Harbiy yordam, muzokaralar istiqboli va «B reja» - Zelenskiyning Fox Newsʼga intervyusidan asosiy gaplar

Jahon 18:18 / 23.02.2024 19659
«Dunyo Vladimir Putinning mag‘lubiyatiga tayyor emas va barcha Rossiyadagi o‘zgarishlardan qo‘rqadi», — deydi Vladimir Zelenskiy

Fox News auditoriyasiga Kremldagi oppoq va momiq kreslosidan murojaat qilgan va amerikaliklarning Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar bilan ishi bo‘lmasligini ta’kidlagan Vladimir Putindan farqli ravishda, Zelenskiy vayron bo‘lgan uy devorlari fonida intervyu berdi.

Uning asosiy mujdasi — Ukrainadagi urush barcha uchun, jumladan, amerikaliklar uchun ham muhimligi haqida.

Karlsonga javob

Ushbu intervyuning konteksti uning mazmunidan ham muhimroq bo‘lishi mumkin.

Intervyu AQShning konservativ telekanalida chiqdi, uni asosan respublikachilar partiyasiga yon bosuvchi an’anaviy qarashlar tarafdorlari tomosha qilishadi.

Putindan intervyu olgan Taker Karlson yaqin yaqingacha ushbu telekanalda ishlagan, uning shoularini o‘rtacha uch million, ba’zan besh million odam tomosha qilgan. O‘tgan yili uni telekanaldan haydashgan, garchi rasman sababi ma’lum qilinmagan esa-da. Bunga balki Takerning rahbariyatga nisbatan takallufsiz chiqishlari sabab bo‘lgandir yoki rahbariyat uning Donald Trampning saylovdagi g‘alabasi «o‘g‘irlangani» xususidagi konspirologik mulohazalaridan to‘ygandir.

O‘z bayonotlari bilan Karlson AQShning boshqa nashrlariga chaqiruv tashladi va ularni go‘yoki Vladimir Putinni rad etib, Zelenskiyning «tilyog‘lamalik bilan ruhni ko‘taruvchi suhbatlari»ni jon-jon deb e’lon qilishda aybladi.

To‘g‘risini aytganda, Rossiya prezidentini hech kim rad etgani yo‘q. G‘arbdagi ko‘plab nashrlar, jumladan BBC ham urush boshidan buyon undan intervyu olishga bir necha bor harakat qilgan. Lekin har safar rad javobini olgan.

Fox boshlovchisi Bret Bayyer chaqiruvga javob berdi: u ikki yildan buyon amerikaliklarni tashvishlantirayotgan savollarni Zelenskiyga berish uchun Ukrainaga keldi. Bayyer Zelenskiydan birinchi marta intervyu olayotgani yo‘q. O‘tgan yili ham, avvalgi yil ham u Zelenskiy bilan suhbatlashgan.

Bayyer Zelenskiydan Putinning intervyusini ko‘rdingizmi, deb so‘raganida Ukraina prezidenti shunday javob qilgan: «Mening biz, urush va AQSh to‘g‘risida ikki soatlik uydirmani tinglashga vaqtim yo‘q».

Zelenskiyning yozib olgan intervyusi juma kuniga o‘tar kechasi ko‘rsatildi va 45 daqiqa davom etdi.

Vladimir Putindan farqli o‘laroq, Ukraina prezidenti Fox auditoriyasiga front chizig‘idan unchalik olis bo‘lmagan joydagi yarim vayrona binodan turib murojaat qildi. Foto: FOX NEWS / SCREENSHOT

Fox’ning asosiy auditoriyasi Ukrainaga harbiy yordam berishni davom ettirishni savol ostiga oluvchi respublikachilar tarafdori ekani inobatga olinsa, Zelenskiyning bu auditoriyaga aytar gaplari bor edi.

Xuddi Zelenskiy Bayyerni intervyu berish uchun nega Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahriga taklif etgani tushunarli bo‘lganidek.

Urush avvalida rossiyaliklar Xarkiv oblastining katta qismi bilan qo‘shib bu shaharni ham egallab olishga muvaffaq bo‘lishgan, u yerda o‘z ma’muriyatini tuzishga ham ulgurishgan edi. Biroq Ukraina qurolli kuchlari oblastning okkupatsiya qilingan katta qismini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Rossiya bu yo‘nalishda yana hududlarni egallash niyatidan voz kechmasdan, oldinga o‘tishda davom etmoqda. Forbes nashri hattoki Kupyanskni egallash Rossiyaning ayni damdagi asosiy taktik maqsadi ekanini yozgan edi.

«Xarkiv oblastining bir bo‘lagi saylov kunigacha Rossiya armiyasidan Putinga yaxshigina sovg‘a bo‘lar edi», — deb yozgan Forbes.

Zelenskiy respublikachilarga aynan shuni ko‘rsatmoqchi bo‘ldi: urush davom etmoqda, janglar bo‘lyapti. Ukrainada esa hozircha «B reja» yo‘q.

«B reja»siz

 

Zelenskiyning fikricha, AQSh bilan muloqot uning ustuvor vazifalaridan biri. Foto: TOBIAS SCHWARZ/POOL/AFP VIA GETTY IMAGES

AQSh bilan muloqot Volodimir Zelenskiyning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalaridan biri. Ukraina frontda Rossiyaga qarshi turish uchun yordamga har doimgidan ham kuchliroq muhtoj.

Urush boshlanganidan buyon xalqaro hamkorlari Ukrainaga 170 mlrd yevrolik yordam ko‘rsatishni va’da qilgan. Bu summaning 40 foizi — sof harbiy yordam, 50 foizi — moliyaviy yordam, 10 foizga yaqini insonparvarlik yordami. 42 ta davlat donor bo‘lgan, biroq ularning ichida 71 mlrd yevro yordam ko‘rsatgan asosiy davlat, albatta, AQSh bo‘ldi.

Jo Bayden administratsiyasi o‘tgan yil kuzidayoq Kongressga Ukrainaga qo‘shimcha yordam ajratishni ma’qullashni so‘rab murojaat qilgan: milliy xavfsizlikning turli jabhalarini himoya qilish uchun taklif qilingan 100 mlrd dollarlik paketning katta qismi — 61 milliardi Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga mo‘ljallangan. Biroq respublikachilarning qarshiligi bois masala hamon yechilmagan.

Avvaliga ular bu masalani Amerikaning ichki muammosi — Jo Bayden prezidentligi davrida millionlab noqonuniy migrantlar kesib o‘tayotgan janubiy chegaralar ustidan nazoratni qat’iylashtirishga bog‘lashni talab qildi.

Xorijdan harbiy yordam bo‘lmasa, Ukraina himoyachilari tobora ko‘proq hospitallarga tushaveradi, deydi Zelenskiy. Foto: Ukraina prezidenti ofisi.

Bunday misli ko‘rilmagan noqonuniy migrantlar oqimi AQShda keng miqyosli siyosiy inqirozga olib keldi va mamlakat fuqarolari noroziligiga sabab bo‘ldi. Respublikachilar demokratlardan chegaradagi nazoratni kuchaytirishni so‘ramoqda, demokratlar esa bunga istamaygina rozi bo‘lishmoqda.

Bu bahslar fonida AQSh ma’muriyati o‘tgan yil oxiridan Ukrainaga harbiy yordam uchun mablag‘ ajratishni to‘xtatdi va qurol-yarog‘larni berishda davom etish Amerikaning o‘z xavfsizligini tahdid ostida qoldirishi, Ukrainani ikki yillik qo‘llab-quvvatlash natijasida Pentagonning xarjlangan zaxiralarini to‘ldirish uchun Kapitoliyda bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan o‘sha qonun tasdiqlanishi kerakligini ta’kidladi.

Bir oylik qizg‘in munozaralardan so‘ng Senatdagi ikki fraksiya umumiy murosaga keldi.

Lekin muammo hal etilmadi: norozilik to‘lqini bo‘lajak saylovlarda uni yana Oq uyga qaytarishidan umid qilayotgan Donald Tramp «ahmoqlik qilmaslik»ni so‘radi va Kongressning boshqa qismi — Vakillar palatasini nazorat qilayotgan uning tarafdorlari buyruqqa quloq tutishdi.

Zelenskiy avvalroq Donald Trampga Ukrainaga shaxsan kelishni taklif etgan edi. Fox Newsʼga intervyusida u «Agar Tramp kelsa, men u bilan frontning old chizig‘igacha borishga tayyorman», dedi.

«Unga nima degan bo‘lardingiz?» — deb qiziqqan jurnalist.

«Agar u shu yerga kelsa, uning ko‘zlari hamma savoliga javobni olgan bo‘lardi», degan Zelenskiy.

Bret Bayyer Zelenskiydan Ukraina 2024 yilda, ayniqsa, AQShdan ortiq moliyalash olmasa, o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘yganini so‘radi.

«So‘nggi oylarda bunday savollarni tez-tez eshitmoqdaman. Biz omon qolamizmi? Albatta. Lekin hammamiz emas. Agar jahon bunga tayyor bo‘lsa — o‘zlaring guvoh bo‘lasizlar. Lekin bu fojia. Bu fojia faqat Ukraina uchun emas, barchamiz, butun Yevropa uchun bo‘ladi», — degan Zelenskiy.

Agar AQSh shu yil yordamni tiklamasa «B reja» nima bo‘lishiga aniqlik kiritmagan, biroq Rossiya hamon osmonni nazorat qilayotgani, son jihatdan ustun ekanini ta’kidlab o‘tgan.

«Buning muqobilini topish juda qiyin, — degan u boshqa yordam manbalarini nazarda tutib. — Albatta, biz qarab turmaymiz... baribir topamiz. Biz qandaydir parallel yo‘llarni bosib o‘tguncha omon qilishga majbur bo‘lamiz. Nima bo‘lganda ham, tushunyapsizmi, bu yordam nihoyatda kerak. Usiz, kechirasiz-u, bizda borgan sari ko‘proq qahramon yigitlar hospitallardan joy ola boshlaydi. Chunki sizda real mudofaa qalqoni va o‘q-dorilarga ega kuchli artilleriya bo‘lmasa, odamlaringizni yo‘qota boshlaysiz».

Dushman bitta

Ham Zelenskiyning, ham Putinning intervyusini ko‘rgan o‘rtacha statistik amerikalikning nuqtayi nazariga ko‘ra bir narsa aniq: Rossiya sodir bo‘layotgan voqealarga e’tibor qaratmaslikni so‘ramoqda («Qiladigan boshqa ishlaring yo‘qmi?» — deb so‘ragandi Putin). Ukraina esa nafaqat voqealarni diqqat bilan kuzatishni, shuningdek, yordam berishni so‘ramoqda.

«Bu urushga nisbatan ikki xil nuqtayi nazar bo‘lishi mumkin emas, — degan Volodimir Zelenskiy. — Faqat bitta dushman bor va bu — Putin».

Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini almashtirish juda zarur bo‘lganiga ishonchi komil. Foto: Ukraina prezidenti ofisi

«Bizga uzoq masofalardagi nishonlarni ura oladigan qurollar kerak, — degan Zelenskiy. — Biz buni kongressmenlar bilan gaplashganmiz, buni prezident Bayden bilan gaplashganman. 300 km olisdagi masofaga ucha oladigan ATACMS raketalari bizga katta yordam bergan bo‘lardi. Chunki bu urush teng urush emas: bizning artilleriyamiz 20 kilometrni nishonga ololadi, Rossiyaniki esa 40 kilometrni. Hamkorlarimizda shunday tizimlar bor ekan, nega u Ukrainaga berilmasligi kerak?»

Shu paytgacha Jo Bayden ma’muriyati « eskalatsiya kuchayishi»dan cho‘chib, Ukrainaga dushmanning front chizig‘i ortidagi zaxiralariga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ tizimlarini berishni paysalga solib keladi. Uchish masofasi qisqaroq bo‘lgan bir nechta ATACMS raketalari o‘tgan yili kuzda ketma-ket so‘rovlardan so‘ng berildi, biroq ish undan uyog‘iga siljimadi.

Amerika yordami yarim yo‘lda depsinib qolar ekan, Rossiya qo‘shinlari Avdiyivka — ruslar ikki yildan buyon egallashga behuda urinib kelgan Donetsk oblastidagi shaharni egallashdi. Zelenskiyga savol berar ekan, Bret Bayyer buni Rossiyaning so‘nggi 9 oy ichidagi eng katta natijasi deb atadi.

Ko‘plab ekspertlar va mulozimlar, jumladan, Vashingtondagilar ham Rossiya qo‘shinlarining bu muvaffaqiyatini Ukraina armiyasida o‘q-dori taqchilligi vujudga kelgani bilan bog‘lashadi.

Rossiya urushning boshidan buyon Avdiyivka uchun kurashib kelayotgandi. Shahardan bir necha kilometr narida Rossiya nazorati ostidagi Donetsk shahrini Horlivka va Luhansk bilan bog‘lovchi yo‘l o‘tadi. Agar Ukraina armiyasi uni kesib qo‘ysa, butun Rossiya qo‘shinlarining logistikasiga jiddiy zarba bergan bo‘lardi. Rossiya esa Donetsk o‘q yomg‘irlari ostida qolmasligi uchun ukrain qo‘shinlarini chetlashtirishni maqsad qilib, Avdiyivka uchun kurashdi.

Endi esa Avdiyivkani, to‘g‘rirog‘i, undan qolgan vayronalarni Rossiya nazorat qilmoqda.

«Bu o‘rinda nazorat qilish deganda nima anglanishini tushunish kerak. Ular hamma narsani vayron qilishdi. Ularning strategiyasi hamma narsani yer bilan bitta qilib, tekislab, keyin oldinga yurishdan iborat», — dedi Zelenskiy Avdiyivkadagi vaziyat bo‘yicha.

«Bu o‘tgan ikki yil ichida ular Xarkiv oblastini ham okkupatsiya qilishdi, endi u yana bizga qaytdi. Biz Qora dengizni qamaldan xalos etdik, bizda endi g‘alla yo‘lagi bor, Rossiya flotining ko‘plab kemalarini cho‘ktirdik, — dedi Zelenskiy. — Biz bu ishlarni ikki yil ichida amalga oshirdik. Ha, o‘tgan yil biz uchun ko‘p narsalarda murakkab bo‘ldi, lekin… qilingan ishlarga qarab, yaxshi ishlarni amalga oshira oldik, deb o‘ylayman».

«Yaxshi ishlar»ga qaramasdan Zelenskiy baribir Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqardi va uning o‘rniga general-polkovnik Oleksandr Sirskiyni tayinladi.

Fox News jurnalisti buning sababini so‘ragan.

Zelenskiy Zalujniyning ishlari uchun tashakkur bildirib, bu o‘zgarishlar zaruriyat ekanini ta’kidlagan.

«Biz yanada tezkorroq bo‘lishimiz kerak, — degan Zelenskiy. — Bu esa bizda mavjud byurokratiyadan xalos bo‘lishni taqozo etadi. Aks holda bizda hech qanday imkoniyat qolmaydi. Texnologik jihatdan aqlliroq bo‘lish kerak va albatta tezroq ham».

Bu muzokara emas

«Tanqidchilar fikricha, siz hokimiyatda qolish vajidan urush tezroq yakunlanishi uchun muzokaralar stoliga o‘tirishga shoshilmayapsiz», — degan Bret Bayyer.

Volodimir Zelenskiy uh tortgan.

Muzokaralar mavzusi yo‘q joydan paydo bo‘lgani yo‘q. Vladimir Putin yaqinda bergan intervyusida Rossiya «hech qachon muzokaralarni rad etmagani», ularni o‘tkazishga Zelenskiyning Putin bilan muzokaralar olib borishni taqiqlovchi farmoni xalaqit berayotganini ta’kidlagan.

Zelenskiy siyosat haqida gapirishni ko‘p ham istamasligi, urushda sodir bo‘layotgan voqealar muhimroq ekanini aytdi. Foto: FOX NEWS

Ukraina agar urush bo‘lmaganida prezidentlik saylovlari arafasida turgan bo‘lishi ham olovga yog‘ sepadi. Zelenskiy prezident etib saylanishidan ancha avval qabul qilingan qonunga ko‘ra, urush vaqtida saylovlar o‘tkazilishi mumkin emas. Bayyer Zelenskiyga G‘arbni bu tashvishga solayotganini ham aytgan.

G‘arb davlatlari uchun saylov — demokratiyaning ajralmas unsuri. Ayrimlarning fikricha, o‘zining demokratik dunyo bilan umumiyligini ta’kidlab kelayotgan Ukraina esa bu saylovlarni o‘tkazishga imkoniyat topishi kerak.

«Men chindan ham siyosat haqida gapirishni istamayman, chunki urushda sodir bo‘layotgan voqealar muhimroq», — degan Zelenskiy. U yana bir bor urush vaqtida ovoz berishni taqiqlovchi qonunga ishora qilgan.

Agar saylovlar o‘tkazilgan taqdirda ham Ukraina amaldagi prezidentining tashvishlanishiga hojat yo‘q: hozir uni ma’qullovchilar reytingi 70 foizga teng.

«Agar hozir saylov o‘tkazilsa, men g‘alaba qozonar edim», — degan Zelenskiy o‘z reytingiga ishora qilib. Shundan so‘ng yana muzokaralar haqidagi savolga qaytgan.

«Bizning odamlarimizni yanchayotgan tanklar bilan muzokaralar muzokara emas, — degan Zelenskiy. — Makron va Shols urushgacha Putin bilan gaplashib ko‘rishdi. Putin o‘shanda hech qanaqa bostirib kirish bo‘lmasligiga ularni ishontirgan. Binobarin, u nimaiki demasin, unga ishonish kerak emas».

«Urush qachon tugashini ukrainlardan so‘rashingiz u qadar adolatdan emas, — deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy. — Biz urush tugashi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Keling, ochiqcha gaplashaylik: dunyo Putinning mag‘lub bo‘lishiga u qadar tayyor emas. Dunyo Rossiyadagi o‘zgarishlardan qo‘rqadi. Dunyo Putin barcha qizil chiziqlarni bosib o‘tgani, u butun dunyoga tahdid soluvchi noadekvat odam ekani, uning bosh rejasi — NATOni parchalash ekanini anglaganida urush ham tugaydi».

Ko‘proq yangiliklar: