«Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida» prezident qarori imzolandi.
Unga ko‘ra, Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuziladi. U yubiley sanani yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlaydi.
Chora-tadbirlar dasturida:
- Maxtumquli Firog‘iyning «Tanlangan asarlari» hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish;
- davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan badiiy film yaratish;
- shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish;
- yosh xonandalar o‘rtasida «Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi» respublika tanlovini o‘tkazish;
- Badiiy akademiyaning markaziy ko‘rgazmalar zalida o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik aloqalarini tarannum etuvchi tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish;
- Xiva shahrida Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda «Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
- mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;
- 2024 yil oktabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firog‘iy xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilgan.
Turkman xalqining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir. U 1724 yilda tug‘ilgan. Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida ta’lim olgan.
Maxtumquli turkman she’riy tilini sezilarli darajada o‘zgartirib, uni xalq nutqiga yaqinlashtirgan. Shuningdek, u turkman adabiyoti uchun an’anaviy bo‘lgan arab-fors o‘lchovidan voz kechib, uning o‘rniga bo‘g‘inlar tizimini joriy qilgan.
1807 yilda vafot etgan va Eronda dafn etilgan.