borada ligada yetakchi), so‘nggi so‘z baribir Stefano Pioli jamoasi tomonidan aytildi. O‘yin taqdiri Chukvuezening zarbasigacha hal bo‘lishi mumkin edi, ammo Rafael Leau o‘ta qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Bu o‘yinda «Milan» Italiya chempionatidagi 5000-golini urdi va bu borada «Inter» va «Yuventus»dan keyingi uchinchi jamoaga aylandi.

«Roma» — «Sassuolo» 1:0
Gol:
Pellegrini (50).
«Roma» – Svilar, Karsdorp (Chelik, 70), Lorente, Manchini, Spinatssola (Anxelino, 37), Paredes, Kristante, Pellegrini, Auar (Baldanzi, 70), El Shaaravi (Heysen, 86), Lukaku (Ozmun, 86).
«Sassuolo» – Konsili, Pedersen, Ferrari, Erlich, Viti (Ruan, 86), Obiang (Volpato, 72), Rachich (Bayrami, 79), Mateus Enrike, Loryante, Defrel (Boloka, 73), Pinamonti (Mulattiyeri, 79).
Ogohlantirishlar: Pellegrini (59), Ozmun (89), Erlich (90).

Florensiyada g‘alabali seriyasi to‘xtatilgan «Roma» (o‘yin oxirida hisob tenglashtirilgandi - 2:2) bu turda Chempionlar ligasi tomon yurishini davom ettirdi. Pellegrinining uzoqdan yo‘llagan ajoyib zarbasi evaziga rimliklar kuchli to‘rtlikni yakunlab turgan «Bolonya»ga uch ochkolik masofada yaqinlashishdi. Daniele De Rossi «bo‘rilar» boshqaruviga kelganidan buyon ushbu yarimhimoyachi beshinchi golini urmoqda. Agar bu vaqt oralig‘ida Yevropaning yetakchi ligalari vakillari taqqoslansa, o‘rta chiziq vakillari orasida faqat Foden (6 gol) undan samaraliroq bo‘lgan. Bu o‘yin oxirida «Roma» markaziy himoyachisi Liorente yana diqqat markaziga tushdi. «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda u chiroyli gol urgandi, bu safar esa o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etishiga bir baxya qoldi, ammo rimliklarni ustun qutqarib qoldi.

«Inter» — «Napoli» 1:1
Gollar:
Darmian (43) — Jyezus (82).
«Inter» – Zommer, Darmian (Byukenen, 84), Acherbi, Pavar (Bissek, 46), Bastoni, Dimarko (Dumfris, 79), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella (Frattezi, 71), Tyuram, Martines (Sanches, 79).
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani, Olivera (Mariu Ruy, 74), Lobotka, Zambo-Angissa, Traore (Kayuste, 70), Politano (Ngonj, 90), Kvaratsxeliya (Lindstrem, 90), Raspadori (Simeone, 75).
Ogohlantirishlar: Pavar (36), Lobotka (52), Barella (54).

Chempionlar ligasini nimchorakfinaldayoq tark etgan bu jamoalarning o‘zaro uchrashuvi skudettoning amaldagi g‘olibi chempionlik vakolatlarini bo‘lg‘usi triumfatorga o‘tkazishi sifatida qabul qilindi.

O‘yin kutilganidek neradzurrilarning hujumkorligi bilan boshlandi va himoya chizig‘i ancha oldinroqda joylashdi. Himoyachilar o‘z ishini ham uddalashdi va gol ham urishdi. Darmian hisobni ochdi, unga qatorasiga ikkinchi tur Bastoni assistentlik qildi. Bu orqali u A seriyada qatorasiga to‘rtinchi mavsumda golli uzatmalari soni kamida o‘nta bo‘layotgan yagona markaziy himoyachiga aylandi. Ammo Madriddagi o‘yin antiqahramonlaridan biri bo‘lgan Pavar bu safar ham o‘yin oxirida muvaffaqiyatsiz o‘ynadi va uning xatosi Juan Jyezusning javob goliga olib keldi. Lekin bu ochko yo‘qotish «Inter» uchun deyarli ahamiyatsiz. «Napoli»ga esa bu durang psixologik jihatdan muhim, ammo ayni vaqtda neapolitanliklar kelgusi mavsumda yevrokuboklarda qatnashish imkonini beruvchi o‘rinlarda emas.

Germaniya: Leverkuzen va Dortmund uchun ajoyib hafta

«Frayburg» — «Bayyer» 2:3
Gollar:
Doan (10), Kaytel (79) — Virts (2), Glojyek (40), Shik (53).
«Frayburg» – Atubolu, Sildiyya, Gulde, Ginter (Linhart, 62), Gyunter, Hefler, Grifo (Musliya, 62), Doan, Rel (Kaytel, 76), Shallai (Gregorich, 62), Heler (Filipp, 76).
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 83), Ta, Stanishich, Inkapie, Grimaldo, Jaka, Palasios (Tapsoba, 89), Virts, Shik (Adli, 76), Glojyek (Andrix, 83).
Ogohlantirish: Hefler (72).

«Bayyer» Yevropa Ligasida «Qorabog‘»ga qarshi o‘yinlarda ikki bor o‘yin oxirida jasorat ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa (2:2, 3:2), bundesligada leverkuzenliklar ancha oldin masalani hal qilib qo‘yishdi. «Frayburg» maydonida jamoa ilk hujumlardan birida hisobni ochdi - Virs aylanma zarbasi bilan to‘pni burchakka joylashtirdi. Payshanba kuni yevrokubokda o‘ynagan raqib tezda javob golini urdi, ammo Doenning goli u qadar ahamiyatga ega bo‘lmadi. «Aspirinchilar»da yakshanba kungi o‘yinda barcha masalani chexlar hal qilishdi. Tanaffus arafasida raqib jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Glojyek ikkinchi golni urdi, tanaffusdan keyin Shik hisobdagi farqni oshirdi. «Qorabog‘» bilan o‘yinlar qahramoni bo‘lgan hujumchi himoyachi bilan to‘p uchun kurash vaqtida Frimpongning uzatmasiga oyoq qo‘yishga ulgurdi va to‘p darvozabon yeta olmaydigan trayektoriya bo‘yicha uchib, ustun oldidan darvoza to‘riga kirdi. «Bayyer» hamon «Bavariya»dan 10 ochkoga oldinda bormoqda.

«Borussiya» D — «Ayntraxt» 3:1
Gollar:
Adeyyemi (33), Hummels (81), Jan (90+3, penalti) — Gyotse (13). 
«Borussiya» D – Mayyer, Hummels, Shlotterbek, Matsen (Bensebayni, 85), Roys (Nmecha, 65), Jan, Brandt (O‘zjan, 85), Volf, Malen, Adeyyemi (Bayno-Gittens, 65), Fullkrug (Mukoko, 74).
«Ayntraxt» – Trapp, Kox, Tuta (Chendler, 90), Pacho, Nkunku, Dina-Ebimbe (Shaibi, 67), Gyotse (Ekitik, 74), Sxiri (Hasebe, 90), Larsson, Marmush, Knauff (Buta, 74).
Ogohlantirishlar: Buta (80), Jan (87), Kox (90+2).

«Borussiya» ajoyib hafta o‘tkazdi, ammo «asalarilar»ning qaysi muvaffaqiyati muhimroq bo‘lganini aytish qiyin. Hissiyotlar va daraja nuqtayi nazaridan — bu, tabiiyki, Chempionlar ligasi chorakfinaliga chiqish bo‘ldi. Ammo strategik tomondan qaralsa, keyingi mavsum uchun poydevor qo‘yish ham muhim, bu esa — kuchli to‘rtlikdag o‘rin degani, shanba kungi o‘yinlardan keyin «Leypsig» to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi. Dortmundlarning vazifasi o‘yin boshidayoq jamoaning sobiq futbolchisi Gyotse tomonidan qiyinlashtirib berildi, nemis futbolchisi Mayyer Marmush bilan yakkama-yakka vaziyatda qaytargan to‘pni baribir darvozaga yo‘lladi.

Tanaffus arafasida Malen Adeyyemini bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib, hisob tenglashishini ta’minladi. O‘yindagi eng qiziq voqealar esa ikkinchi bo‘limda ro‘y berdi. Muhim pallalardan biri — Mayyer yana bir bor Marmushning zarbasini qaytarishi bo‘ldi. O‘yinning oxirgi o‘n daqiqaligida Hummels Brandtning uzatmasini bosh bilan darvozaga yo‘lladi, qo‘shimcha daqiqalarda esa «Ayntraxt» uzil-kesil taslim etildi. Edin Terzich jamoasi «Leypsig»ni yana bir ochkoga ortda qoldirmoqda.

Fransiya: Mbappeda het-trik

«Monpele» — «PSJ» 2:6
Gollar:
Norden (30), Savane (45+1, penalti) — Vitinya (14), Mbappe (22, 50, 63), Li Kan In (53), Mendesh (89).
«Monpele» – Berto, Tshato, Kuyate, Omeragich, Davin (Sako, 70), Savane (Jyulen, 90), Ferri, Kulibali (Adams, 59), Lerua, Norden (Fayyad, 60), Hazri (At Tamari, 59).
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Danilu Pereyra, Lukas Beraldo (Mukiyele, 69), Ernandes (Mendesh, 46), Ugarte, Vitinya, Li Kan In (Meyulyu, 70), Barkolya (Zair-Emeri, 62), Mbappe, Kolo-Muani (Gonsalu Ramush, 62).
Ogohlantirishlar: Beraldo (38), Donnarumma (45), Mendesh (72).

Barcha Luis Enrike ichki chempionatdagi o‘yinlarda asosiy yulduzsiz o‘ynashiga va Mbappe zaxirada qolishiga ko‘nika boshlagandi, ammo qatorasiga uch turda durang qayd etilgach, «Monpele»ga qarshi o‘yinda Kilian boshlang‘ich tarkibda tushdi. Bu ushbu forvard uchun Fransiya chempionatida parijliklar safidagi 200-o‘yin bo‘ldi va yubileyni u het-trik bilan nishonladi, endi Mbappe liga 1 o‘yinlarida urgan gollar soni 188 tani tashkil etmoqda.

Opta talqiniga ko‘ra, bu turnir tarixidagi sakkizinchi natija, Transfermarkt esa uni oltinchi pozitsiyaga qo‘ygan. Ikki nafuzli manba bitta narsada yakdil — yakshanba kuni Mbappe o‘tgan asrning 60-70-yillari yulduzi va «Lion» tarixidagi eng yaxshi to‘purar Fleri Di Nalloni ortda qoldirdi. Kilian vaqt o‘tib mutlaq rekordchi — Fransiya chempionatida 299 gol urgan argentinalik Delio Onnisani quvib yetishi mumkin edi, ammo Mbappe va liga 1 yo‘llari ayrilmoqda. Futbolchi faqat faoliyatining so‘nggi qismida vataniga qaytishi mumkin.

Kun statistikasi

  • «Galatasaroy» hujumchisi Ikardi Turkiya chempionatida bir o‘yinda ham raqib darvozasiga, ham o‘z jamoasi darvozasiga gol urgan va penaltidan foydalana olmagan 1-futbolchiga aylandi. Ammo u dubli bilan safarda «Qosimposho» ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shdi (4:3).
  • «Gent» yarimhimoyachisi Gandelman Belgiya chempionatida XXI asrda zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, poker qayd etgan 1-futbolchiga aylandi. Ushbu isroillik futbolchi birinchi bo‘lim o‘rtalarida maydonga tushdi va «Sharlerua» ustidan yirik g‘alabani ta’minladi (5:0).
  • «PSJ» Fransiya chempionatida 350 ta safar o‘yinida g‘alaba qozonib, bu borada «Monako», «Marsel» va «Lion»dan keyingi 4-jamoaga aylandi.
  • Barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda qatorasiga 6 o‘yinda ham gol, ham golli pas muallifi bo‘lgan «Chelsi» yarimhimoyachisi Palmer — bu borada APL futbolchilari orasida eng yaxshi natija qayd etdi.
  • «MYu» «Liverpul»ni 11-marta Angliya Kubogidan chiqarib yubordi. Ammo turnir rekordi hamon mersisaydliklar jamoasiga tegishli, bu jamoa «Everton»ni kubok o‘yinlarida 12 bor qoldirib ketgan.
  • «Liverpul»ning zaxiradan tushgan futbolchilari bu mavsumda 23 gol urishdi. Bu top-5 ligalardagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • Bir mavsumda o‘tkazilgan 71 gol — «Ayaks»ning 1959 yildan buyon eng yomon natijasi.
Ko‘proq yangiliklar: