Bayden tez orada G‘azoda sulh boshlanishini kutmoqda

Jahon 18:44 / 27.02.2024 6345

«Biz bunga yaqinmiz, — degan Bayden. — Biz hali tugallaganimiz yo‘q. Umid qilamanki, keyingi dushanba kunigacha biz otashkesimga erishamiz».

Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Ramazon oyi davrida vaqtincha sulh tuzish bo‘yicha «prinsipial kelishuv»ga erishilgan.

«Isroilliklar Ramazon oyi vaqtida bizga barcha garovdagilar ozod etishga vaqt berish uchun tadbirlar o‘tkazmaslikka rozi bo‘ldi», — degan Bayden.

Misr, Qatar va AQSh vakillaridan iborat vositachilar ishtirokidagi muzokaralar hali davom etmoqda.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron seshanba kuni Parijda Qatar amiri, shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniyning tashrifi kutilayotganini aytgan.

Shayx Tamim «zudlik bilan va doimiy amal qiladigan sulh bitimiga erishish» uchun Dohada HAMAS rahbari Ismoil Xoniya bilan uchrashdi, deya xabar bergan Qatar rasmiy axborot agentligi.

Avvalroq anonim tarzda Ynet sayti bilan gaplashgan isroillik mulozim «voqealar rivoji ijobiy yo‘nalishda» ekani haqida aytgandi.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Metyu Miller esa so‘nggi bir necha kun ichida garovdagi isroilliklarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarda siljish kuzatilayotgani, ammo HAMAS vositachilarning so‘nggi takliflariga ko‘nishi hozircha aniq emasligini aytgandi.

«Biz Misr, Isroil, AQSh va Qatar o‘rtasidagi muzokaralar davomida progressga erishdik», — degan Miller.

BBC’ning Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri Yolanda Knellning qayd etishicha, prezident Baydenning izohi — yangi kelishuv ehtimoli haqidagi eng ijobiy yangilikdir.

Ammo Isroil va HAMAS hozirda jamoatchilik ko‘z o‘ngida ehtimoliy sulh borasida hamon bir-birini zid etuvchi pozitsiyada qolmoqda.

Reuters agentligi muzokaralarga yaqin bo‘lgan yuqori martabali manbaga asoslanib xabar berishicha, HAMAS hamon barcha harbiy amaliyotlarda 40 kunlik tanaffus hamda Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarni isroillik asirlarga 10 ga 1 ko‘rinishida almashtirishni ko‘zda tutuvchi kelishuv loyihasi ustida ishlamoqda.

Harbiy harakatlar to‘xtatilishi G‘azo uchun o‘ta zarur bo‘lgan yordamlar hajmini oshirishga, novvoyxonalar va shifoxonalarni ta’mirlashga imkon berishi kutilmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu har qanday sulh G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga rejalashtirilgan hujumning oldini ololmasligi va faqat ortga surishi mumkinligini qayd etgan, u bu hududdagi amaliyotni HAMAS ustidan «to‘liq g‘alaba»ga erishish uchun muhim deb atagan.

Ko‘plab mamlakatlar, jumladan Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar ham Tel-Avivni Rafahda quruqlik amaliyoti o‘tkazishdan tiyilishga chaqirgan. Ushbu shaharda ayni vaqtda anklav shimoli va markazidagi harbiy harakatlardan qochib ketganlar bilan qo‘shib hisoblaganda 1,4 mln atrofidagi falastinlik yashamoqda.

Dushanba kuni Netanyahuning ofisi Isroil mudofaa armiyasi harbiy kabinetga Rafahdan tinch aholi vakillarini evakuatsiya qilish rejasini taqdim etgani h aqida ma’lum qildi, ammo bu odamlar qayerga ko‘chib o‘tkazilishi mumkinligi borasidagi tafsilotlar ochiqlanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: