Turkiston innovatsiyalar universiteti va Namangan xalqaro universiteti sud ularning ishini 15-20 daqiqada ko‘rib, litsenziyasini bekor qilib tashlaganini aytyapti. Oliy ta’lim vazirligi esa “sukunat rejimi”ga o‘tib olgan. “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi raisi Rasul Kusherbayev xususiy OTMlarga sun’iy to‘siq qo‘yilayotgani, agar shunday davom etaversa, o‘zbek talabalari va investorlarning xorijga “oqib ketishi” keskin ko‘payishini aytdi.
Oliy ta’lim vazirligi nodavlat oliygohlar bilan sudlashib yurgani yoki ayrim xususiy OTMlarning yopilib ketayotgani mashmashalari oxirgi 1 yilda ko‘paydi. Buning orqasidan minglab talaba va xodimlar sarson bo‘lyapti.
Kun.uz Buxorodagi Turkiston innovatsiyalar universiteti va Namangan xalqaro universitetida o‘tkazilgan tekshiruv va sudning ularga qo‘ygan ayblovlari yuzasidan surishtiruv olib bordi.
Tekshiruv qaysi asosga ko‘ra olib borilgan?
2023 yil may oyida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri O‘zbekistondagi ayrim nodavlat OTMlarda litsenziya talablari bajarilganini o‘rganish to‘g‘risida buyruq chiqargan. Shu asosga ko‘ra, Turkiston yangi innovatsiyalar universiteti, Namangan xalqaro universiteti, Renessans universiteti va Toshkent texnologiyalar universiteti kabi bir nechta oliygohda tekshiruv o‘tkaziladi. Natijada yuqorida nomi sanalganlarning barchasida turli kamchiliklar aniqlanadi.
Shu o‘rinda muhim jihat: vazirlik tekshiruv o‘tkazish uchun Adliya vazirligining 2023 yil 24 fevraldagi xatini asos qilib keltirgan. Bu xatda Adliya vazirligi OTFIVga lisence.gov saytidagi 3ta (132045, 140090, 149994 sonli) arizani bekor qilish Adliya vazirligi emas, sud qarori bilan bo‘lishini tushuntirgan. Lekin ular ichida TYIU va NamXU yo‘q. Shunga qaramay bu ikki universitet ustidan ham sudga ariza berilgan.
Aytib o‘tish kerak, nodavlat OTMlarga 2023 yil yanvarigacha Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi litsenziya bergan. Lekin 2022 yil dekabr oyidagi ma’muriy o‘zgarishlar sabab bu inspeksiya tugatilib, nodavlat oliygohlarni litsenziyalash OTFIVga berilgandi.
TYIUning sudga berilishi
Boshqa nodavlat oliygohlar kabi Turkiston yangi innovatsiyalar universitetida ham 2023 yil may oyida o‘rganish o‘tkaziladi va 4ta kamchilik aniqlanadi:
1. Elektron kutubxona maydoni me’yordan 15 metr kvadrat kam.
2. Adabiyotlar yetishmaydi.
3. Asosiy shtatdagi o‘qituvchilar me’yordan 58 foiz kam.
4. Asosiy shtatda ishlaydigan fan doktori ilmiy unvoniga ega 1 nafar o‘qituvchi yetishmaydi va 1 nafar o‘qituvchi biriktirilgan fanlari bo‘yicha tayanch oliy ma’lumotga muvofiq emas.
“Sud ishimizni 20 minutda ko‘rib chiqdi”
Yuqoridagi kamchiliklar sabab vazirlik universitetni sudga beradi. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi 2023 yil 24 iyulda vazirlik arizasini qanoatlantirishni rad etadi.
Shundan keyin vazirlik 2023 yil 13 oktyabrda yana bu oliygohni sudga beradi. 26 oktyabrda Buxoro viloyat iqtisodiy sudi litsenziyani bekor qilish bo‘yicha vazirlik arizasini qanoatlantiradi. Lekin universitet rektori Zarafshon Jalilov bu o‘rinda qonun buzilishi bo‘lganini aytmoqda.
“Sud qarori ustidan appelyatsiya berish muddati 10 kun. Lekin uzrli sabab deb topilsa, 1 oy; agar butun iltimosnoma uzrli sabab deb topilsa, 2 oydan kechiktirmasdan apellyatsiyaga berish kerakligi ko‘rsatilgan (Iqtisodiy protsessual kodeksining 262-moddasi). Lekin vazirlik Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi ustidan 2 oy va 17 kundan keyin bizning universitetni yana sudga berdi va sud ham vazirlikning apellyatsiya arizasini qabul qildi. Eng qiziq joyi, sud ishimizni 20 minutda ko‘rib chiqib, dalillarimizni ko‘rsatishga imkon bermay, litsenziyani bekor qilishga qaror chiqarib yubordi”, – deydi Jalilov.
Oliy sud nima deyapti?
TYIU ishi 14 dekabrda Oliy sudda ko‘rib chiqilib, universitetning da’vosi rad etiladi. Bunda Oliy sud OTM tomonidan litsenziyalash talablari qo‘pol ravishda buzilgan deb topgan.
“Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasiga ko‘ra, quyidagi holatlar litsenziyani bekor qilishga asos bo‘lishi mumkin:
— litsenziya talablari bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo‘lsa.
Universitet rektoriga ko‘ra, vazirlik sudda yuqoridagi qonunga o‘xshash holat TYIUda bo‘lganini isbotlab berolmagan. Oliy sud qarorida “arizachi tomonidan aniqlangan va dalolatnomada qayd etilgan kamchiliklar litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi. Lekin yuqorida sanalgan kamchiliklar tegishli talablarning qo‘pol ravishda buzilishi ekani – bahsli masala.
Shundan keyin TYIU Oliy sud qarori ustidan Bosh prokuratura shikoyat arizasi kiritadi. Bosh prokuratura 2024 yil 17 yanvarda universitetda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganini tasdiqlaydi.
“Hozir ishimiz Oliy sudning taftish instansiyasida turibdi. Shu yerda ishimiz adolatli hal qilinadi, barcha tomonlar tinglanib, fakt va dalillarga e’tibor qaratiladi degan umiddamiz. Sud natijasi 1200 ga yaqin talaba va 70 dan ortiq o‘qituvchi, minglab oilalarning taqdiriga ta’sir qiladi”, – dedi TYIU rektori Zarafshon Jalilov.
NamXUda nima gap?
Yuqoridagiga o‘xshash holat Namangan xalqaro universitetiga ham begona emas. 2023 yil 10 fevralda litsenziya olgan bu oliygohda ham 2023 yilning may oyida tekshiruv o‘tkazilib, quyidagi kamchiliklar aniqlangan va shundan keyin vazirlik NamXUning litsenziyasini bekor qilish uchun sudga ariza bergan:
1. Universitet tomonidan ta’lim tashkiloti, ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “HEMIS” tizimiga kiritilmagan.
2. Rektor maslahatchisi shtati joriy etilmagan.
3. Talabalarning o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagan.
4. Adabiyotlar yetishmaydi.
5. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat me’yor bo‘lib, bu universitetda 17 foizni tashkil qilgan.
6. Oliygoh hududi panjara bilan o‘ralmagan, ichimlik suv va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagan.
7. 858 nafar talaba uchun ta’lim tashkilotining hududi yetishmaydi.
8. Talabalar turar joyi yetishmaydi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudi 2023 yil 23 avgustda vazirlik arizasini qanoatlantirgan.
Universitet qarordan norozi bo‘lib, Namangan viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va taftish instansiyasiga murojaat qilgan. Bu sudlarda dastlabki sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
“Keyin biz Oliy sudga murojaat qildik. Hozir ishimiz Oliy sudni kutib turibdi”, – deydi universitet advokati Mirzabek Ochilov.
Kun.uz NamXU advokatlari bilan suhbatlashganda ular ham TYIU rektorining gapini takrorlashdi.
“Biz sudlarda aynan bizdagi qaysi holat litsenziya talabalarini qo‘pol buzish ekanini isbotlash berishlarini so‘radik. Lekin buni isbotlab berisholmadi. Yaqinda Samarqand davlat universitetida faollar zalida tom qulab, ikki talaba hayotiga zarar yetgandi. Uning natijasi nima bo‘ldi bilmaymiz, lekin bizda shunga yaqin birovning hayotiga xavf soladigan voqea bo‘lmadi-ku. Aslida qonunda shunaqa holatni litsenziya qoidalarini qo‘pol buzish desa bo‘ladi”, – dedi universitet advokatlaridan biri Xayrulla Qosimov.
Bundan tashqari, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. NamDU 2023 yil maydagi tekshiruv noqonuniy o‘tgani bo‘yicha ham sudga ariza bergan. Arizani dastlab Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi, keyin Toshkent shahar ma’muriy sudi appelyatsiya instansiyasi va Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasi ham ko‘rib chiqib, arizani qanoatlantirishni rad etgan. Advokatlarning aytishicha, sudlar vazirlikning tekshiruv olib borish bo‘yicha buyrug‘iga yuqori turuvchi tashkilot hujjati asos bo‘lganini aytishgan.
“Sudlarda XDFU hujjat borligi va uni bizga ko‘rsata olmasliklarini aytishdi. Lekin prokurorga ko‘rsatishdi. Keyin biz talab qilavergach, bizga ham ko‘rsatishdi. Lekin, bilasizmi, u hujjatda universitetlar ustidan tekshiruv o‘tkazilsin deyilmagan, o‘rganish o‘tkazilsin deyilgan. Bu ikkalasi ikki xil tushuncha”, – deydi advokat Qosimov.
“Nodavlat OTMning himoyachisi yo‘q”
Yuqoridagi voqealarni kuzatarkan, “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi raisi, sobiq deputat Rasul Kusherbayev nodavlat OTMlar ishlashiga sun’iy to‘siq qo‘yilayotgani, agar shunday davom etaversa, o‘zbek talabalari va investorlarining xorijga “oqib ketishi” keskin ko‘payishidan xavotirda ekanini bildirdi.
Shuningdek, u OTFIV davlat OTMlari haq-huquqini himoya qilib, xususiylarga nazorat ko‘zi bilan qarayotgani, xususiylarni himoya qiladigan tashkilot yo‘qligi haqida gapirdi.
“Vakolatli organ nodavlat OTMga litsenziya beryapti. Va davlat oliy ta’lim tashkilotlari haq-huquqini himoya qilish bilan ham shug‘ullanyapti. Mana shu jarayonlarda vazirlik xususiy ta’lim tashkilotlariga begona ko‘z bilan qarash tendensiyasi kuzatilyapti. Ya’ni xususiy ta’lim tashkilotlari davlat OTM bilan raqobat qila olib, kerak bo‘lsa, yaxshi narx taklif qilib, u yerdagi eng yaxshi kadrlarni o‘ziga chaqirib olyapti. Nodavlat OTMdagi sharoit, dars sifatidan ko‘plab odamlar rozi ham bo‘lyapti", – deydi Kusherbayev.
U nodavlat OTMlarda kamchiliklar aniqlangan tekshiruvlarni “tirnoq ostidan kir qidirish” deya ta’rifladi.
Uyushma raisi, shu o‘rinda nega aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun nodavlat OTMlarga vaqt va imkoniyat berilmagan, nega litsenziyasini darrov olib qo‘yish kerak bo‘lyapti, u yerdagi tadbirkor, talaba, xodim oilasini kim o‘ylaydi, degan savollarini ham o‘rtaga tashladi.
“Bu holat xuddi, kimdir tepadan turib, xususiy oliygohlar sonini kamaytirishga buyruq bergan-u, vazirlik shuni bajarishga kirishgandek taassurot uyg‘otadi. Chunki eshityapmiz, hali NamXU ishi Oliy sudda ko‘rib chiqilmagan bo‘lsa ham, vazirlik u yerda o‘qiydigan talabalarni qayerga ko‘chirish, ularning taqsimoti bilan shug‘ullanishni boshlab yuborgan. Vazirlik qayerdan biladi, balki u universitetlar Oliy sudda yutib chiqar. Axir hali kurash tugagani yo‘q-ku”, – dedi “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi raisi.
Bu o‘rinda qator savollar ochiq qolmoqda. Xususan, tekshiruvlarga asos bo‘lgan hujjat nega yashirilyapti? Davlat o‘zi bergan litsenziyani nega bunchalik tez qaytarib olyapti, kamchiliklar nega litsenziyani berish paytida aniqlanmagan?
Kun.uz bu kabi savollarga javob olish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan bog‘landi. Lekin vazirlik rasmiylari intervyu berolmasligini, agar intevyu berishsa, bu oliygohlarni obro‘sizlantirishga xizmat qilishini ma’lum qildi.
Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz