Quyoshdagi qo‘rqinchli chaqnash, Dubayda uchar taksi va iPhone 16’ning beshta modeli – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 17:53 / 18.02.2024 58985

Matnga qarab rostakam video yasab beradigan Sora

ChatGPT va Dall-e kabi neyrotarmoqlarni yaratgan OpenAIʼning yangi sun’iy intellekti bilan endi bemalol kino ham ishlasa bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, Sora deb nomlangan neyrotarmoq modeli oddiy matnni yuqori sifatli roliklarga aylantirib bera oladi. Hozircha u bilan bir daqiqagacha bo‘lgan video generatsiya qilish mumkin.

Sora obektlarning fizik xossalari va bir-biriga o‘zaro bog‘liqligini hisobga oladi, shu sababli tabiiy animatsiyali rostakam videolar yarata oladi. Bundan tashqari, mavjud videodagi bo‘sh kadrlarni to‘ldirib, uning davomiyligini ham uzaytirib beradi.

Ayni paytda neyrotarmoq sinov bosqichida va hozircha omma e’tiboriga havola etilmagan. Biroq uni allaqachon rassomlar, dizaynerlar va rejissyorlar sinovdan o‘tkazmoqda. 

Dubayda uchar taksi xizmati

Amerikaning ixcham samolyotlar ishlab chiqaruvchi Joby Aviation kompaniyasi Dubayda havo taksisini ishga tushirish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ushbu xizmat 2026 yilgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Joby Aviation

Qayd etilishicha, birinchi bosqichda 4 ta vertiport ochiladi: shahar aeroporti, Palm-Jumeyra, Dubay Marina va shahar markazida. Uchar taksi xizmati ishga tushirilgach, Palm-Jumeyradan aeroportgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 45 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqarishi mumkin.

iPhone 16 beshta versiyada chiqishi mumkin

Majin Bu taxallusi ostida yashiringan taniqli Apple insayderi yangi avlod iPhone smartfonlari haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bir vaqtning o‘zida iPhone 16 liniyasining beshta modelini tayyorlamoqda. 

Gap quyidagi modellar haqida:

  • iPhone 16 – 6,3 dyuymli 120 Gs chastotali ekran, ikkita kamera;
  • iPhone 16 Pro – 6,3 dyuymli 120 Gs chastotali ekran, uchta kamera;
  • iPhone 16 Pro Max – 6,9 dyuymli 120 Gs ekran, uchta kamera, rekord darajadagi batareya.

iPhone 16 SE va 16 Plus SE – 6,1 va 6,7 dyuymli 60 Gs ekran, bitta kamera, kichikroq batareya, arzonroq narx. 

Qayd etilishicha, bu yil asosiy Plus bo‘lmaydi va uning o‘rnini SE prefiksi bilan ikkita yangi model egallaydi. Ular o‘rta budjet segmentida sotilishi kutilmoqda. 

Yangi Apple smartfonlarining chiqarilishiga hali ko‘p oylar bor, biroq tarmoqda iPhone 16 haqida yetarlicha mish-mishlar to‘planib qolgan. Eng ko‘zga ko‘ringan yangilanishlardan biri bu Pro modellari displeyining kattalashuvi va kamerani boshqaruvchi yangi tugmaning paydo bo‘lishi.

O‘zini o‘zi yo‘q qiluvchi fleshka

Overdrive nomli yangi USB fleshka o‘z-o‘zini yo‘q qilish xususiyatiga ega. Uning hajmi 8 GBni tashkil etadi. Avtomatik shifrlash xususiyati yo‘q, chunki bu ba’zi mamlakatlarda taqiqlangan. Agar siz shunchaki flesh-diskni shaxsiy kompyuteringizga joylashtirsangiz, u bo‘sh ko‘rinadi. Ma’lumotlarga kirish uchun drayverni ketma-ket uch marta tezda ulash va uzish kerak. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, yangi qurilma jurnalistlar va xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Overdrive o‘z-o‘zini yo‘q qilish opsiyasiga ega, u ishga tushirilganda flesh xotira chipini 100°S'dan yuqori haroratgacha qizdiradi. Hozirda fleshka uchun 69 dollarga buyurtma berish mumkin. Ishlab chiqaruvchilar uni avgust oyida yetkazib berishga va’da bermoqda.

Quyoshdagi qo‘rqinchli chaqnash

9 fevral kuni Quyoshda kuchli chaqnash kuzatildi – NASA Quyosh dinamikasi observatoriyasi xodimlari bu lahzani suratga olishga muvaffaq bo‘lishgan

Fotosuratda ultrabinafsha nurlanish qayd etilgan, u pastki o‘ng qismida aniq ko‘rinadi. 

Quyosh chaqnashi bu – Quyosh yuzasidagi portlash bo‘lib, qisqa vaqt ichida juda katta miqdorda energiya chiqaradi. 

Chaqnash kuchi X3.3 sifatida tasniflangan. X – chaqnash sinfini (eng kuchli portlashlarni) bildiradi, raqamlar esa sinf ichidagi kuchni bildiradi (maksimal 10, lekin bunday chaqnash juda kam uchraydi). 

NASA ta’kidlashicha, X sinfidagi chaqnashlar radioaloqa, elektr tarmoqlari va navigatsiya signallariga ta’sir qilishi va kosmik kemalar, astronavtlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin. 

Buklanadigan iPhone ishlab chiqarish kechiktirildi

Apple sinovdagi qurilma muvaffaqiyatsizlikka uchragach, buklanadigan iPhone ishlab chiqish loyihasini kechiktirdi.

Manbaga ko‘ra, sinovdagi qurilma ekrani bir necha kunlik sinovlardan so‘ng muvaffaqiyatsizlikka uchragan va bu Apple kompaniyasini loyihani o‘z standartlariga mos keladigan displey ishlab chiqilgunga qadar kechiktirishga majbur qilgan.

Mish-mishlarga ko‘ra, Apple 2016 yildan beri egiluvchan displeyli iPhone ishlab chiqarishga urinmoqda. Shu vaqt ichida kompaniya Samsung va LG ekranlarini sinovdan o‘tkazdi. 

Ko‘proq yangiliklar: