Artel 2026 yil yakuniga qadar Superliga titul homiysiga aylandi

Sport 18:21 / 28.02.2024 17564

O‘zbekistondagi mashhur brendlardan biri bo‘lgan Artel Superliga titul homiysiga aylandi. Kompaniya hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi bu borada uch yillik kelishuvga erishgan. 

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Liga daromadi yildan yilga o‘sib boradi. Bunda Superliga ishtirokchi klublari soni 2025 yildan boshlab 16 taga yetkazilishi hamda o‘yinlar soni 182 tadan 240 tagacha ko‘payishi ko‘zda tutilgan.

Superliga titul homiyligi masalasida Liga umumiy hisobda 5 ta kompaniya bilan muzokara olib bordi. Kelishuvning bir emas, bir necha yillik bo‘lishi hamda mazkur davr davomida Liga ishlab topadigan daromad masalasi Liga kun tartibida turdi. Muzokaralar yakunida Artel brendi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 

Ma’lumot uchun, so‘nggi 5 yil davomida Superliga titul homiysi sifatida ishlab kelgan Coca-Cola Liga bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.

Avvalroq kompaniya O‘zbekiston kubogining titul homiysiga aylangani hamda qator ijtimoiy loyihalarni birgalikda amalga oshirmoqchi ekani haqida xabar berilgandi.

«Liga oldindagi uch yillik rejalarni o‘z ichiga olgan dasturga ega bo‘lib, bu yo‘lda homiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ishonamizki, Artel bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik mamlakat ichki chempionati uchun xayrli bo‘ladi», deyiladi PFL matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: