Netanyahu: Isroil Rafahda quruqlikdagi operatsiyadan voz kechmaydi

Jahon 09:12 / 19.02.2024 6458

Isroil HAMAS harakati kuchlarini yo‘q qilish maqsadida G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujumidan voz kechmaydi. «Kim Rafahdagi operatsiyamizni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, oxir-oqibat bizga: «Urushni yutqazinglar» demoqda», - dedi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu 17 fevral kuni. Hujum «tinch aholiga jangovar hududlardan xavfsiz joylarga ko‘chishga imkon berganimizdan keyin boshlanadi», — dedi Isroil vazirlar mahkamasi rahbari.

Bundan tashqari, Netanyahu jangchilar bilan Misr va Qatar vositachiligida uyushtirilgan muzokaralarda muvaffaqiyat qozonmaganiga ishora qildi. Isroil tomoni «HAMASning aldamchi talablaridan boshqa hech narsa olmadi», dedi hukumat rahbari. Ular orasiga janglarni tugatish, harakatni hozirgi ko‘rinishida saqlab qolish va Isroil qamoqxonalaridagi minglab mahbuslarni ozod qilish kiradi, deya tushuntiradi Reuters.

Oxirgi oylarda Rafahda 1,3 millionga yaqin ichki falastinlik qochqin boshpana topgan. Norvegiya qochqinlar kengashi rahbari Yan Egelandning so‘zlariga ko‘ra, bu hududga kelganlar oziq-ovqat va ichimlik suvi yetishmasligi bilan to‘qnashmoqda. Yevropa va jahonning bir qator siyosiy arboblari Isroilning rejalaridan kelib chiqib, Rafah tinch aholisi taqdiridan xavotir bildirdi. 

Isroil prezidenti - ikki xalq uchun ikkita davlat yaratish to‘g‘risida 

Ayni paytda Isroil prezidenti Itsxak Gersog Yaqin Sharqda kelishuvga erishish istiqboliga izoh berdi. Isroil-Falastin mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish mintaqadagi boshqa davlatlar bilan tuzilgan keng qamrovli kelishuv doirasidagina mumkin, dedi Gersog Myunxen xavfsizlik konferensiyasida. «Isroil xavfsizligi masalasiga samarali yechim topmagunimizcha, bu sodir bo‘lmaydi», - deya Isroil prezidenti Falastin davlatini yaratish imkoniyati haqidagi savolga shunday javob berdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: