Jahon | 08:36 / 07.03.2025
2850
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari Yevropa xavfsizligi uchun «burilish nuqtasi»ni ko‘rmoqda

Ursula fon der Lyayyenning aytishicha, Rossiya tahdidi oldida Yevropa o‘zini himoya qila olishi kerak. U Ukrainani Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirdi.

Foto: Omar Havana/AP Photo/picture alliance

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yayotgan bir paytda Yevropa va Ukraina xavfsizligi «burilish nuqtasida» ekanini aytdi. Vaziyat o‘ta xavfli, dedi fon der Lyayyen 6 mart, payshanba kuni Bryusselda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Antonio Koshta bilan Yevropa Ittifoqining mudofaa bo‘yicha inqiroz sammiti ochilishi oldidan so‘zlagan nutqida.

«Bu Yevropa uchun hal qiluvchi lahza. Yevropa aniq tahdid bilan yuzma-yuz turibdi va shuning uchun u o‘zini himoya qila olishi kerak, biz Ukrainaga o‘zini himoya qilish va mustahkam, adolatli tinchlik uchun kurashish imkoniyatini berishimiz kerak», — deya ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari. Shu munosabat bilan u YeI mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlariga qayta qurollanish rejasini taqdim etdi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu 800 milliard yevrogacha mablag‘ jalb qilish imkonini beradi.

Fon der Lyayyen a’zo davlatlarni qayta qurollanish sohasida qo‘llab-quvvatlash uchun «Yevropa Ittifoqini moliyalashtirishning yangi mexanizmi»ni taklif qildi. Ushbu vosita 150 milliard yevro miqdoridagi kreditlarni o‘z ichiga olishi kerak, ular Yevropa Ittifoqi budjeti tomonidan kafolatlanadi. U, shuningdek, to‘rt yil davomida Yevropa budjeti qoidalarini vaqtincha yumshatishga chaqirdi.

«Tartibga solish tizimini moslashtirish»

Germaniya kansleri Olaf Shols bundan ham uzoqroqqa borishni taklif qildi. U mamlakatlarda «mudofaa va xavfsizlikka uzoq muddatli sarmoya kiritish uchun joy» bo‘lishi maqsadida «tartibga solish tizimini uzoq muddatli moslashtirish» tarafdori. Uning pozitsiyasini, xususan, Boltiqbo‘yi mamlakatlari qo‘llab-quvvatladi, ammo Niderlandiya va Shvetsiya kabi «tejamkor» davlatlar bu g‘oyaga shubha bilan qarashdi. Diplomatlar qoidalarni haddan tashqari yengillashtirish yangi moliyaviy inqirozga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Germaniya tashabbusi nafaqat Yevropa Ittifoqi darajasida, balki Germaniyaning o‘zida ham tendensiyalarni aks ettiradi. Kelajakdagi hukmron koalitsiyadagi potensial hamkorlar — xristian partiyalar bloki XDI/XSI va sotsial-demokratlar — mudofaa xarajatlarini budjet qoidalaridan sezilarli darajada chiqarib olishga kelishib oldilar.

Mavzuga oid