OAV: Navalniy koloniyasida mahbus qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etgan

Jahon 10:57 / 24.02.2024 10630

Muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy noaniq sharoitda vafot etgan Yamal-Nenets avtonom okrugidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida 2022 yil iyul oyida mahbuslardan biri qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etgan, uning o‘limi o‘z joniga qasd qilish holati sifatida ko‘rsatilgan. Bu haqda «Xolod» internet nashri manbalarga tayanib xabar berdi

Taxminlarga ko‘ra, o‘ldirilgan mahbus 43 yoshli Bahrombek Sharifov bo‘lib, u Tojikistondan giyohvand moddalar olib o‘tish maqsadida guruh tashkil qilgani uchun 25 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan edi. «Unga uch qavatli maxsus kiyim, qalin bosh kiyim, kiydirib, ko‘zini bog‘lab qo‘yishdi. Uni bir nechta matraslardan yasalgan choyshabga o‘rab, ustini skotch bilan bog‘lashdi - va o‘sha yerda yotqizib qo‘yishdi», deb yozadi «Xolod» ikki sobiq mahbus va ish bilan tanish suhbatdoshga tayanib. Natijada Sharifov bo‘g‘ilib qolgan. 

Shundan so‘ng, koloniya xodimlari qiynoqqa solishda qo‘llangan vositalarni yo‘q qilib, mahbus o‘zini osib qo‘yganini bildirgan, deya davom etadi nashr. Biroq, marhum jasadini yorib ko‘rish o‘z joniga qasd qilish versiyasini rad etdi. Sharifovning o‘limi bo‘yicha IK-3ning besh nafar xodimiga o‘limga olib kelgan og‘ir tan jarohati yetkazish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ulardan biri so‘nggi modda bo‘yicha sudlanib bo‘ldi.

Ushbu koloniyada vafot etgan yana ikki sobiq mahbusning qarindoshlari «Xolod»ga ular o‘limi sabablari va sharoitlari haqida aytilmaganini bildirdi. Ulardan birining oilasiga qutb ortidagi IK-3dan jasadni olib chiqish uchun 24 soat vaqt berildi. Qarindoshlar bunga ulgurmagani uchun erkak familiyasiz, raqam ostida dafn etilgan. 

Navalniyning onasidan o‘g‘lini yashirin dafn etish talab qilinmoqda

Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila 22 fevral kuni tergovchilar unga o‘g‘li jasadini ko‘rsatgani, lekin jasadni bermagani va xayrlashish marosimisiz, yashirin dafn marosimiga rozi bo‘lish bilan tahdid qilishganini aytdi. «Ko‘zlarimga qarab, agar yashirin dafn marosimiga rozi bo‘lmasam, o‘g‘limning jasadi bilan nimadir qilib yuborishadi, deyishdi. Tergovchi Viropayev menga ochiqchasiga «vaqt siz tomonda emas, tana chiriyapti» dedi. O‘g‘lim jasadini zudlik bilan menga qaytarib berishlarini talab qilyapman», - dedi siyosatchining onasi. 

FSIN Navalniyning koloniyada vafot etganini 16 fevral kuni e’lon qildi. Marhum muxolifatchining matbuot kotibi Kira Yarmish so‘zlariga ko‘ra, Navalniy onasiga ko‘rsatilgan o‘lim haqidagi tibbiy xulosada uning o‘limi sabablari tabiiy ekani aytilgan. Siyosatchining o‘limi sabablari haqida hozircha rasmiy bayonotlar yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: