Fransuzlarning 60 foizdan ortiq respublika prezidenti Emmanuel Makronning iste’fosini so‘ramoqda. Bu haqda Odoxa-Backbone sotsiologik xizmati tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib, Le Figaro gazetasi xabar berdi.
Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etganlarning 61 foizi amaldagi davlat rahbarining iste’fosi tarafdori. Nashrning qayd etishicha, ushbu ko‘rsatkich 2024 yil sentabrdan beri 7 foizga oshgan. Respondentlarning 38 foizi Makronning iste’fosiga qarshi ekanini bildirgan bo‘lsa, 1 foiz ishtirokchi javob berishga qiynalgan.
Bundan tashqari, so‘rovda qatnashganlarning 62 foizi Makronning prezidentligini «avtoritar» deya ta’riflagan. Fransuzlarning aksariyati Fransua Bayru yil oxiriga qadar bosh vazir lavozimida qolmaydi deya hisoblamoqda — respondentlarning 86 foizi Fransiya prezidenti 2025 yilda yangi bosh vazirni tayinlashiga ishonyapti.
Ta’kidlanishicha, so‘rov 2-3 yanvar kunlari o‘tkazilgan va unda 1005 kishi ishtirok etgan.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yozda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish borasidagi qarori tufayli yuzaga kelgan siyosiy ziddiyat bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qilgandi. O‘z navbatida prezidentning raqibi, «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen Yangi yil murojaatida «to‘liq obro‘sizlangan davlat rahbarining kechikkan afsuslari yoki rasmiy iltimoslari hech narsani o‘zgartirmasligini» ta’kidlagan.