Yevrokuboklarga qur’a tashlandi va klublar sovrinlarni yutish uchun qanday yo‘lni bosib o‘tishlari kerakligi oydinlashdi. Milliy chempionatda esa terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus oldidan klublar so‘nggi bor o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun harakat qiladilar. «Inter» va «Bayyer»da chempionlik uchun navbatdagi dadil qadam tashlash imkoniyati bo‘lsa, Angliyada top-klublar dunyoning eng qo‘hna musobaqasi chorakfinalida orani ochiq qiladilar.
MANCheSTeR SITI – NYuKASL (Angliya kubogi chorak finali, 16 mart, 22:30)
Bir necha frontda qatnashish va juda ko‘p jarohatlar sababli «Nyukasl» o‘tgan mavsumdagi muvaffaqqiyatni takrorlay olmagan bo‘lsa-da, alohida o‘yinlarda, ayniqsa, kuchli jamoalarga qarshi hali ham Eddi Hau shogirdlari munosib ekanini isbotlab kelmoqda. «PSJ», «Arsenal», «MYu», «Chelsi»ga qarshi o‘yinlar bunga yaqqol isbot. Aynan «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarni ham misol sifatida keltirish mumkin – chempionat doirasidagi har ikki o‘yinda «shaharliklar» minimal hisobda ustun kelgan bo‘lishsa-da, o‘yinlar juda qiyin kechgandi. Liga Kubogida esa «Nyukasl» «Manchester Siti»ni musobaqadan chiqarib yuborganini ham eslasangiz kerak.
O‘z navbatida «Manchester Siti» ham ushbu turnirga, ayniqsa, mana shu o‘yinga jiddiy yondashishini taxmin qilish mumkin. To‘g‘ri, «Manchester Siti»ni Chempionlar Ligasida ham, APLda ham muhimroq o‘yinlar kutmoqda, ammo ushbu o‘yinning aynan shu kunlarga belgilagani ham ahamiyatli. Sababi, shu o‘yindan keyin klublar ikki haftalik tanaffusga chiqib, milliy jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Ya’ni, Gvardiolaga qaysidir muhimroq uchrashuv oldidan yetakchilarga dam berish, rotatsiya qilish ehtiyoji yo‘q, katta ehtimol bilan har ikki murabbiy uchrashuvga optimal tarkibni tanlaydi. Albatta, bundan tashqari, «Manchester Siti» qatorasiga ikki marta trebl qilgan klub sifatida tarixga kirish imkoniyati bor, bu ham o‘ziga yarasha katta motivatsiya.
Gvardiola faqatgina Kevin de Bryuynega dam berishi mumkin, zero xabarlarga qaraganda, belgiyalik yarimhimoyachida kichik jarohat bor. U «Arsenal»ga qarshi o‘yingacha tiklanishi kutilmoqda. Tabiiyki, «Liverpul» bilan o‘yin paytida jarohat olib almashtirilgan Ederson ham ushbu o‘yinga tayyor bo‘lmaydi. Mehmonlar safida esa yo‘qotishlar nisbatan ko‘proq. Darvozabon Nik Poupdan tashqari, Kiran Triper, Joalinton, Barns, Bern, Uilson, hamda Entoni Gordonlar sheriklariga yordam bera olishmaydi.
VeST HEM – ASTON VILLA (17 mart, 19:00)
Angliya kubogida chorak final o‘yinlari o‘tayotgani sababli, bu hafta APL doirasida juda oz uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi va ular ichida ushbu to‘qnashuv ancha qiziqarli kechishi kutilmoqda. «Vest Hem» turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda va albatta, qatorasiga ikki marta Yevropa Ligasida qatnashish bugungi APL sharoitida katta natija. Axir «Chelsi», «Nyukasl», «Brayton» kabi ancha yuqori baho berilgan jamoalardan yuqorida bo‘lish Moyyes uchun ajoyib yutuq sifatida baholanishi turgan gap. «Aston Villa» esa hozircha saqlab turilgan top-4dagi o‘rnini boy bermaslik uchun kurashishi shart. Ayniqsa, o‘tgan turdagi «Tottenhem»dan yirik mag‘lubiyat birminhemliklarga og‘riqli zarba bo‘ldi.
Har ikki jamoa yevrokuboklarda muvaffaqiyat qozonib, keyingi bosqich ishtirokchisiga aylanishdi. «Aston Villa» «Ayaks»ga qarshi, «Vest Hem» «Frayburg»ga qarshi juda qiyin safar o‘yinini o‘tkazishgandi, ammo javob uchrashuvida raqiblarga umuman imkoniyat qoldirilmadi. Har ikki jamoa yirik hisobda g‘alaba qozonishdi, demak ushbu uchrashuvga ancha ko‘tarinki kayfiyatda tashrif buyurishi tabiiy. «Vest Hem»ni esa Yevropa Ligasi chorakfinalida bu mavsumda Yevropaning eng kuchli jamoasi «Bayyer» kutib turibdi. Haqiqatan ham katta imtihon bo‘ladi. Emeri shogirdlari esa «Lill» bilan to‘qnashadi. Pley-off formatida ancha tajribali Emeri jamoasi Konferensiyalar kubogi favoriti sifatida baholanmoqda.
«Tottenhem»ga qarshi o‘yinda hisobning 0:4ga aylanib ketishida, tabiiyki, Jon Makginning qizil kartochkasi ham sabab bo‘ldi. Yetakchi futbolchi keyingi uch o‘yinni o‘tkazib yuboradi. «Vest Hem»dan tashqari, «Vulverhempton» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlar ham og‘ir o‘tishini inobatga olsak, Emeri uchun uning o‘rnini to‘ldirish ancha qiyin bo‘lsa kerak. Shuningdek, mehmonlar tarkibida Kamara va Diyego Karlos o‘ynolmaydi, Mingz va Buendiya mavsum oxirigacha safdan chiqishgan. Remzi va Uotkinslarning ham ushbu uchrashuvga tayyor bo‘lishlari so‘roq ostida. Moyyes esa faqat Korne va Emersonning yordamidan foydalana olmaydi.
Birinchi davradagi bahsda mezbonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘tgan yili Londondagi uchrashuvda esa durang qayd etilgan. «Vest Hem» barcha musobaqalar doirasida oxirgi besh o‘yinda 14, «Aston Villa» esa so‘nggi 5 o‘yinda 11 gol urgan. Birminhemliklar yetti o‘yindan beri safarda mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Demak gollarga boy va ancha murosasiz bahsni kutishga haqqimiz bor.
MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL (Angliya kubogi chorak finali, 17 mart, 20:30)
Angliya kubogida yana bir chorak final o‘yini barchaning e’tiborida bo‘lishi tabiiy. «Old Trafford»da mamlakatning eng sovrindor ikki jamoasi to‘qnash keladi. Albatta, hozirda tomonlar orasidagi farq yaqqol seziladi – «Liverpul» o‘zi qatnashayotgan barcha musobaqada (Liga kubogida g‘alaba qozonib bo‘ldi) g‘olib chiqib, Kloppning so‘nggi mavsumini ko‘tarinki ruhda tugatish imkoniyatini saqlab turgan bo‘lsa, «Yunayted» uchun bu turnir sovrin yutish uchun yagona imkon. Hatto mana shu musobaqa natijasi ham Erik ten Hagning o‘z o‘rnida qolish yo qolmasligini hal qilish ehtimoli bor. Ammo har qanday holatda ham uchrashuv juda murosasiz va qiziqarli o‘tishi ehtimoli katta. Birinchi davradagi «Enfild» bahsini eslang, o‘shanda «MYu» jarohatlar girdobida qolgan, «Liverpul» esa juda yaxshi formada edi. O‘yinda hisob ochilmagandi. Umuman o‘sha o‘yin «Liverpul» gol ura olmagan yagona uchrashuv bo‘lib turibdi.
Yana bir e’tiborli jihat, «Liverpul» Yevropa Ligasi uchrashuvida 5:1 hisobidagi ustunlikka ega bo‘lib, javob o‘yinidagi dastlabki daqiqalardayoq 4 gol urdi. Ammo shunda ham Yurgen Klopp Saloh, Roberson, Soboslai kabi yetakchilarga dam berish o‘rniga, to‘liq o‘ynash imkonini berdi. Hatto Virjiyl van Deyk kabi futbolchilar ikkinchi taymda maydonga tushirildi. Ikki kundan keyin «Old Trafford»dagi o‘yin bo‘lishini bilgan holda barchasi hal qilingan o‘yinda bunday ish tutish biroz tushunarsiz. Yoki Yurgen Klopp keyingi ikki oyda uch sovrin uchun kurashish og‘irlik qilishini sezib, Angliya kubogida biroz aralash tarkibni sinab ko‘rarmikin? Esingizda bo‘lsa, ikki yil oldin ham «Liverpul» to‘rt sovrin uchun so‘nggi kunlargacha kurashgan, ikki kubokni yutgach, APL va Chempionlar Ligasini boy bergandi.
Erik ten Hag esa albatta, ushbu o‘yinda asosiy tarkibni tashlashi shubhasiz. O‘tgan o‘yinlarda maydonga tusha olmagan Rasmus Hoylund ham to‘liq tiklandi va hatto Daniya milliy jamoasidan yig‘inlarga taklif oldi. Shuningdek, murabbiy Harri Maguayr va Aaron van Bissakalarning ham derbiga tayyor bo‘lishlarini aytib o‘tdi. Meyson Maunt ham bir haftadan buyon umumiy guruhda shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan tanaffusdan keyin maydonga tushadi. Mezbonlarda jarohatlar asta-sekin kamayayotgan bo‘lsa, «Liverpul» safida yo‘qotishlar juda ko‘p, balkim shuning uchun Yurgen Klopp uchta frontda g‘alaba qozonishiga ishonmayotgandir. Trent Aleksandr-Arnold, Konate, Matip, Jota, Alison – maydonga tusha olmaydigan asosiy tarkib futbolchilari. Shuningdek, Ketrin Jons, Alkantara, Bayjyetich kabi futbolchilar ham sheriklariga yordam bera olmaydiganlar safida.
Uch yil oldin xuddi shu jamoalar «Old Trafford»da Angliya kubogining dastlabki bosqichlarida to‘qnash kelgandi. O‘shanda Bruno Fernandeshning jarimadan urgan goli evaziga mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.
ATLeTIKO – BARSeLONA (18 martga o‘tar kechasi, 01:00)
Bu juftlik yaqinda balkim Chempionlar Ligasi yarimfinalida ham to‘qnash kelishi mumkin. Ungacha esa ichki musobaqada orani ochiq qilib olish kerak. Ayniqsa, «Barselona» uchun bu o‘yin juda muhim, zero «El Klasiko» oldidan hech bo‘lmasa oradagi farqni saqlab turish chempionlik poygasida intrigani saqlab turadi. Agar bu o‘yinda Xavi shogirdlari mag‘lub bo‘lishsa, katta ehtimol bilan «Real»ga yetib olish ilojsiz bo‘lib qoladi. Hozirda «Real» va «Barselona»ni 8 ochkolik farq ajratib turibdi. Uch turdan keyin Madridda navbatdagi El-Klasiko bo‘lib o‘tadi.
O‘z navbatida, «Atletiko»da ham vaziyat yengil emas. Chempionlar Ligasiga bo‘lgan e’tibor tufayli, Simeone bir qator o‘yinlarda rotatsiya qilishga majbur bo‘ldi va jamoa kutilmaganda «Almeriya» va «Kadis»ga qarshi safar uchrashuvlarida ochko yo‘qotdi. Oqibatda, hozirda «Atletiko» bilbaolik «adashini» atigi 2 ochkoga ortda qoldiryapti, xolos. «Atletik» niyati jiddiy ekani, kelasi yil Chempionlar Ligasi uchun Ispaniyaga 5 yo‘llanma tegishi ehtimoli pastligini inobatga olsak, tig‘iz oylar oldidan yana ochko yo‘qotish holatni qiyinlashtirib qo‘yadi.
O‘zaro uchrashuvlarga qaralsa, so‘nggi paytlarda «Barselona»ning ustunligini ko‘rish mumkin, ammo har bir o‘yin juda murosasiz kechayotgani ham shubhasiz. Oxirgi to‘rt o‘yinda kataloniyaliklarning qo‘li baland keldi, ammo uchala uchrashuv ham bir xil – 1:0 hisobida yakunlandi. Undan oldin, to 2020 yilgacha qariyb 10 yil «Atletiko» La Ligada «Barselona» ustidan g‘alaba qozona olmay kelganini ham eslasangiz kerak. Barcha musobaqalardagi oxirgi 40 uchrashuvni olsak ham, «Atletiko» hisobida atigi 5 g‘alaba bor xolos. Bu davrda «Barselona» 22 bor g‘alaba qozongan.
Endi jarohatlar haqida. «Barselona» safida bunday futbolchilar ko‘p. Butun mavsum davomida Xavi shu sharoitda ishlashga majbur bo‘lmoqda. Mavsum oxirigacha safdan chiqqan Balde va Gavidan tashqari, Pedri va de Yong ham o‘ynay olmasligi aniq. Yaxshiyamki Pedrining jarohati kutilganidan yengilroq bo‘lib chiqdi va katta ehtimol bilan keyingi turda tayyor bo‘ladi. Shuningdek, Ferran Torresning ham keyingi turga, ya’ni tanaffusdan keyin to‘liq tiklanishi kutilmoqda. Mezbonlar safida esa Xose Ximenes va Toma Lemarlar sheriklariga yordam bera olishmaydi.
«Atletiko» uy o‘yinlari statistikasi bo‘yicha chempionatda eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etayotganini ham ta’kidlash kerak. Chempionat doirasidagi 14 uchrashuvning 13 tasida g‘alaba. Faqat «Xetafe» bilan durang qayd etilgan, ammo o‘sha o‘yinda ham «Atletiko» birinchi taymdan boshlab bir futbolchi kam bo‘lib o‘ynashga majbur bo‘lgandi. Chempionlar Ligasidagi to‘rt o‘yinda ham Simeone shogirdlari raqibga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. «Metropolitano»da bu mavsumda faqat «Atletik» kubok uchrashuvida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi – 1:0. «Barselona» esa akstincha, o‘z maydonida uch marta mag‘lubiyatga uchrash barobarida, safarda hali biror o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi – 7 g‘alaba va 6 durang.
BOShQA O‘YINLAR
17 mart. Darmshtadt – BAVARIYa (19:00), Osasuna – ReAL (20:15), Fulhem – TOTTeNHEM (22:30)
18 mart. Frozizone – YuVeNTUS (16:30), Verona – MILAN (19:00), Frayburg – BAYYeR (19:30), ATALANTA – Fiorentina (22:00), ROMA – Sassuolo (22:00), INTeR – NAPOLI (18 martga o‘tar kechasi, 00:45), Monpele – PSJ (00:45)