O‘zbek tili PUBG Mobile’ga integratsiya qilindi 

Jamiyat 20:22 / 14.03.2024 25634

O‘zbekiston o‘z kibersportini rivojlantirishning yangi bosqichini nishonlamoqda – o‘zbek tili dunyodagi eng mashhur mobil o‘yinlaridan biri bo‘lgan PUBG Mobile’ga integratsiya qilindi. 

Bu nafaqat mamlakatda kibersport jadal rivojlanayotganini, balki O‘zbekiston bozorining global o‘yin ishlab chiquvchilari uchun ahamiyatini ham ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda davlatning faol qo‘llab-quvvatlashi va O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi tashabbusi tufayli mamlakat xalqaro maydonda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. PUBG Mobile’ga o‘zbek tilining kiritilishi nafaqat madaniy e’tirof ramzi, balki o‘zbek o‘yinchilariga yangi imkoniyatlarni taqdim etib, mamlakatda kibersportni yanada rivojlantirish va ommalashtirishga hissa qo‘shadi. 

O‘zbekistonda kibersportga qiziqishning sezilarli darajada oshishi nafaqat demografik va texnologik omillar, balki davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan faol qo‘llab-quvvatlash bilan ham bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan elektron sportni, xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning yangi yo‘nalishi «Sport faoliyati: kibersport» yo‘nalishi ochildi. 

Hujjatda o‘zbek kibersportchilarining xalqaro muvaffaqiyatlarini rag‘batlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu nafaqat jahon musobaqalarida ishtirok etishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki O‘zbekistonda xalqaro turnirlarni o‘tkazish uchun sharoit yaratishni ham nazarda tutadi. Bunday yondashuv nafaqat xalqaro musobaqalar tajribasi hisobiga mahalliy o‘yinchilarning mahorat saviyasini oshiribgina qolmay, balki jahon kibersport xaritasidagi muhim nuqta sifatida O‘zbekistonga e’tiborni qaratadi. 

2017 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi milliy va xalqaro miqyosda kibersportni ommalashtirishda markaziy o‘rin tutadi. 2022 yilda imzolangan hamkorlik memorandumi bilan rasmiylashtirilgan PUBG Mobile bilan hamkorlik O‘zbekistonning jahon kibersport sanoatidagi o‘z mavqeini mustahkamlash istagini ta’kidladi. Assotsiatsiya prezidenti Doniyor Jo‘rayev shafe’ligida tashkilot xalqaro federatsiyalar bilan hamkorlik qilish va muhim musobaqalarni tashkil etish orqali O‘zbekistonning kibersport sohasidagi ta’sirini kengaytirishni maqsad qilgan. 

Tencent Games kompaniyasining MDHdagi vakili Hishom Nuxu O‘zbekiston bozori imkoniyatlarini yuqori baholab, uni mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan mobil o‘yin bozorlaridan biri sifatida qayd etdi. O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari, bir tomondan, mamlakat aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil etayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, aholining internet tarmog‘i bilan qamrovi yuqoriligi (77 foiz) tufayli. 

«O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor va MDHda mobil o‘yinlar bo‘yicha uchta yetakchidan biri», deb ta’kidladi Nuxu. 

2023 yilgi statistik ma’lumotlar ajoyib o‘sishni yaqqol ko‘rsatmoqda: O‘zbekistonda o‘yin tranzaksiyalari soni 716 foizga, ularning hajmi esa 126 foizga oshgani mamlakatda o‘yin sanoati jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. 

Shuningdek, 2023 yilda O‘zbekiston kibersport jamoasi Osiyo CS:GO musobaqasida chempionlik unvonini qo‘lga kiritib, dunyoni hayratda qoldirdi. 

e-Spors Earning portalida qayd etilishicha, O‘zbekiston kibersport daromadlari bo‘yicha jahon reytingida 200 ta mamlakat ichida 74-o‘rinni egallagan. Shunday qilib, eng muvaffaqiyatli 60 nafar o‘zbekistonlik sportchining o‘tgan yildagi umumiy daromadi 180 ming dollardan oshgan. 

Shunday qilib, ushbu sport segmentini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi oldida katta vazifalar turibdi, jumladan, yosh iste’dodlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va O‘zbekistonning jahon kibersport markazlaridan biri sifatida nufuzini mustahkamlash ustuvor vazifalardir.

Ko‘proq yangiliklar: