O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi xodimlari Kortreyk shahrida tashkil etilgan politsiya, kuzatuv, xavfsizlik, favqulodda xizmatlar va tabiiy ofatlarga javob berish bo‘linmalari uchun mo‘ljallangan moslamalar — INFOPOL|XPO ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Ushbu ko‘rgazma 1995 yildan beri muntazam tashkil etib kelinadi. U Benilyuks mamlakatlaridagi barcha xavfsizlik tizimida qaror qabul qiluvchilar va soha bo‘yicha xarid menejerlari uchun politsiya, kuzatuv va xavfsizlik uskunalarining yirik xalqaro ko‘rgazmasi sanaladi.
Joriy ko‘rgazmada 30 ga yaqin davlatdan 100 dan ortiq ixtisoslashgan kompaniya va dilerlik tashkilotlari tomonidan transport, maxsus individual jihozlar, aloqa, tibbiy tez yordam, o‘t o‘chirish vositalari, kuzatish va yo‘l harakati nazorat qilish tizimlarining eng zamonaviy namunalari taqdim qilindi.
O‘zbekiston diplomatlari tadbir doirasida 10 dan ortiq kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi. Ularda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va ularning mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ko‘rgazma ishtirokchi qator kompaniyalar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha batafsil muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.