Nurobodda 40 yil kutilib ta’mirlangan asfalt bir yilga bardosh berdi 

O‘zbekiston 15:53 / 27.04.2024 14655

“O‘tgan yili Nurobodning olis Hazarmali, Uyshin, Olg‘a, Mehr, O‘rtabuz qishloqlarini bog‘lab turuvchi 30 kilometrdan oshiqroq yo‘l ta’mirlandi. Bu yo‘llardan qatnovchi aholining uzoq yillar tortgan azobini faqat shu yerliklar biladi. Bu yo‘llardan yurgan hech bir kattakon qaytib kirmasligi aniq edi.

2023 yilda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tashabbusi bilan ushbu yo‘lga asfalt to‘shaldi. Afsuski, 2024 yil mart oyida sel kelishi oqibatida Uyshin, Olg‘a va O‘rtabuz qishloqlaridagi suv o‘tkazgich quvur va ko‘priklarni suv oqizib, asfalt yo‘lni ikkiga ajratib qo‘ydi. Qisqa vaqt ichida ko‘prik masalasida murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Tuman va viloyat hokimligiga ham chiqdik. Biroq hammadan bir xil –  respublikadan tasdiqlanib kelsa, favqulodda vaziyatlardan pul ajratilsa, keyin ta’mirlab beramiz, mazmunida umidsiz javob olyapmiz”, – demoqda murojaatchilar.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yo‘l asosan lalmi va past qirliklardan iborat.

“Yo‘l qurilishida ikki yondagi tuproq o‘rtaga ko‘tarilib, asfalt yotqizilgandi. Yomg‘ir yog‘sa har tarafdan suv kelib, soyliklarga quyiladi. Bizningcha, soy yo‘li inobatga olinmagan, qolaversa, quvir va ko‘priklar sifatsiz yotqizilgan”, – deb qo‘shimcha qilishdi murojaat egalari.

Nurobod tuman hokimligi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, “Nurobod-O‘rtabo‘z-Mehr-Olg‘a” va “Toshquduq - Olg‘a - Hazarmali” avtomobil yo‘llari Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi balansida bo‘lib, mazkur tashkilot tarkibidagi Nurobod tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi va Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi tomonidan qurilgan. 34 kilometr yo‘l qurilishiga respublika budjetidan 33 mlrd so‘m ajratilgan.

Murojaatchilarga ko‘ra, hududning 16 mingdan ortiq aholisi yana avvalgi qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Tuman markaziga qatnaydigan asosiy yo‘lning bir nechta joyini sel olib ketganligi sababli jiddiy noqulayliklar yuzaga kelmoqda. Aholining tuman va viloyat mas’ullariga qilgan murojaatlari javobsiz qolgach, hududga yana qachondir biror kattakon borishi va ko‘prik-quvurlar sozlab berilishiga umid bog‘lashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: