Rossiyada yo‘lovchilar paroli va kartasi bo‘yicha ma’lumotni yig‘ish boshlanishi mumkin

Jahon 16:08 / 23.02.2024 4319

Rossiya Transport vazirligi tashuvchilarga bank kartalari, IP-manzillari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va yo‘lovchilar akkauntlari parollari haqidagi ma’lumotlarni yagona ma’lumotlar bazasiga o‘tkazish majburiyatini yuklamoqchi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi 22 fevral, payshanba kuni manbalarga tayanib.

Nashrning yozishicha, Transport vazirligi tegishli buyruq loyihasini allaqachon tayyorlab qo‘ygan va u 1 sentabrdan kuchga kirishi kerak. Ma’lumotlar tashuvchilar tomonidan havo, suv va temiryo‘l transporti, shuningdek, shaharlararo va xalqaro tashuvlar bo‘yicha avtomobil transporti uchun amal qiladi (Moskva va Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati o‘rtasidagi reyslar bundan mustasno), deb yozadi «Kommersant». 

Barcha ma’lumotlar yagona davlat transport xavfsizligi axborot tizimiga (YeGIS OTB) kiritiladi. Undan FSB, Ichki ishlar vazirligi, Rosaviatsiya va Rostransnadzor foydalana oladi. Hozirda ma’lumotlar bazasida faqat pasport ma’lumotlari, safar sanasi va marshruti to‘planadi. Endilikda, «Kommersant» ta’kidlashicha, tashuvchining veb-sayti yoki ilovasida akkaunt ma’lumotlari (login va parol), shuningdek, to‘lov uchun foydalanilgan bank kartasi haqidagi axborotni (oxirgi to‘rtta raqam va bank nomi) to‘plash taklif etilyapti. Ma’lumotlar yetti yil davomida saqlanishi rejalashtirilgan. 

Tashuvchilar xavflar borligini ta’kidlayapti

Havo transporti ekspluatantlari assotsiatsiyasi (AEVT) Transport vazirligi loyihasiga javoban, yo‘lovchilar haqidagi ba’zi qo‘shimcha ma’lumotlar, xususan, akkauntning login va paroli «maxfiy ma’lumot, shuning uchun ular sub’yekt roziligisiz oshkor etilishi mumkin emas»ligini ta’kidladi.

Rossiya temiryo‘llari va yirik aviakompaniyalar rasmiy izoh bermadi. «Kommersant»ning sohadagi manbalari ma’lumotlarni to‘plash va uzatish aviakompaniyalarga qo‘shimcha xarajatlar, bojlar va mas’uliyat yuklashiga, jumladan, ularning sizib chiqishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. 

Ko‘proq yangiliklar: