«Tashabbusli budjet» doirasidagi loyihalar ish sifati bo‘yicha rozilik olinganidan keyin foydalanishga qabul qilinadi

O‘zbekiston 07:11 / 23.02.2024 3880

Prezidentning “O‘zbekiston – 2030 strategiyasini Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 apreldan boshlab “Tashabbusli budjet” doirasidagi loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilinadi.

2024 yil 1 avgustga qadar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga “Tashabbusli budjet” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan ma’lumotlar olish, mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

2024 yil 1 sentabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

2024 yil yakuniga qadar ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: