Asli qashqadaryolik bo‘lgan, Rossiyaning Moskva viloyatida ishlab yurgan ayol giyohvand modda savdosida gumonlanib, ushlangan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi. Manbaga ko‘ra, u 4 oy oldin Qozon shahrida qo‘lga olingan. Holatning aniq tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Ayol ikki qizi bilan yashagan. U ushlangach, qizlari qarovsiz qolgan. Ayolning tanishlari O‘zbekistonga qo‘ng‘iroq qilib, qizaloqlarning bobosi va tog‘asi bilan gaplashishgan. Ular bolalarni O‘zbekistonga jo‘natib yubormoqchi bo‘lishgan. Ammo negadir ularni na bobosi, na boshqa yaqinlari qabul qilishni istamagan.
Kun.uz holat yuzasidan ma’lumotlarni bolalar ombudsmaniga berdi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova vaziyat o‘rganilib, bolalarni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilishini bildirdi.
Ismi Iroda bo‘lgan ushbu ayol haqida Kun.uz 4 yil oldin lavha tayyorlagandi. O‘shanda u Moskva viloyatida avtoslesarlik qilardi.
Oldinroq migratsiya masalalari bo‘yicha yurist Botirjon Shermuhammad Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda Rossiyada ko‘plar tuhmat va huquqiy bilimi yetmaganidan qamalib qolayotgani, agar O‘zbekistonga qaytarilsa, ularning ishi qayta ko‘rilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.
Shuningdek, u o‘zbekistonliklarni pul uchun narkokurerlikka yollanish va uning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirgandi.
“Bugun kurerlarning har bitta xizmati 300-700 rubl oralig‘ida ekan — bu katta pul emas. Bir kunda 20-30 ta joyga yetkazib berganda ham, kuniga 100 dollar pul topishi mumkin. Ammo bularning bari katta xavf, tavakkal hisobiga bo‘ladi-ku.Kurerlarning faoliyati 2-3 oydan ko‘pga bormaydi. Chunki ular o‘rtacha shuncha vaqtda qo‘lga tushadi hamda uzoq yilga qamaladi”, degandi Botirjon Shermuhammad.