Fantastik gol «MYu»ga yordam bermadi, «Barsa»da yana muammolar. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 14:06 / 04.03.2024 22660

Angliya: inqirozdan chiqib keta olmayotgan «MYu»

«Manchester Siti» – «Manchester Yunayted» 3:1
Gollar:
0:1 – 8 Reshford, 1:1 – 56 Foden, 2:1 – 80 Foden, 3:1 – 90+1 Holand.
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ake, Ruben Diash, Stounz, de Bryuyne, Bernardu Silva, Rodri, Foden, Doku (Alvares, 59), Holand.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Evans (Kambvala, 69), Varan, Lindelyof, Brunu Fernandesh, Kazemiro, Maktominey, Maynu (Amrabat, 82), Garnacho (Forson, 82), Reshford (Antoni, 75).
Ogohlantirishlar: Varan (68).

So‘nggi yillarda Manchester derbilari o‘z muhimligini yo‘qotmoqda. Bu 2012 yil apreli oxirida bo‘lgani kabi sovrin uchun o‘zaro kurash emasdi (o‘shanda «Siti» Kompanining goli evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi). Bu 2017/18 yillar mavsumining ikkinchi davrasidagi derbi bo‘lmadi, o‘shanda «shaharliklar» derbida rasman chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin edi va bu APL tarixidagi eng erta chempionlik bo‘lardi (o‘xshamagandi, «Yunayted» 0:2 hisobini 3:2 ko‘rinishiga keltirgandi).

Hozirda «Siti» yana chempionlik poygasida va agar g‘olib chiqsa, tarixiy natijani qayd etadi — Angliya oliy divizionida hali hech kim (nafaqat APLda, balki oldinroq ham) qatorasiga to‘rt mavsumda birinchi bo‘la olmagan. Ammo «Yunayted»ga qarshi o‘yindagi g‘alaba uchun ham boshqa o‘yinlarda bo‘lgani kabi uch ochko berilardi. Emotsiyalar va psixologiya nuqtayi nazaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilar — keyingi uik-endda «Liverpul» va mart oyining oxirgi kunida «Arsenal»ga qarshi kechadigan o‘yinlar muhimroq.

«MYu»ga kelsak, ayni vaqtda maydon tashqarisida — ofis va muzokara xonalarida bo‘layotgan voqealar klub va uning kelajagi uchun muhimroq. Jamoa futboli va natijalari bo‘yicha ko‘p narsa ma’lum. Nazariy jihatdan, jamoa hali kuchli to‘rtlik uchun «Aston Villa» bilan yoki beshinchi o‘rin uchun (bu o‘rin ham YeChLga yo‘llanma berishi mumkin) «Tottenhem»ga qarshi raqobat qilish mumkin, ammo bu global darajada ko‘p narsani o‘zgartirmaydi. Qolaversa, asosiy yevrokubokka yo‘llanma olish uchun imkoniyatlar ham ko‘p emas.

Shu nuqtayi nazardan, «MYu» uchun hozirda APLdan ko‘ra Angliya Kubogi nisbatan ahamiyatliroq, garchi 1/4 finalda «Liverpul» raqib bo‘lgan bo‘lsa ham. Kubokdagi bir o‘yin uchun «Yunayted» yaxshi tayyorlanishi mumkin, uzoq masofada esa vaziyat og‘ir. Butun mavsum davomida bir kartina saqlanib qolmoqda — «MYu» ikki-uch-to‘rt muvaffaqiyatli uchrashuv o‘tkazib, ko‘pincha o‘yinlarning oxirgi daqiqalarida dramatik g‘alabalarga erishadi va bu his-tuyg‘ular jamoaga kuch bag‘ishlaydi va jamoa nihoyat o‘z o‘yinini topib olgandek ko‘rinadi. Keyin esa o‘tgan turda bo‘lgani kabi «Fulhem»ga o‘xshagan raqib chiqadi va barchasi yana yomonlasha boshlaydi.

Jamoa asosan yomon boshqaruv tufayli shu holatga kelib qolgan. Albatta, Erik ten Hagni fizruk deb atash mumkin, ammo ungacha ishlagan Ole Gunar Sulsher, Joze Mourinio, Lui van Gaal kabi mutaxassislarda ham bundan yaxshiroq natija bo‘lmagandi. Shunday ekan, gap murabbiyda emas. «MYu»da so‘nggi o‘n yil davomida normal sport direktori bo‘lmagani, Krishtianu Ronaldu to‘g‘ridan to‘g‘ri aytganidek Kerringtondagi baza yaroqsiz holatga kelib qolgani ham ko‘p narsani anglatadi. Yaqinda esa The Times nashrida ham qiziqarli voqea haqida hikoya qilindi. «Qizil iblislar» 2018 yilda «Molde»dan Erling Holandni sotib olishga yaqin bo‘lgan. Bu transferga barcha rozi edi, ammo so‘nggi telefon qo‘ng‘irog‘i qolganda, Jon Merto — «MYu» boshqaruvchilaridan biri — vaqtni adashtirib yuborgan va norvegiyalikning agentiga bir soat kechikib qo‘ng‘iroq qilgan. Bu vaqtda esa Holand «Zalsburg» bilan shartnomaga imzo chekib bo‘lgandi.

Shunday ekan, endilikda «MYu» aksiyalarining 25 foiziga egalik qilayotgan ser Jim Retkliff kelishi bilan aynan boshqaruv vertikalida siljish boshlandi. «Yunayted» «Siti»dan ijro direktori Omar Berraduni, shuningdek, «Nyukasl»dan sport direktori Den Eshuortni o‘ziga og‘dirdi.

Reshford va Fodendan hayratlanarli gollar

Albatta, «Yunayted» anderdog maqomida edi — jarohatlar epidemiyasi tufayli ham: Rasmus Hoylund, Harri Maguayr, Lyuk Shou, Tayler Malasia, Meyson Maunt, Lisandro Martines, Aaron Uan-Bisakka kabi asosiy tarkib futbolchilari o‘ynay olmasdi. 

Butun birinchi bo‘lim davomida «Siti» hujum qildi – xuddi so‘nggi daqiqalarda o‘ynayotgan va gol talab etiladigandek. Masalan, ilk besh daqiqalikdagi aniq uzatmalar statistikasi – 43:1 ko‘rinishini oldi. «MYu» shunchaki maydonning o‘z darvozasi joylashgan qismidan chiqa olmadi. Ammo sakkizinchi daqiqada mo‘jizaviy gol urildi.

«Manchester Yunayted»ning eng ko‘p tanqid qilinadigan futbolchilaridan biri Markus Rashford (Antoni bilan birga) darvozadan 30 metr masofada to‘pni qabul qilib oldi va bir teginishda uni yaqin to‘qqizlikka joyladi.

«Siti» gol o‘tkazilganidan keyin ham hujum qilishda va zarbalar berishda davom etdi, o‘yinning 70 foiz qismida to‘pga egalik qildi. Birinchi bo‘limning o‘zida 18 bor zarba yo‘llandi (shundan oltitasi Foden tomonidan), Onana seyvlar qilishiga to‘g‘ri keldi, uning darvozasi qarshisidagi eng xavfli vaziyat esa 45-daqiqaga to‘g‘ri keldi –  Erling Holand Foden tashlab bergan to‘pni bo‘sh darvoza qarshisida bir necha metr masofadan turib to‘rga kirita olmadi, holbuki bu vaqtda unga hech kim xalaqit qilmayotgandi, to‘p to‘sin ustidan oshib ketdi.

Tanaffusda murabbiylar almashtirishlar qilishmadi. Erik ten Hagni hisob qoniqtirardi, Gvardiolani esa – o‘yin sifati, chunki «Siti» chindan ham yetarlicha vaziyatlar yaratayotgandi va gap faqat ularni golga aylantirishda qolayotgandi. Onana darvozasi ikkinchi bo‘limda ham tahdid ostida bo‘lib turdi va darvozabon zarbalarni hamda qanotlardan uzatmalarni to‘sishiga to‘g‘ri keldi.

Fodenning zarbasini esa to‘xtatish amalda imkonsiz edi. «Siti» tarbiyalanuvchisi o‘ng qanotdan markazga ko‘chib, to‘pni birinchi bo‘limda Reshfordning zarbasi borgan nuqtaga aniq yo‘naltirdi. Javob goli ten Hagni quyushqondan chiqardi, u mezbonlarning hujumi Reshfordga qoidabuzarlikdan keyin boshlangani uchun zaxira hakamiga e’tiroz bildirdi va ogohlantirildi.

Hisob 1:1 ko‘rinishiga kelgach, shusiz ham o‘z jarima maydoniga qamalib olgan «MYu» faqat raqib o‘z vaziyatlaridan foydalana olmasligidan umid qilishi mumkin edi. Birinchi davrada shunga o‘xshash holat «Liverpul»ga qarshi «Enfild»da kechgan o‘yinda kuzatilgandi, ammo o‘shanda 0:0 hisobini saqlab qolishning imkoni bo‘lgandi. Bu o‘yinda esa «Siti» baribir o‘z maqsadiga erishdi. G‘alaba golini ham Foden urdi. Angliya milliy jamoasi havbeki (Garet Sautgeyt ham o‘yinni tribunada o‘tirib tomosha qildi) o‘tkir burchakdan aniq zarba yo‘llagan holda dublni rasmiylashtirdi.

Qo‘shimcha daqiqalarda «Siti» uchinchisini ham urdi. Bu gol shu kuni o‘yini chiqmagan Holand nomiga yozildi. APL joriy mavsumidagi 18-gol orqali u to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadamlikni davom ettirmoqda. Keyingi turda «Siti» «Liverpul» mehmoni bo‘ladi. Bu turni o‘ta asabiy o‘tkazgan bu ikki jamoani bir ochko ajratib turibdi.

Ispaniya: Oblak «Atletiko»ni qutqardi

«Atletiko» – «Betis» 2:1
Gollar:
1:0 – 8, avtogol Ruy Silva, 2:0 – 44 Morata, 2:1 – 62 Vilyam Karvalyu.
«Atletiko» – Oblak, Gabriel Paulista, Ermoso, Vitsel, Liorente, Koke (Saul, 62), De Paul (Molina, 62), Barrios, Morata (Savich, 86), Depay (Reynildu, 81), Lino (Rikelme, 81).
«Betis» – Ruy Silva, Bellerin (Miranda, 72), Pesselya, Riad, Sabali, Roka (Rodriges, 46), Fornals, Kardozo (Ezzalzuli, 90), Rodri (Vilyam Karvalyu, 46), Chimi Avila (Peres, 72), Villian Joze.

«Atletiko» Ispaniya kubogidagi sharmandalikdan keyin (yarimfinalda «Atletik»dan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat) baribir o‘ziga keldi va muhim g‘alabaga erishib, top-4 dagi pozitsiyasini mustahkamladi. Ammo bu g‘alabaga katta mashaqqat bilan erishildi. Avvaliga deyarli namunali birinchi bo‘lim, bo‘lim davomida raqib deyarli hech narsa ko‘rsata olmadi. Tabloda 3:0 hisobi porlab turishi ham mumkin edi, ammo keyinroq o‘yindan gol urgan Morata penaltidan foydalana olmadi.

O‘yinda g‘alabali hisob saqlab qolinishida muammo bo‘lmaydigandek ko‘ringandi, ammo tanaffusdan keyin barchasi o‘zgarib ketdi. Diyego Simeone jamoasi to‘pni Vilyam Karvalyuga sovg‘a qilib, o‘ziga o‘zi muammo o‘ylab topdi, raqib futbolchisi to‘pni egallashi bilan darhol yuqori burchakni aniq nishonga oldi. Yakunda qizil-oqlar Oblakning ketma-ket seyvlari tufayli uch ochkoga ega bo‘ldi. Agar slovakiyalik darvozabon qahramonlik ko‘rsatmaganida, jamoa bir ochkodan ham quruq qolgan bo‘lardi.

«Mallorka» – «Jirona» 1:0
Gol:
1:0 – 33 Kopete.
«Mallorka» – Raykovich, Gonsales, Railo, Valent (Vidal, 55), Kopete, Toni Lato, Dani Rodriges (Darder, 68), Maskarel (Samu Koshta, 78), Sanches (Morlanes, 55), Larin (Prats, 68), Muriki.
«Jirona» – Gassaniga, Yan Kouto, Xuanpe, Erik Garsiya, Migel Guterres, Aleish Garsiya, Martin (Portu, 55), Solis (Stuani, 78), Tsigankov, Savio, Dovbik.

«Atletiko» uchun barchasi yaxshi yakunlandi. Madridliklar nafaqat «Atletik» bilan masofani saqlab qoldi, balki «Jirona» bilan oradagi farqni to‘rt ochkogacha qisqartirdi. Kataloniyaning ikkinchi jamoasi so‘nggi vaqtlarda «Real»ga yaqinlashish uchun ikki bor imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo qaymoqranglilar durang o‘ynab qo‘ygan ikki turda ham kataloniyaliklar yutqazishdi. Ikki holatda ham — begona maydonda, mavsum kashfiyoti 11 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyadan keyin qatorasiga uch o‘yinda ochko yo‘qotdi. Yakshanba kuni «Mallorka» hafta o‘rtasida San-Sebastyanda 120 daqiqa o‘ynab holdan toygani ham yordam bermadi.

«Atletik» – «Barselona» 0:0
«Atletik» – Unai Simon, Prados (De Markos, 80), Yyeray Alvares, Paredes, Garsiya de Albenis, Dani Garsiya, Vesga (Ruis de Galarreta, 63), Gomes (Sanset, 64), Berenger, Uilyams (Ares, 76), Guruseta (Vilyalibre, 76).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi (Martines, 76), Joau Kanselu, Kristensen (Romeu, 76), Gundo‘g‘an, de Yong (Lopes, 26), Pedri (Yamal, 45), Rafinya (Joau Feliks, 76), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Arauxo (32), Xavi (32), Dani Garsiya (52), Kristensen (62), Garsiya de Albenis (65), Berenger (86), Kunde (88).

«Atletik» — hatto qator yetakchilarisiz qolgan bo‘lsa ham — Ispaniya Kubogi finaliga chiqqanidan buyon yuqori kayfiyatni saqlab qolmoqda. E’tiborli tomoni, basklar aynan ushbu ikkinchi darajali turnirda «Barselona»ga qarshi muvaffaqiyatli o‘yinlar o‘tkazadi. Jamoalarning kubok doirasidagi so‘nggi ikki duelida bilbaoliklar 3:2 va 4:2 hisoblaridagi yorqin g‘alabalarga erishgan. Ammo la ligada barchasi boshqacharoq va «San-Mames» sehri qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qoladi. Oldingi sakkiz o‘yinda birorta g‘alabaga erishilmagan (=1-7) va so‘nggi to‘rt o‘yinda birorta gol urilmagan.

Faqat bu safar Xavining vazifasi daqiqa o‘tgan sayin qiyinlashib bordi. Avvaliga maydon markazida Frenki de Yong gazonga noqulay qo‘nib, oyog‘ini qayirib oldi. U hatto maydonni mustaqil tark eta olmadi.

Keyin esa Pedri yo‘q joydan jarohat oldi, uning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgancha ko‘z yosh to‘kishidan bu jarohat jiddiy ekanini anglash mumkin.

Bu holatlar birinchi bo‘limdagi o‘yinni soyada qoldirdi. Joau Kanseluning maydon markazidan turib gol urishga urinishi bundan istisno. Unai Simonning ortga tisarilib, to‘pga ulgurishi, to‘p baribir uning qo‘lqopidan darvoza tomon yo‘nalganida, unga yordamga kelib, to‘pni darvoza chizig‘ida to‘xtatib qolgan Yyerayning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli muxlislar chiroyli goldan bebahra qolishdi.

Tanaffusdan keyin «Atletik» kuchli bosim uyushtira boshladi. Ikki jamoa himoyasida ham bo‘sh zonalar paydo bo‘ldi va o‘yin qiziqarliroq tus oldi. Ko‘k-anorranglilar de Yong va Pedrisiz qiynaldi. Xavfli vaziyatlardan birida kataloniyaliklarni so‘nggi soniyada Kubarsi qutqarib qoldi, u jarima maydoni ichida fol ishlatmasdan to‘pni raqib oyog‘i ostidan olib qo‘ydi. 17 yoshli markaziy himoyachi shu kuni juda ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. «Barsa» ham «Atletik» jarima maydonida Yamal yiqilganida penalti so‘radi, ammo videotakror bu epizodda hujumchining o‘zi raqib oyog‘ini bosganini ko‘rsatdi.

Qolgan vaqt davomida ikki jamoa ham ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Xavi jamoasida startdagi hujum chizig‘i vakillaridan o‘yin oxiriga kelib faqat Gundo‘g‘an va Levandovski maydonda qoldi, golli vaziyatlar esa umuman yo‘qoldi. So‘nggi o‘yinlarda yana o‘zini ko‘rsata boshlagan polyakda bu safar deyarli imkoniyat bo‘lmadi. U «Atletik» jarima maydoni ichida to‘rt bor to‘pga tegindi va yo‘llagan birgina zarbasi himoyachilar tomonidan to‘sildi. Umuman olganda, shu kuni o‘yin zarbalarga boy bo‘lmadi - jami zarbalar bo‘yicha 8:8, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 2:2. Durang esa – faqat «Barsa» va «Atletik»ning raqiblarini qoniqtiradigan hisob bo‘ldi.

Italiya: chempion mavsumni qutqaradimi?

«Napoli» – «Yuventus» 2:1
Gollar:
1:0 – 42 Kvaratsxeliya, 1:1 – 81 Kiyeza, 2:1 – 88 Raspadori.
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani (Estigor, 65), Olivera, Lobotka, Zambo-Angissa, Traore (Zelinski, 65), Politano (Raspadori, 65), Kvaratsxeliya (Lindstrem, 90), Osimhen.
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Vea, 66), Aleks Sandro, Rugani, Bremer, Lokatelli, Miretti (Nonj, 76; Danilo, 90), Alkaras (Milik, 90), Kiyeza, Vlahovich, Ayling (Yildiz, 76).

«Napoli» hafta o‘rtasida yorqin o‘yin ko‘rsatib, yaqinda bosh murabbiyini iste’foga chiqargan «Sassuolo»ni tor-mor etgandi (6:1). Kimdir buni kuchsizlangan raqibga qarshi o‘yindagi bir martalik chaqnash deb hisoblagan bo‘lsa, neapolitanliklar «Yuve»ga qarshi ham o‘ta kuchli o‘yin namoyish etishdi. Jamoa avvaliga gol o‘tkazib yuborishi ham mumkin edi, ammo Vlahovichning zarbasidan keyin mezbonlarni ustun qutqarib qoldi. Bo‘lim oxirlariga kelib Kvaratsxeliya raqib jarima maydoni ichidan qaytarilgan to‘pni to‘xtatmasdan zarba berganida esa, Shchensnida hech qanday imkon qolmagandi.

Shu orqali oldingi o‘yinda dubl va golli uzatma qayd etgan Xvicha golli seriyasini davom ettirdi. «Yuventus» ham yomon o‘ynamadi, Vlahovich va Kambiyazoda golli vaziyatlar bo‘ldi, Kiyezaning zarbasi golga aylanganida o‘yin mantig‘iga mos hisob yuzaga keldi. Ammo turinliklar qo‘shimcha daqiqalarda darvozabon maydonchasidan turib gol ura olishmadi, bundan bir necha daqiqa oldinroq esa jarima maydoni ichida Osimhenga qo‘pollik qilingandi. Shchensni nigeriyalik hujumchining o‘zi ijro etgan penaltini qaytargan bo‘lsa-da, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Raspadori yetib keldi. Amaldagi chempionlar yevrokuboklar zonasiga yaqinlashmoqda.

Germaniya: Habi Alonsoning yubileyi

«Kyoln» – «Bayyer» 0:2
Gollar:
0:1 – 37 Frimpong, 0:2 – 73 Grimaldo.
«Kyoln» – Shvebe, Karstensen, Shabo, Hyubers, Finkgrefe, Mayna (Huseynbashich, 83), Lyubichich, Martel (Shmits, 83), Tilmann, Alidu (Tigges, 82), Adamyan (Dil, 65; Pakyarada, 69).
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 46), Ta, Stanishich, Inkapie (Tapsoba, 79), Grimaldo, Chaka (Palasios, 82), Hofmann (Adli, 65), Andrix, Virts, Shik (Iglesias, 65).
Chetlatish: Tilmann (14).

Juma kuni «Bavariya» so‘nggi daqiqalarda «Frayburg» ustidan g‘alabani boy bergach (2:2), bundesligada qandaydir intriga haqida gapirishga hojat qolmadi. Barchasi endi shu sur’atda davom etishi kerak bo‘lgan «Bayyer»ning qo‘lida. Qolaversa — leverkuzenliklarda xato qilish huquqi ham bor. Habi Alonso jamoasi esa xato qilish haqida o‘ylamayapti va raqiblarni xato qilishga majbur qilmoqda.

«Kyoln» 14-daqiqadayoq Tilmanning chetlatilishi tufayli ozchilik bo‘lib qolib, peshqadamga yordam berib yubordi. Natijada bosimni kuchaytirgan «Bayyer» o‘z maqsadiga erishdi, Frimpong Grimaldoning narigi qanotdan bergan uzatmasini golga aylantirdi. Bu o‘yinda ham ushbu ikki lateral natija keltirdi. Shu bilan birga, mehmonlarning omadi ham keldi, ikkinchi bo‘lim boshida Adamyanning Gradetski bo‘sh qoldirgan tomonga yo‘llagan zarbasi ustunga tegdi. Lekin Grimaldo Adlining qanotdan uzatmasidan keyin rikoshet orqali amalda o‘yin taqdirini hal qildi.

«Bayyer» klub rekordlarini yangilamoqda, jamoa mavsum boshidan buyon 24 turni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib (+20=4), qatorasiga 17 ta safar uchrashuvida gol urdi, Alonso esa bundesligadagi 50-o‘yinida o‘ziga xos sovg‘a oldi. Lekin uning bu oraliqdagi g‘alabali uchrashuvlari soni Xosep Gvardiola (42) va Hansi Fliknikidan (40) kamroq. Lekin asosiysi — Leverkuzen jamoasi turnir jadvalida «Bavariya»dan 10 ochkoga o‘zib ketgan.

Kun statistikasi

  • «Bolonya» A seriyada 3-marta qatorasiga olti uchrashuvda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan oldingi seriya o‘tgan asrning 60-yillariga to‘g‘ri keladi.
  • «Portu» «Benfika»ni 5-bor besh va undan ko‘p to‘p farqi bilan mag‘lub etdi. «Ajdarlar» bu ko‘rsatkich bo‘yicha Portugaliya ligasida rekordchiga aylandi.
  • «Loryan» hujumchisi Bamba ushbu klubdagi dastlab 6 o‘yinida 6 gol urdi. XXI asrda Fransiya chempionatida bunday natijaga faqat Ibrahimovich erishgan, u «PSJ»dagi ilk 5 o‘yinida 6 gol urgandi.
  • Angliya chempionatining bu mavsumida «Manchester Siti» 12-bor hisobda ortda borgan holda o‘ynadi. Xosep Gvardiola boshqaruvi davrida bundan yomonroq ko‘rsatkich 2019/20 yillar mavsumida kuzatilgan, o‘shanda «shaharliklar» chempionlik titulisiz qolishgandi.
  • «Hamburg» ikkinchi bundesligada mavsum boshidan buyon 24 o‘yinda gol urib, liganing yangi rekordini o‘rnatdi.
  • «Sporting» Portugaliya chempionatining 24 turida 66 gol urdi. Bu uch yil oldingi chempionlik mavsumidagidan bittaga ko‘proq.
  • «MYu» APLda tanaffusga qadar hisobga oldinda borgan 143 o‘yinida yutqazmagandi. Bunday holatdagi oxirgi mag‘lubiyat 2014 yil sentabrida ro‘y bergandi («Lester»ga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limdagi 2:1 hisobi yakunda 3:5 ga aylangandi).
Ko‘proq yangiliklar: