Toshkent shahrida 31 yoshli shaxs ko‘plab fuqarolarni katta miqdordagi pulga chuv tushirib ketdi. Bu haqda jabrlanuvchilar Kun.uz’ga murojaat qilishdi.
Murojaatchilarga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan Termurboy Qodirov odamlarga Xitoy davlatidan mashina keltirib berishni va’da qilgan. U odamlarni ishontirib, dastlabki to‘lov sifatida 35 nafar fuqarodan jami 250 ming dollardan ortiq mablag‘ yig‘ib olgan. Ammo va’dasini bajarmasdan qochib ketgan.
Kun.uz ixtiyoridagi videoda Termurboy Qodirov fuqarodan 3500 AQSh dollarini zakalat sifatida olganini tasdiqlab, tilxat bergani ko‘rinadi.
Temurboy Qodirov odamlarni 2022 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, ammo hozirda faoliyat ko‘rsatmayotgan “Igcc Foundation” MChJ orqali go‘yoki hammasi qonuniy ekanligiga ishontirgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, Qodirov mazkur MChJ rahbari bo‘lgan.
Kun.uz’ning ichki ishlar organlaridagi manbasiga ko‘ra, Temurboy Qodirovga nisbatan Chilonzor tuman IIBB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda unga qidiruv e’lon qilingan. Manbaning aytishicha qidiruvdagi shaxs ayni paytda Turkiya davlatida ekani ma’lum.