O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarga “amnistiya” qonuni. Eng muhim qoidalar qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston 15:22 / 24.02.2024 32146

Qonun loyihasi Adliya vazirligining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Kun.uz Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bilan bog‘lanib, qonun loyihasining eng muhim nuqtalari haqida ma’lumot oldi.

Loyihada nafaqat fuqarolarning uy-joylari, balki tadbirkorlarning ishlab chiqarish obektlari va ular joylashgan yerlarga tegishli huquqlar e’tirof etilishi taklif qilingan.

Qonun ta’siri doirasiga 2018 yil 1 may kuniga qadar o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkalari hamda unda qurilgan bino va inshootlar tushadi.

Qonun ta’siri doirasiga tushadigan obektlar kosmik suratlar orqali aniqlanadi.

O‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda unda qurilgan bino va inshootlarga tegishli huquq e’tirof etilishi uchun fuqaro va tadbirkorlarning ariza berishi talab etilmaydi. Rasmiylashtirish jarayonlari vakolatli davlat organlari tomonidan grafik asosida mustaqil amalga oshiriladi.

Huquqni e’tirof etishning asosiy shartlari – ushbu yer boshqa shaxslarga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan, foydalanuvchilar o‘rtasida nizo hamda soliqdan qarzi bo‘lmasligi kerak.

Huquq e’tirof etilishi yakuniga yetganda fuqaro va tadbirkorlarga bu haqida xabarnoma yuboriladi.

Huquqlar e’tirof etilganlik uchun 370 ming so‘mdan 3 mln 700 ming so‘mgacha bir martalik yig‘im nazarda tutilgan.

Ayrim toifadagi obektlar bo‘yicha qo‘shimcha shartlar ham nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi muhokamasi davom etmoqda. Qonunchilik palatasining yalpi majlisiga qachon kiritilishi aniq emas.

Ko‘proq yangiliklar: