Agar xonadoningizdagi quvurlarda suv muzlab qolgan bo‘lsa, uni eritish uchun mutaxassislar xizmatidan foydalanish yoki uy sharoitida o‘zingiz bartaraf etishingiz mumkin. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» ma’lumot berdi.
Qayd qilinishicha, suv quvurlarining muzlashiga quyidagi sabablar ta’sir o‘tkazishi mumkin:
- agar quvur belgilangan chuqurlikda (hududlarga qarab 70 smdan 1 metrgacha) ko‘milmagan bo‘lsa;
- quvurlar issiqlik izolyatsiyasi qilinmagan bo‘lsa yoki issiqlik izolyatsiyasining zichligi buzilsa.
Ta’kidlanishicha, sovuq havo quvurlarning metall va plastmassa elementlariga, bo‘g‘imlariga, shuningdek, quvurlarning yuza qismiga ta’sir o‘tkazadi.
Bunday tabiiy hodisa ko‘lamini oddiy ko‘z bilan ko‘rish yoki maxsus jihozlarsiz aniqlash mumkin: quvurni ohista taqillating – muz bor joyda tovush jaranglab chiqmaydi.
Ko‘pincha suv quvurlari bir-biriga ulangan joylarda muzlaydi. Shuning uchun avvalo shunday joylarni aniqlab oling va muz mavjudligini tekshiring.
Quvur yuzasi ochiq joylarda kuchli yelvizak bor-yo‘qligini tekshiring. Sovuq shamol bir necha soat ichida sust oqimni muzlatib qo‘yishi mumkin.
Muzlagan quvurlarni uy sharoitida eritish mumkin. Buning uchun iliq suvdan foydalaning. Ushbu usul suvning turg‘unlik zonasi aniq belgilangan va u kichik bo‘lgan hollarda tanlanadi. Quvurning ochiq muzlagan joyini latta yoki biror mato bilan o‘rab, ustiga iliq issiq suv quying va suv haroratini sekin-asta oshirib boring. Jo‘mrakni oching – bu muzning erishini tezlashtiradi. Namlangan lattalar esa issiqlikni bir muddat ushlab turadi, plastmassa yoki metall quvurlar ichidagi muzni eritishga imkon beradi.
Fendan foydalaning. Iliq havo oqimini yaratadigan har qanday qurilmadan foydalanish mumkin. Ushbu usul quvurlarda muzlagan kichik maydonlarni isitish uchun xizmat qiladi. Ammo ushbu usul plastik qoplama haddan tashqari qizib ketishi va erishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois fendan foydalanganda xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qiling.
Agar chanoq (rakovina) yoki unitaz yaqinidagi quvur muzlagan bo‘lsa, unga qaynoq tuz qorishmasini (10 litr suv uchun 1 kg tuz) quying.
Ta’kidlanishicha, ushbu usullar quvurlarda suv muzlab qolishining yengil darajasiga mo‘ljallangan.
Og‘ir holatlarda faqat mutaxassis xizmatidan foydalanish, buning uchun «O‘zsuvta’minot»ning hududiy korxonalari dispetcherlik xizmatiga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.