“20 tiyinga soch-soqol olganmiz” – 40 yillik sartarosh hikoyasi

Jamiyat 14:27 / 03.03.2024 16684

63 yoshli Abduqahhor ota Umrzoqov Marg‘ilon shahrining mahallalaridan birida mo‘’jazgina sartaroshxona ochgan. U 40 yildirki sartaroshlik qilib ro‘zg‘or tebratadi. Otaxon soqolni 5 ming so‘mga oladi, 10 ming so‘mga esa soch kaltalaydi. Ko‘pchilik uni saxiy sartarosh sifatida qadrlaydi.

Boyish qiyin, lekin och qolmaysiz...

“Sartaroshlikni 1986 yilda boshlaganman, 1987 yildan alohida o‘zim do‘kon ochdim. Sartaroshlikdan katta pul topish qiyin. Lekin barakasi bor, to‘ylar ham qilyapmiz, boshqa kamchiliklarni ham butlayapmiz. Muhimi kunimiz o‘tyapti. Bir kunda muncha, bir oyda muncha bo‘ladi, deydigan kasb emas bu. Odamning kelishiga qaraydi. Mijoz kelishi uchun yaxshi muomala qilish, ko‘ngliga qarash kerak. Yoshi katta yoki bemor bo‘lib, ko‘chaga chiqib sartaroshxonaga kelolmaydigan kishilarning uyiga borib, soch-soqolini olib qo‘yamiz. Pul bersa beradi, bo‘lmasa, duo qilib qo‘yishsa bo‘ldi, eng muhimi shu. Har 10 kunda ana shunday keksa otaxonlar xonadoniga aylanib borib turaman. Ularning duosi bilan ishlarimiz yaxshi bo‘lyapti.

Soqol 10 tiyin, 20 tiyinga soch-soqol...

Bu hunardan kishi boy ham bo‘lib ketmaydi, bir narsaga zoriqib ham qolmaydi. Sabr qilib ishlayverish kerak. Besabr bo‘lsa, hech bir hunarning boshini tutolmaydi odam. O‘smirlik davrida 10 tiyindan soqol, 20 tiyinga soch bilan soqolni olardik. Daromadi yaxshi kishilar 50-60 tiyin ham berardi ba’zida. Hozir esa aniq narx qo‘ymaganmiz, odamlar o‘zi bilib berib ketaverishadi, talashmaymiz. Ko‘p berib yuborsa, qaytib berishimiz mumkin. Mana hozir 5 mingga soqol, 10 mingga soch olamiz, odamlar shunday berishadi. Yosh bolalardan esa kamroq haq olamiz. Har bir hunarning o‘z qoidasi bor.

Qoidalar o‘zgargan

Ishimiz ko‘proq xushmuomalalikni, ozodalikni talab qiladi. Odamlar ham shunga qarab keladi. Oldingi sartaroshlar aytganimdek kasb qoidalariga amal qilardi, ortiqcha pul olishmagan. Hozir endi bunday emas. Shaharlarda joy ijarasi, boshqa masalalar bor, shuning uchun qimmatroq bo‘ladi, buni ham tushunish kerak. Men esa mahalla guzarida ishlayman, o‘zimizning joy.

Oldinlari hozirgiday bir martalik ustara tig‘lari bo‘lmasdi, qayroq toshda qayrab olinardi soqol. Hozir endi zamon rivojlanib har xil uskunalar chiqib ketdi.

Eng qiyini muomala

Pensiyaga chiqqanman, lekin kasb qilib ishlab yuribmiz. Ancha shogirdlar ham chiqarganmiz, ular ham yo‘lini topib ketishgan.

2 o‘g‘il, 1 qizim bor. Nevaralarim ham katta, oila quradigan bo‘lib qolgan.

Sartaroshlik kasbini endi boshlaganlar uchun eng qiyini odamlar bilan muomala qilish va ustara ishlatish. Mijozning biror joyini kesib qo‘ysa, asabbuzarlik bo‘ladi. O‘tmishda qaychi, taroq va ustara bo‘lardi, xolos. Hamma kasbda bo‘lganiday, sartaroshlikning ham o‘z qonun-qoidalari bor. Yoshlar daromadga qiziqadi, iloji bo‘lsa bir necha haftada usta bo‘lib chiqib ketgisi keladi. Ilgarilari hatto yillab shogird bo‘lib yurishgan”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: