Hukumati almashayotgan Falastin, Qizil dengizda uzilgan kabellar va Taurus raketalarini qizg‘anayotgan Shols - kun dayjesti

Jahon 19:38 / 27.02.2024 10472

Falastindagi vaziyat

27 oktyabrdan G‘azo sektoriga yerusti operatsiyasini boshlagan Isroil qurolli kuchlari o‘zidan keyin vayronalar va kultepalar qoldirgancha Xon-Yunus tumanining ayrim qismlarini tark etgan. Tumandagi yo‘llar buldozerlar va aviazarbalar bilan vayron qilingan. Maan va Bani Suhayla shaharlari Isroil armiyasi tomonidan vayronaga aylantirilgan.

Isroil tomonidan Falastin hududlarining okkupatsiya qilinishi xalqaro odil sudlovni haqoratlash, degan Arab davlatlari ligasi o‘z bayonotida.

Haagadagi BMT Xalqaro sudida Isroilning okkupatsiya ostidagi Falastin hududlaridagi harakatlarining huquqiy oqibatlariga bag‘ishlangan eshittiruvlar chog‘ida Isroil tomonidan Falastin hududlarining uzoq muddatdan buyon okkupatsiya qilinishi xalqaro odil sudlovni haqorat qilishdan boshqa narsa emasligi ta’kidlangan.

Xuddi shu sudda Afrika Ittifoqi Xalqaro hamjamiyat «Falastin xalqini laqillatib kelgani»ni ta’kidlagan.

G‘azoliklar ochlikdan o‘simliklar bilan taomlanishga majbur bo‘layotgan bir paytda Falastin chegaralaridan narida yuzlab yuk mashinalari oziq-ovqatlar ortilgan holda navbatini kutib turibdi. Isroil ularning G‘azo hududiga kiritilishiga ruxsat bermayapti.

Hattoki G‘azoga insonparvarlik yordam jo‘natgan Iordaniya ularni havo sharlariga bog‘lab uchirishga majbur bo‘lgan. Biroq oziq-ovqatlarning juda katta qismi mo‘ljaldan adashib, ochiq dengiz uzra uchib ketgan. 

Falastinda hukumat almashmoqda

Falastin prezidenti Mahmud Abbos bosh vazir Muhammad Shtayya boshchiligidagi hukumatni iste’foga chiqardi. Dubayning Asharq News nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Falastin ma’muriyatining yangi hukumati shu haftaning so‘ngiga qadar shakllantirilishi mumkin.

Bosh vazir Muhammad Shtayya boshchiligidagi vazirlar mahkamasi yangi hukumat shakllantirilgunga qadar hukumat tepasida qoladi. Yangi texnokratik hukumatni ayni paytda hukumat investitsiya fondi rahbari bo‘lib ishlayotgan Muhammad Mustafo boshqarishi mumkinligi aytilmoqda.

U yangi hukumat tuzishi, G‘azoni Jahon banki nazorati ostidagi mustaqil organ yordamida qayta tiklash rejasini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. Muhammad Mustafo, shuningdek, Falastin ma’muriyatining moliyaviy, huquqiy va ma’muriy islohotlariga ham bosh-qosh bo‘ladi. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanning radikal «Ansorulloh» harakatiga a’zo isyonchi-husiychilar Qizil dengizda Osiyo, Yevropa va Afrikani bog‘lovchi suv ostidan o‘tgan to‘rtta kabelni uzib yuborgan, deb xabar beradi Isroilning Globes nashri.

Ushbu kabellar Saudiya Arabistonining Jidda shahrini Sharqiy Afrikadagi Jibuti davlati bilan bog‘lagan. Gar AAE-1, Seacom, Europe India Gateway (EIG) va TGN kompaniyalari kabellari haqida bormoqda.

Yetkazilgan ziyon tufayli eng katta zararni Fors ko‘rfazi davlatlari va Hindistonning kommunikatsiya faoliyati bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalari ko‘radi. Jibutida internetga ulanish bilan muammolar paydo bo‘lgan.

Mutaxassislarning fikricha, ziyon kritik emas, chunki shu hududda Osiyo, Afrika va Yevropani bog‘lovchi boshqa suvosti kabellari ham bor. Biroq uzilishlarni tiklash uchun kamida 2 oy ketishi mumkin. 

Taurusni qizg‘anayotgan Shols

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga uzoq masofadagi nishonlarni ura oladigan Taurus raketalarini yetkazishga qarshi chiqdi. Uning tushuntirishicha, bu qaror Germaniyaning ham urushga qo‘shilib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

«Biz bu tizimlar ura oladigan mo‘ljallar bilan hech qanday aloqamiz bo‘lmasligi kerak. Bu narsa ayrim odamlarni tashvishlantirmayotgani, biz qilayotgan ishlar urushga qo‘shilishni anglatishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmayotgani meni taajjublantirmoqda», — degan Olaf Shols.

Sholsning qo‘shimcha qilishicha, Taurus raketalarini Ukrainaga berish-bermaslik xususidagi munozaralar Ukrainaga chindan ham kerak bo‘lgan narsalarga diqqatni qaratishdan chalg‘itmoqda.

«Hozir Ukrainaga zarur narsa turli masofalarga ucha oladigan o‘q-dorilar, aynan mana shu narsa emas», — degan u. 

Taurus raketalari 500 km olisdagi nishonni bemalol ura oladi. Rossiya poytaxti Moskva shahri esa Ukraina chegarasidan 450 km olisda joylashgan. Shols ukrainlar raketalarni qo‘lga kiritgani hamono Moskvaga hujum qilishidan cho‘chimoqda. 

Ruslarning urush haqidagi fikrlari

Urushni xato deb hisoblovchi rossiyaliklarning ulushi 40 foizgacha ko‘tarildi. RussianField sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, 2022 yilning 24 fevralida prezident Vladimir Putin buyrug‘iga ko‘ra armiya Ukrainaga bostirib kirganidan afsusda ekanini bildirgan Rossiya fuqarolari tobora ko‘paymoqda.

Fevral oyida fuqarolarning 38 foizi agar ixtiyor ularda bo‘lganida «maxsus harbiy amaliyot»ni boshlash to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgan bo‘lishlarini bildirishgan. 2022 yilning martiga nisbatan bunday fikrlovchi odamlar soni 10 foizga oshgan.

Ammo har qanaqasiga tanklar va polklarni Ukrainaga kiritish bilan mashg‘ul bo‘lishini bildirganlar soni hamon ko‘p — 49 foiz. Biroq «urush partiyasi» sekin-asta qisqarmoqda. 2022 yilning martida Putinning buyrug‘ini «bekor qilmasligi»ni bildirganlar soni 57 foizni tashkil etardi. Safarbarlik chog‘ida ularning ulushi 51 foizgacha pasaygan. Endi esa 49 foiz.

So‘ralganlarning ko‘pchiligi — 71 foizi «maxsus harbiy amaliyot» juda cho‘zilib ketganini aytgan. Buni Telegram-kanallarni o‘quvchi yoshlar ham, Davlat TVsini ko‘ruvchi qariyalar ham bildirgan. 2022 yilning martida rossiyaliklarning 13 foizi urush bir yilga ham bormasligini bildirgan edi. Endi esa 44 foiz so‘ralganlar bir yildan keyin ham urushni to‘xtatib bo‘lmasligini bildirishgan.

 

Shvetsiyaning NATO sari qadami

Vengriya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini ma’qulladi. Endi parlament chiqargan qarorga bosh vazir Viktor Orban imzo qo‘yishi kerak.

Vengriya Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika blokiga a’zoligini ma’qullab berishi kerak bo‘lgan NATOning so‘nggi a’zosi bo‘lib qolayotgan edi. Endi format jarayonlar o‘tkazib olingach, Shvetsiya NATOning 32-a’zosiga aylanadi.

Shvetsiya Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, 2022 yilning may oyida Finlandiya bilan birga NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Finlandiya va Shvetsiyaning arizalarini ma’qullashni faqat Turkiya va Vengriya paysalga solib turdi. Finlandiyaning arizasi alohida ma’qullab berildi. Ammo so‘nggi daqiqalargacha Shvetsiyaning arizasi ma’qullanmay turgan edi. 23 yanvar kuni Turkiya parlamenti nihoyat arizani ma’qulladi. 25 yanvar kuni esa Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hujjatga qo‘l qo‘yib bergan edi.

Darvoqe, Vengriyada yangi prezident saylandi. Mamlakat parlamenti avval Konstitutsion sud raisi bo‘lgan Tamash Shuyokni prezident etib sayladi.

Avvalgi prezident, 2022 yilda xalq deputatlari tomonidan saylangan Katalin Novak pedofiliya asosidagi jinoyatni sodir etgan insonni afv qilgani fonidagi mashmashalardan so‘ng iste’foga chiqishga majbur bo‘lgandi. Uning iste’fosini Vengriyadagi barcha muxolif partiyalar talab qilgan edi. 

Britaniyada yana qirol o‘zgaradimi?

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tojni o‘g‘liga topshirishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Saraton kasalligiga chalingan qirol tojni merosxo‘rga topshirish rejasini ishlab chiqadi, deb yozadi Daily Mirror nashri.

Taxt vorisi haqidagi qonunga ko‘ra, Charlzning to‘ng‘ich o‘g‘li — shahzoda Uilyam Buyuk Britaniyaning keyingi qiroli bo‘lishi kerak.

Charlz III saraton kasalligiga chalingani haqidagi xabardan ko‘p o‘tmay vorislik rejalari tuzila boshlagan. Qirolning kasalligi aniqlanishidan oldin, merosxo‘rlik masalalari kamida yana o‘n yil davomida muhokama qilinishi kutilmayotgan edi. Bu hol Charlz chalingan xastalikning xavfli ekanini ko‘rsatishi mumkin.

5 fevral kuni Charlz III saraton kasalligiga chalingani ma’lum bo‘ldi. Bakinghem saroyiga ko‘ra, kasallik 75 yoshli monarxda prostata bezining kengayishi bilan bog‘liq davolash muolajalari paytida aniqlangan. Charlz III mish-mishlarning oldini olish uchun o‘z tashxisini omma bilan baham ko‘rishga qaror qilgan. Shundan so‘ng, qirol o‘z vakolatlarini bajarishda davom etishi, ammo jamoatchilik bilan aloqalari to‘xtatilishi haqida xabar berilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: