Viloyatlarga 900 ta avtobus, tirbandlik uchun “Aqlli boshqaruv” va metroga yangi poyezdlar – jamoat transportida nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston 18:35 / 24.02.2024 11045

2024 yilgi davlat dasturida jamoat transporti sohasida qator chora-tadbirlar belgilanmoqda. Ularning aksariyati yil davomida amalga oshirib boriladi.

Dasturga ko‘ra, hududlarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish maqsadida 2024 yil mart oyidan Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida, 2024 yil dekabrdan esa Nukus, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Termiz, Guliston, Farg‘ona, Nurafshon, Angren va Olmaliq shaharlarida muntazam avtobus yo‘nalishlari bosqichma-bosqich brutto-shartnoma tizimiga o‘tkaziladi. Shuningdek, yil davomida grafik bo‘yicha Nukus shahri va viloyatlar markazlari jamoat transporti uchun jami 900 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobus xarid qilinib, yo‘nalishlarga biriktiriladi.

Dasturda Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha alohida band keltirilgan. Unda qayd etilishicha, 2024 yil mart oyidan poytaxtda jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etiladi. Avtobuslar harakati ustuvorligini va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida uzunligi 29 km bo‘lgan 8 ta asosiy transport koridorida (83 ta chorraha va 41 ta piyodalar o‘tish joyi) rekonstruksiya ishlari bajariladi.

Yil davomida shahar atrofi hududlari, jumladan, Nazarbek hududidan “Chorsu” va “Paxtakor” metro bekatigacha hamda Uch qahramon hududidan Yunusobod dehqon bozori va Shahriston metro bekatigacha alohida ekspress avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent metropoliteni uchun 11 ta yangi metro poyezdi (44 ta metro vagoni) xarid qilinadi.

Toshkent shahrida tirbandliklarning oldini olish va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Aqlli boshqaruv” tizimini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutilmoqda:

– transport oqimini tahlil qilgan holda ayrim ko‘chalarda bir tomonlama harakatni tashkil etish;

– oliy ta’lim muassasalarida o‘qish vaqtlarini maqbullashtirish hisobiga tig‘iz vaqtlarda transportga bo‘lgan yuklamani kamaytirish;

– tig‘iz vaqtlarda katta hajmli va og‘ir vaznli yuk avtomobillari harakatlanishini cheklash yoki tartibga solish;

– transport oqimi yuqori bo‘lgan chorrahalarda svetoforlar fazalarini qayta ko‘rib chiqish;

– 255 ta chorraha va kesishmalarni muvofiqlashtirilgan svetofor boshqaruvi – “aqlli svetoforlar” tizimiga o‘tkazish;

– kamida 10 ta ko‘chada yo‘l bo‘yi pulli to‘xtash joylarini tashkil etish;

– shaharga kiruvchi asosiy avtomobil yo‘llarida vazn va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalarni tashkil etish.

Davlat dasturida temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda elektrlashtirilgan temiryo‘llar ulushini oshirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ tarkibidagi ishlab chiqarish korxonalarida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 30 ta yangi zamonaviy vagon ishlab chiqariladi. Yil davomida Oqko‘prik temiryo‘l stansiyasining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish maqsadida qo‘shimcha temiryo‘llarini qurish, elektrlashtirilgan yuqori tezlikdagi Navoiy-Buxoro temir yo‘l liniyasining 91,2 kmdan iborat bo‘lgan ikkinchi yo‘lini qurish loyihasini yakunlash ham ko‘zda tutilmoqda.

Avtomobil yo‘llari holatini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 2,7 ming kmdan ziyod umumiy foydalanishdagi yo‘llar, hududlarda 10 ming kmdan ortiq shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari ta’mirlanadi. Shuningdek, yil davomida respublika hududidagi holati ta’mirtalab bo‘lgan 110 dona ko‘prik tiklanadi.   

Ko‘proq yangiliklar: