«Real» qiynaldi, «Siti» havbeki qo‘rqinchli jarohat oldi. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 03:15 / 07.03.2024 37907

Madrid «Leypsig»ni qiyinchilik bilan ortda qoldirdi

 

«Real»  «Leypsig» 1:1
Gollar: Vinisius (65) — Orban (68). 
«Real» – Lunin, Karvahal, Nacho, Ryudiger, Mendi, Kroos (Modrich, 78), Chuameni, Kamavinga (Rodrigo, 46), Valverde, Bellinghem (Hoselu, 85), Vinisius.
«Leypsig» – Gulachi, Henriks, Orban, Lukeba, Raum, Shlager (Elmaz, 85), Olmo, Aydara (Kampl, 90), Simons, Openda (Poulsen, 77), Sheshko (Baumgartner, 85). 
Ogohlantirishlar: Shlager (20), Raum (50), Vinisius (54), Orban (71), Chuameni (73), Kroos (75).
Birinchi o‘yin — 1:0.

«Real» ham Chempionlar ligasining keyingi bosqichiga o‘tdi. Ammo turnir favoritlaridan biriga «RB Leypsig» qarshiligini yengish oson bo‘lmadi.

«Real» «Santiyago Bernabeu»dagi javob o‘yinida safardagi minimal g‘alaba (1:0) ustunligini saqlab qolish uchun maydonga chiqdi. Karlo Anchelotti o‘yinga himoyaviy tarkib tanladi. Madridliklar sxemasini tashqaridan 4-3-3 sifatida ko‘rish mumkin, ammo, mohiyatan, oldingi chiziqdagi ishlar uchun faqat Bellinghem va Vinisius Junior mas’ul edi. Angliyalik yarimhimoyachi «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasida harakat qildi, braziliyalik futbolchi markazga ko‘chib o‘ynagan bo‘lsa-da, asosan chapda harakat qildi, o‘ng qanotni esa yarimhimoyachi Valverde yopdi.

«Real» to‘pga egalik qilishga harakat qildi, lekin kombinatsiyalar amalga oshirish va hujum qilish uchun emas, balki himoyalanish maqsadida. Bunday ustunlik orqali vaqt o‘tkazildi, raqib to‘p uchun yugurishga va olib qo‘yishga kuch sarflashga majbur qilindi. O‘yinning ko‘p holatlarida ikki tayanch yarimhimoyachisi himoyachilar chizig‘igacha tushishdi, bu oldingi chiziqda kutilmaganda to‘p yo‘qotilgan holatlarda yuzaga keladigan tezkor qarshi hujumlarni nazorat qilishga imkon berardi. O‘yin asosan maydon markazi atrofida kechdi.

«RB Leypsig» birinchi bo‘limning ikkinchi qismida faollashdi, nemislar «Real» safida yarimhimoyachilar tig‘iz joylashganiga qaramay, maydon markazi va qanotlar orqali xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi, bu hujumlar ikki bor darvoza tomon zarba berilishi bilan yakunlandi. Ikki safar ham hujumni Openda yakunlab berdi – avvaliga jarima maydoni tashqarisidan, keyin esa unga kiriboq zarba yo‘llandi. Bu holatlarda Luninning seyvlariga hojat bo‘lmadi. Tanaffus arafasida «RB Leypsig» yana bosimni kuchaytirdi va Openda o‘zining uchinchi imkoniyatini yo‘qqa chiqardi.

Bu 45 daqiqalikdagi o‘yin zarbalar statistikasida aks etdi – «RB Leypsig»da darvoza sohasiga aniq borgan birgina zarba, «Real»da esa umuman yo‘q. Maydon egalari Gulachi qo‘riqlayotgan darvoza atrofida hech narsa uyushtira olmadi, Bellinghem esa nemislar jarima maydoni ichida atigi ikki bor to‘pga tegindi. Bu muxlislar uchun tomoshabop o‘yin emas, shunchaki natija uchun jang edi.

Anchelottining o‘ziga ham tarkib va taktikadagi bu tajriba yoqmayotgani ko‘rinib turardi. «Real»ga oldingi chiziq vakillari yetishmayotgandi, shu tufayli tanaffusdayoq Rodrigo jamoaga qo‘shildi. Primera peshqadami nisbatan odatiy 4-4-2 sxemasiga o‘tdi, bunda ikki braziliyalik hujum chizig‘idan joy egalladi, Bellinghem esa himoyalanish vaqtida odatga ko‘ra chap qanotga ko‘chdi. Bu avvaliga Vinisius Orban bilan mojaro boshlab, maydon markazida uni bo‘g‘gach, o‘z kartochkasini olishiga olib keldi.

«RB Leypsig» esa imkon qadar bosim qilishda davom etdi. Nemislar Luninni darvozadan chiqishdagi xato uchun jazolashi mumkin edi – Openda yana vaziyatdan foydalana olmadi.

Ammo o‘yin davom etgani sayin «RB Leypsig»ning holdan toygan futbolchilari bo‘shliqlar qoldira boshlashdi. O‘yinning bir soati ortda qolganida «Real» darvoza sohasiga aniq borgan ilk zarbasini yo‘llashga erishdi: Rodrigo chiziqlar oralig‘ida harakatlanib, hujumni o‘zi yakunlab berdi. Bu vaziyatda Gulachi qutqardi. 65-daqiqada esa qutqara olmadi. Mezbonlarning qarshi hujumi Kroos to‘pni egallab olishi bilan boshlandi, keyin Bellinghem kesib o‘tuvchi nozik pasi bilan hujumni rivojlantirdi va Vinisiusni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Braziliyalik hujumchi golni urgach, birinchi navbatda assistentga minnatdorchilik bildirdi.

Ammo «RB Leypsig» «Real» darvozasi atrofida kuchli bosim uyushtirib, darhol javob qaytardi. Standart vaziyatdan keyin to‘p chap qanotda paydo bo‘ldi, Raum kross amalga oshirdi, Nacho esa jarima maydoni ichida havodagi duelni Orbanga boy berdi. O‘yinning shu daqiqalarida madridliklar qiyin lahzalarni boshdan kechirishdi.

«RB Leypsig» ikkinchi golni urish va o‘yinni qo‘shimcha daqiqalarga o‘tkazish uchun imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ko‘p hollarda standart vaziyatlar xavfli chiqdi. Orban dublni rasmiylashtirishga yaqin keldi, Olmoning zarbasi to‘singa tegdi. Anchelotti esa o‘yinchi almashtirishlar orqali o‘yinni tinchlantirish maqsadida hatto Bellinghemni maydondan oldi. «Real» yakunda zarbalar statistikasi bo‘yicha ancha ortda qoldi – 11:19 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar – 3:4, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar – 8:12). Shunga qaramay, Madrid natijani saqlab qoldi va sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

«Kopenhagen» birinchi bo‘limda intriga uyg‘otdi, ammo Holand uni yo‘q qildi

«Manchester Siti»  «Kopenhagen» 3:1
Gollar: Akanji (5), Alvares (9), Holand (45+3) — Elyunussi (29). 
«Manchester Siti» – Ederson, Lyuis, Diash (Stounz, 68), Akanji, Gvardiol, Kovachich, Rodri (Gomes, 46), Nunesh (Hemilton, 74), Bobb, Holand (Rayt, 88), Alvares.
«Kopenhagen» – Grabara, Ankersen, Vavro, Makkenna, Diks, Yyelert (Meling, 78), Elyunussi, Ashuri (Bardakchi, 58), Klem (Hoylund, 69), Froholdt (Matsson, 58), Ouskarsson (Kornelius, 69).
Ogohlantirishlar: Kornelius (84), Matsson (90). 
Birinchi o‘yin — 3:1.

«Manchester Siti» Chempionlar ligasi 1/8 finali birinchi o‘yinida «Kopenhagen»ni safarda ishonchli hisobda mag‘lub etgandi – 3:1. Mohiyatan, intriga Daniyadayoq o‘lib bo‘lgandi. Ammo anderdog jamoa «Etihad»dagi kechani qizitib berdi.

«Siti» kutilganidek aralash tarkib tanladi. Erling Holand, Rodri, Ruben Diash va Ederson startda chiqdi, ammo Mateus Nunes, Oskar Bobb va Riko Lyuis kabi futbolchilar ham ilk daqiqalardan harakat qildi. «Kopenhagen» tezkor gol urish va «shaharliklar»ni dovdiratib qo‘yish uchun asosiy tarkibda tushdi. Ammo barchasi daniyaliklarning rejasi bo‘yicha ketmadi. «Siti» beshinchi daqiqadayoq hisobni ochdi: Hulian Alvaresning burchakdan uzatgan to‘pini Manuel Akanji oyog‘i bilan raqib darvozasiga joylashtirdi.

To‘rt daqiqa o‘tib Alvares ham gol urdi. Argentinalik yana burchakdan to‘p uzatdi, Rodrining zarbasidan keyin to‘p to‘sindan qaytdi, keyin esa jarima maydonidan qaytib chiqdi. To‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Hulian uni darvoza to‘riga aniq yo‘naltirdi. «Kopenhagen» darvozaboni Kamil Grabara u qadar xavfli kelmagan to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi. To‘p yakunda rikoshet orqali to‘rga borib tushdi. To‘qqizinchi daqiqadayoq hisob 2:0 ko‘rinishini oldi.

«Siti» xotirjamlik bilan o‘yinni nazorat qila boshladi. Xosep Gvardiola jamoasi e’tiborni hujumga qaratmadi, futbolchilarning xayoli allaqachon 10 mart kuni APL doirasida «Liverpul»ga qarshi kechadigan muhim o‘yin bilan band edi. Ammo «Kopenhagen» «Etihad»dagi muxlislarning uyqusini o‘chirib yubordi. Daniyaliklar ajoyib hujum uyushtirib, mezbon futbolchilarni dog‘da qoldirdi. Muhammad Elyunussi va Orri Ouskarsson aniq hisob-kitoblarga asoslangan kombinatsiya uyushtirdi, hujum yakunida javob goli urildi. Va hatto o‘yinda intriga paydo bo‘ldi. «Kopenhagen» yana gol ursa «Siti» uchun tahdidli vaziyat yuzaga kelgan bo‘lardi.

Ammo bunday bo‘lmadi. Birinchidan, «Kopenhagen» futbolchilarida o‘ziga ishonch yetishmadi. «Siti» futbolchilari esa dovdirab qolmadi va o‘yinni nazorat qilishda davom etishdi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida Rodri to‘pni jarima maydoniga uzatib berdi, unga ega chiqqan Erling Holand raqib himoyachilarini osonlik bilan yo‘ldan olib, Chempionlar ligasidagi navbatdagi golini urdi. Norvegiyalik uchun bu 41-golga aylandi! Holand bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Siti» afsonasi – Serxio Agueroni quvib yetib, klubdagi eng yaxshi natijani takrorladi.

Ikkinchi bo‘limda esa «Siti» to‘pni olib yurib, energiya tejash rejimida ishladi. «Kopenhagen» vaqti-vaqti bilan mezbonlar darvozasiga tahdid solib turdi, ammo Gvardiola jamoasini boshqa hayron qoldira olmadi. Saviyadagi farq – ulkan darajada ekani ko‘rinib turdi. Ammo aytish kerakki, daniyaliklar Chempionlar ligasidagi ishtirokini munosib yakunlashdi.

Shuningdek ikkinchi bo‘lim Mateus Nunesning qo‘rqinchli jarohati bilan yodda qoldi. Portugaliyalik yarimhimoyachi epizodlardan birida barmog‘ini sindirib oldi.

«Siti» qatorasiga yettinchi bor Chempionlar ligasi chorakfinaliga chiqdi. Jamoa bu mavsumdagi sakkiz o‘yinda sakkiz g‘alabaga erishgan va qatorasiga ikkinchi chempionlik uchun navbatdagi qadamni tashladi. «Siti»ning hozirgi holatini hisobga olgan holda, Gvardiola jamoasi uchun hech bir raqib qo‘rqinchli emas.

Ko‘proq yangiliklar: