Gazli gaz saqlash omborining sig‘imi uch barobarga oshiriladi

O‘zbekiston 14:52 / 22.02.2024 5719

O‘zbekistondagi eng yirik yerosti gaz saqlash ombori – Gazli inshootining hajmi 2025 yilga qadar 10 mlrd kubga yetkaziladi. Bu – hukumatning “2024 yil I choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida quyidagilar rejalashtirilgan:

  • gazni yerosti gaz inshootida saqlash — 10 mlrd kub metrgacha,
  • tabiiy gaz qazib olish — 1,1 mlrd kub metrgacha,
  • neft qazib olish — 114 ming tonnagacha oshiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati – 557,4 mln dollar. Xorijiy hamkor va kreditor – “Daxon Noldings Limited”.

Gazli gaz saqlash inshooti haqida

2017 yilda Gazli omborining gaz ishlab chiqarish quvvati 3 mlrd kub metrga teng bo‘lgan. Hukumat o‘sha vaqtda xorijiy hamkorlari bilan birgalikda ombor quvvatini 10 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Prezidentning 2018 yil 3 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, “O‘ztransgaz” AJ va “Forus” AJ (Rossiya Federatsiyasi) hamkorlikda “Gazli Gas Storage” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona ta’sis etilgan.

MChJning 60 foiziga “Forus”, 40 foiziga “O‘ztransgaz” egalik qiladi.

“Gazli Gas Storage” MChJ QKning asosiy vazifasi Gazli konining gaz gorizontlari va neft qatlamlarini qo‘shimcha qidirish va qo‘shimcha ishlab chiqish bilan kompleks ravishda kon majmuasidagi yerosti gaz ombori gaz saqlash hajmlarini oshirish hisoblangan.

2022 yil oxirida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uzʼga bergan intervyusida O‘zbekistonda mavjud 2 ta gaz gaz saqlash ombori (Andijonning Xo‘jaobod tumanida va Gazlida)dan kuniga 20 mln kub metr atrofida yozda haydalgan gaz ajratib olinayotganini ma’lum qilgandi.

Vazir Gazlidagi gaz konidan 60 yil davomida foydalanib kelinganini ta’kidlarkan, murakkab geologik tuzilmali qatlamlarni inobatga olgan holda Rossiyaning “Forus” kompaniyasi bilan birga qo‘shma korxona tuzilganini aytgandi. “Hozirda bu korxona burg‘ilash ishlarini olib bormoqda va oldin olib bo‘lmagan qatlamlardan gaz ajratib olmoqda”, – degandi vazir.

Gaz ombori Rossiya gazi hisobiga to‘ldiriladimi?

O‘zbekistonda gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari bir necha yildan buyon pasayib boryapti. Shundan kelib chiqib, iqtisodchi Otabek Bakirov “kengaytirilayotgan ombor qaysi gaz bilan to‘ldiriladi?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Bu gaz ombori qanday qilib, qaysi gazga to‘ldiriladi? Ma’lumot uchun, hali 51 mlrd kub gaz qazib olingan 2022 yilda ombor 2 mlrd kubga to‘ldirilgan, 2023 yilda 3 mlrd kubga”, – deya yozdi u.

Bakirov Rossiyadan import qilinadigan tabiiy gazni kuniga 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilayotganini eslatgan. “2024 yil I choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, Rossiyadan gaz importi hajmini hozirgi kunlik 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish, buning uchun infratuzilmani modernizatsiya qilish xarajatlariga 500 mln dollar ajratish ko‘zda tutilgan.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, Gazli omborini kengaytirish loyihasini amalga oshirish ishlariga jalb qilingan yangi xorijiy hamkor – “Daxon Noldings Limited” portfelida gaz ombori qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirgani haqida ochiq ma’lumotlar uchramaydi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Daxon Noldings Limited” 2019 yil 23 iyulda Honkongda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ko‘proq yangiliklar: