Rossiya 1 martdan benzin eksportini 6 oyga taqiqladi – OAV

Jahon 12:10 / 27.02.2024 10612

Rossiya 2024 yil 1 martdan boshlab benzin eksportiga 6 oylik taqiq kiritmoqda. Bu haqda RBK xabar berdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, bosh vazir Mixail Mishustin 2024 yil 1 martdan boshlab olti oy muddatga benzin eksportini taqiqlashni ma’qullagan. Shuningdek, birjada dizel yonilg‘isini sotish standartini 16 foizga oshirish to‘g‘risida ham qaror qabul qilingan.

Vaqtinchalik eksport taqiqi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kelishilgan yetkazib berish hajmlariga taalluqli emas”, — deyiladi xabarida.

Ta’kidlanishicha, cheklov ichki bozorda yonilg‘iga talab ortib borayotgan mavsum – bahorgi dala ishlari, neftni qayta ishlash zavodlarida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari, shuningdek, yozgi ta’tillar boshlanishi bilan bog‘liq.

Rossiya hukumati 2023 yil sentabr oyida ham yonilg‘i (benzin va dizel) eksportiga taqiq qo‘ygandi. Bu chora noyabr oyida bekor qilindi.

O‘zbekistonda 26 fevraldan “O‘zbekneftgaz” AYoQShlarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 7000 so‘mga qimmatladi. «O‘zbekneftgaz» narx oshishini import benzini narxi oshishi bilan izohladi. 2022 yil 13 dekabrdan 2023 yil 31 dekabrgacha AI-80 markali benzin uchun aksiz solig‘ining nol stavkasi qo‘llangan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab bu imtiyozli davr yakunlanishi bilan UNG Petro shoxobchalarida bu markadagi benzin 6800 so‘mdan sotila boshlagandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2023 yil yanvaridan boshlab Rossiyadan Ai-80 benzini importini boshlagan.

Ko‘proq yangiliklar: